O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish yo‘lida

30.03.2015

30 mart kuni Oliy Majlis Senatida yurtimizga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini kuzatish maqsadida tashrif buyurgan Indoneziya Xalq vakillari palatasi spikeri o‘rinbosari H. Faxri rahbarligidagi delegatsiya, Vena shahar parlamenti vitse-prezidenti Y. Xersog, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan kuzatuvchilar delegatsiyasi rahbari, XXR Tashqi ishlar vazirligi elchisi Gao Yuyshen, Litva Seymining O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik guruhi raisi, deputat V. Simulik, Latviya Fanlar akademiyasi prezidenti, professor O. Sparitis, turkistonliklarning Amerikadagi uyushmasi raisi A. Xo‘ja bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Suhbatlar chog‘ida parlamentlararo doimiy, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot hamda aloqalarning muhimligi ta'kidlandi. Zero, bu parlamentlararo munosabatlar va umuman, xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston yildan-yilga barcha yo‘nalishlarda jadal taraqqiy topayapti. Respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar katta samaralar berayotir. Saylov tizimi takomillashtirilgan. Davlat hokimiyati organlari tizimida parlament rolini kuchaytirish bo‘yicha salmoqli qadamlar tashlangan.
— Bugun Indoneziya O‘zbekiston bilan barcha, jumladan, parlament sohasidagi ikki -tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashni muhim, deb biladi, — dedi Indoneziya Xalq vakillari palatasi spikeri o‘rinbosari Hamza Faxri. — Uchrashuvda ijtimoiy-siyosiy hayotning hamma jabhasini demokratlashtirish, parlament o‘zining nazoratga oid vakolatlarini amalga oshirishda o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanatini saqlash tizimini shakllantirish, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish, umumdavlat hamda hududiy manfaatlar muvozanatiga erishish bo‘yicha tajribani o‘rganish masalalarini muhokama qildik. O‘zbekistonda parlament institutini takomillashtirish, qonun chiqaruvchi organ vakolatlarini kengaytirish va kuchaytirish, mamlakat hayoti, xususan, parlament faoliyatida xotin-qizlarning faol ishtirokini ta'minlashga yo‘naltirilgan islohotlar yuksak bahoga munosibdir. O‘zbekiston Respublikasi -Prezidenti saylovi milliy qonunchilik va umume'tirof etilgan normalarga muvofiq, oshkoralik, ochiqlik hamda transparentlik tamoyillariga qat'iy rioya etilgan holda o‘tdi, deb hisoblayman.
— Bu galgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi ham fuqarolarning yuksak faolligida bo‘lib o‘tdi. Bu esa mazkur jarayonning o‘ziga xosligini aniqlab beruvchi muhim omillardan biridir, — dedi Vena shahri parlamenti vitse-prezidenti Yoxann Xersog. — Poytaxtingizdagi bir qancha saylov uchastkalariga bordim. Ovoz berish jarayonida fuqarolar faol qatnashgani diqqatga sazovor. Saylovchilar erta tongdan saylov uchastkalariga kelishdi. Umuman, Prezident saylovi demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, mamlakatni yanada taraqqiy ettirish hamda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida o‘zbek xalqining jipsligini namoyon etdi.

S. QOSIMJONOV,
Xalq so‘zi gazetasi


O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati