O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATIDA UCHRASHUV

31.03.2015

2015 yil 31 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Latviya Respublikasi Seymi deputati, «Qalbdan Latviya uchun» siyosiy partiyasi parlament fraksiyasining raisi Inguna Sudraba bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida S.Safoev latviyalik martabali mehmonni mamlakatimiz Parlamenti yuqori palatasining binosida qutlab, O‘zbekiston va Latviya parlamentlari a'zolari o‘rtasida muntazam, bevosita muloqot va shaxsiy aloqaning muhimligini, bu parlamentlararo hamjihatlikni va umuman O‘zbekiston-Latviya hamkorligini yanada rivojlantirishga ko‘maklashishini ta'kidladi.
O‘zbekiston tomonidan Latviya O‘zbekistonning strategik hamkori ekanligi hamda O‘zbekiston Respublikasi barcha sohalarda, jumladan siyosat, iqtisodiyot, madaniyat kabi sohalarda yaqin ikki tomonlama hamkorlikni bundan buyon ham mustahkamlashga intilish niyatida qayd etildi. Shuningdek, yevropa ittifoqiga Latviya raislik qilishi doirasida hamda yevropa ittifoqining Markaziy Osiyo bo‘yicha yangi Strategiyasi ro‘yobga chiqarilishi chog‘ida Latviya bilan ko‘p tomonlama hamkorlikning muhimligi ta'kidlandi.
S.Safoev parlament o‘z nazorat vakolatlarini amalga oshirayotganida muvozanat va tiyib turish tizimini shakllantirish, shuningdek mahalliy parlamentarizmni rivojlantirish masalalarida yaqin parlamentlararo hamkorlik qilish orqali samarali davlatlararo munosabatlarni mustahkamlash zarurligini qayd etdi.
O‘z navbatida, I.Sudraba Senatdagi iliq qabul uchun tashakkur aytib, mehmondo‘stlik uchun, uning O‘zbekistonga tashrifi sermazmun va taassurotga boy bo‘lgani uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatishda ishtirok etganligi uning uchun ulkan faxr va yuksak mas'uliyat ifodasi bo‘lganligini ta'kidladi. Uning fikricha, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar jamiyatni demokratlashtirishning muhim omili bo‘lib xizmat qiladi.
«Mamlakatingiz, – dedi I.Sudraba, – milliy o‘ziga xosligini – an'analari, urf-odatlari va oilaparvarligini saqlab qolgan holda o‘z davlatchilik modelini barpo etmoqda hamda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurish yo‘lidan dadil bormoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston ilg‘or chet el tajribasiga tayanibgina qolmay, balki xalqning mentalitetini, madaniyatining o‘ziga xosligini hisobga olmoqda. Afsuski, yevropada oilaviy qadriyatlar yo‘qolib bormoqda», – dedi mehmon.
I.Sudraba saylovni kuzatish doirasida Samarqand shahrining noyob tarixiy va me'moriy yodgorliklari, Toshkent shahrining diqqatga sazovar joylari bilan tanishganini ma'lum qildi hamda davlat tomonidan O‘zbekistonning madaniy va tarixiy merosini ko‘ngildagidek saqlab turishga katta e'tibor berilayotganiga urg‘u berdi.
«Men ilk marotaba O‘zbekistonda prezident saylovini kuzatishda qatnashdim hamda saylov bayramona ruhda o‘tganiga, fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin tarzda bildirganiga, saylovda faol ishtirok etganiga guvoh bo‘ldim, – deb ma'lum qildi I.Sudraba. – Ushbu siyosiy jarayon milliy qonun hujjatlariga va umume'tirof etilgan xalqaro demokratik normalarga qat'iy muvofiq holda o‘tganini aniq ayta olaman».
Suhbat so‘ngida I.Sudraba O‘zbekiston-Latviya munosabatlarini, shu jumladan parlamentlararo hamkorlikni bundan buyon ham rivojlantirishdan manfaatdor ekanligini bildirdi hamda munosabatlar izchil rivojlanishi uchun barcha sa'y-harakatlarni safarbar etishini ta'kidladi.

2015 yil 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari S.Artiqovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Latviya Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi A.Simdars bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida Senat Raisining o‘rinbosari S.Artiqova A.Simdarsni mamlakatimiz Parlamenti yuqori palatasining binosida qutlab, unga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida faol ishtirok etganligi uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi saylov tizimining va saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining takomillashtirilishi yuzasidan batafsil axborot berdi. Suhbat asnosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasini qonun hujjatlarining asosiy prinsiplari va talablariga, saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish dasturlariga qat'iy muvofiq holda o‘tkazish borasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining roli va vakolatlariga alohida e'tibor qaratildi.
O‘z navbatida, Latviya Markaziy saylov komissiyasining raisi A.Simdars Senatdagi iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirib, S.Artiqovani Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga saylanganligi bilan tabrikladi hamda jahonning ko‘pchilik mamlakatida o‘tkazilgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan shaxs sifatida O‘zbekistonda demokratik normalarga va umume'tirof etilgan xalqaro standartlarga javob beradigan milliy saylov tizimi yaratilganligini qayd etdi.
A.Simdarsning so‘zlariga ko‘ra, u O‘zbekistonga tashrifi davomida uch vazifani bajardi: prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishni kuzatishda ishtirok etdi, Navro‘z bayramida qatnashdi va Samarqand, Buxoro shaharlarining madaniy-tarixiy yodgorliklari hamda Toshkent shahrining diqqatga sazovar joylari bilan tanishdi.
A.Simdars saylovni kuzatishdan iborat asosiy faoliyati doirasida Samarqand va Buxoro viloyatlaridagi hamda Toshkent shahridagi saylov uchastkalarini borib ko‘rganini va qonun hujjatlarida ham, bevosita saylov jarayonida ham yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarni ko‘rganini, shuningdek muddatidan oldin ovoz berish jarayonini kuzatishda ishtirok etganini ma'lum qildi.
Shuningdek Latviya Markaziy saylov komissiyasining raisi A.Simdars O‘zbekiston fuqarolarining o‘ta faolligini, bu esa xalqning mamlakat kelajagi uchun javobgarligining ko‘rsatkichi sanalishini qayd etdi. Uning fikricha, saylov tashkilotchilarini uyushqoqlik bilan o‘qitish milliy tajribasini keng tatbiq etsa bo‘ladi. Bu borada u uchastka saylov komissiyalari raislari uchun Samarqand shahrida uyushtirilgan o‘quv seminarida ishtirok etganini ma'lum qildi.

Suhbat oxirida A.Simdars Markaziy saylov komissiyasining mamlakat mintaqalari bilan interaktiv aloqalari tizimini joriy etish, uchastka saylov komissiyalari yakuniy bayonnomalarini takomillashtirish, shuningdek uchastka saylov komissiyalari a'zolarini o‘qitish yuzasidan bir qator takliflarni bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati


O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati