Jamoatchilik eshituvida aholini subsidiya asosida arzon uy-joy bilan taʼminlash masalalari muhokama qilindi
Joriy yilning 27-noyabr kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan “Yuksalish” umummilliy harakati bilan hamkorlikda “Aholini subsidiya asosida arzon uy-joy bilan taʼminlash” mavzusida jamoatchilik eshituvi tashkil etildi.
Tadbirda Senat aʼzolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi, Toshkent shahar hamda viloyatlar xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining korrupsiyaga qarshi kurashish va xavfsizlik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari raislari, mutasaddi vazirlik va idoralar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Mazkur jamoatchilik eshituvida aholini subsidiya asosida arzon uy-joy bilan taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank va boshqa mutasaddi tashkilotlarning maʼruzalari tinglandi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan ipoteka krediti bo‘yicha davlat subsidiyalarini berishdagi insofsizlik xavflarini baholash bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqot natijalari va uning natijasida ishlab chiqilgan tavsiyalar qizg‘in muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, sohada ipoteka kreditlari berish ko‘lamini yanada kengaytirish, xususiy pudrat tashkilotlarini rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish, yer resurslaridan oqilona foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi.
Taʼkidlanganidek, amalga oshirilayotgan ishlarning pirovard maqsadi aholimizning uy-joyga bo‘lgan talabini qondirishdan iborat.
Muhokamalar davomida yetuk olimlar va mutaxassislarning fikrlari eshitildi.
Yig‘ilish yakunida aholini uy-joy bilan taʼminlashga qaratilgan taklif va tavsiyalar umumlashtirilib, mutasaddi vazirlik va idoralarga taqdim etishga qaror qilindi.