Hisob palatasi zimmasiga qonunlar ijrosi ustidan nazorat qilish vazifasi yuklanmoqda
Senatning qirq ikkinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining faoliyati yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda davlat moliyaviy resurslarining samarali boshqarilishi, byudjet mablag‘laridan maqsadli va oqilona foydalanilishi ustidan davlat moliyaviy nazorati tizimini takomillashtirish, shuningdek qonunchilik hujjatlarining ijrosi samarali tashkil etilishini taʼminlash yuzasidan tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Shu bilan birga, bugungi kunda Hisob palatasi faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish, amalga oshiriladigan nazorat tadbirlarining maqsadlari va tartibini belgilash, shuningdek davlat xaridlari sohasidagi qonunlar ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishda Hisob palatasining vazifalarini aniqlashtirish zarurati dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shu munosabat bilan, ushbu Qonunda Hisob palatasiga oz miqdorda talon-toroj qilinganligi va davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligining Davlat moliyaviy nazorati organlariga esa oz miqdorda talon-toroj qilinganligi uchun maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida bayonnoma tuzish vakolatlarini berish nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, Hisob palatasining o‘z ish rejalari, moliyaviy huquqbuzarliklar va ularni bartaraf etish natijalari to‘g‘risidagi maʼlumotlarni o‘zining veb-saytiga joylashtirishga hamda jamoatchilikni o‘z faoliyati haqida har chorakda xabardor qilib borishga doir majburiyatlarini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, Hisob palatasi tomonidan amalga oshiriladigan nazoratning shakllari va turlari kengaytirilib, taftish, tekshirish va o‘rganishga oid nazorat tadbirlarining farqli tomonlari ochib berilgan va ularni amalga oshirish mexanizmlari huquqiy jihatdan mustahkamlangan.
O‘z navbatida, Senat aʼzolari tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar Hisob palatasining faoliyatini to‘g‘ri tashkil etish, byudjet mablag‘lari ustidan tizimli nazorat o‘rnatish samaradorligini yana-da oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.