06:12 Dushanba 13 Yanvar 2025 (GMT+5)
Sayt test rejimida ishlamoqda
Biz ijtimoiy tarmoqlarda:
  • Bosh sahifa
  • Тадбирлар
  • Қўмита ва комиссиялар мажлислари

Қўмита ва комиссиялар мажлислари

2024-yil uchun Davlat budjetining taqsimlanishida qanday o‘zgarishlar bor?

21.12.2023
1378

2023-yil 21-dekabr kuni Senatning Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan Hududiy vakillik organlari faoliyatini o‘rganish markazi bilan hamkorlikda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalari uchun “2024-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida”gi Qonun mazmun-mohiyatini tushuntirish yuzasidan seminar bo‘lib o‘tdi.

Axborotga ko‘ra, Davlat budjetining 2024-yil uchun parametrlari, budjet taqchilligi miqdorlari jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar va geosiyosiy vaziyatning mamlakatimiz iqtisodiyotiga taʼsirini yumshatish va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni yana-da kuchaytirish kabi omillarni eʼtiborga olgan holda hisob-kitob qilingan.

O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan budjetining 2024-yilgi daromadlari 375,0 trln so‘m va xarajatlari 427,6 trln so‘m, taqchilligi 52,6 trln so‘mni yoki YAIMga nisbatan 4,0 foiz miqdorida belgilanmoqda.

Shundan, Davlat budjeti daromadlari 270,7 trillion so‘m yoki yalpi ichki mahsulotga nisbatan 20,8 foiz miqdorida prognoz qilinmoqda.

Davlat budjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari taqchilligi 2024 yilda 3,1 foiz miqdorida belgilanmoqda, 2025 – 2026-yillarda esa taqchillik tegishincha 1,8- 2,2 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda.

2024-yil uchun Davlat budjeti xarajatlari 312 trillion 921 milliard so‘m miqdorida rejalashtirildi.

Shuni alohida qayd etish lozimki, kelgusi yil budjetida ham ijtimoiy soha xarajatlari salmoqli ulushni tashkil etadi. Xarajatlarning 48 foizdan ortig‘i yoki 151,5 trillion so‘m ijtimoiy sohaga yo‘naltirilishi kutilmoqda.

Seminarda 2024-yil uchun soliq-bojxona siyosatining asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tildi.

Xususan, 2024-yil uchun soliq siyosatining asosiy yo‘nalishlari – qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i va aylanmadan olinadigan soliq bo‘yicha ayrim imtiyozlar bekor qilinib, mutlaq summada belgilangan soliq stavkalarining kutilayotgan inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda indeksatsiya qilinishi belgilanmoqda.

2024-yil 1-apreldan zararli gazlari yuqori bo‘lgan benzinga aksiz solig‘i stavkasi 12 foizga (oktan miqdori 91 va undan yuqori bo‘lgan benzin bundan mustasno) indeksatsiya qilinmoqda.

Og‘ir yuk mashinalari tomonidan respublika va mahalliy darajadagi yo‘llardan foydalanishda ularni yaroqsiz holga keltirish oqibatida yetkazilayotgan zararlarni qoplash maqsadida yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan yuqori bo‘lgan yuk avtotransport vositalari va tirkamalarining avtomobil yo‘llari bo‘ylab harakatlanishi huquqi uchun yig‘im joriy etilmoqda.

Biznes yuritishni soddalashtirish maqsadida soliq hisobotlarini saqlash va soliq majburiyati bo‘yicha daʼvo qilish besh yillik muddatlar qisqartirilib, uch yil qilib belgilanmoqda.

Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi yerlarini sug‘orish va baliqlarni yetishtirish uchun foydalaniladigan suv hajmi, shu jumladan dehqon xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun soliq stavkasi 100 so‘m etib belgilanmoqda.

Tadbir yakunida xalq deputatlari mahalliy Kengashlarning mahalliy budjet, iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, investitsiya va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha doimiy komissiyalariga tegishli tavsiyalar berildi.

Text to speech