O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATIDA UCHRASHUV

30.03.2015

2015 yil 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Amerika-Turkiston uyushmasi raisi Abdulla Xoja bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida S.Safoev Abdulla Xojani Senat binosida qutlab, unga O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament va prezident saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida faol ishtirok etganligi uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘zbekiston tarafidan AQShda o‘zbek xalqining madaniyati, tili va an'analarini saqlash va rivojlantirishga ko‘maklashish, AQSh jamoatchiligini O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan sotsial-iqtisodiy va demokratik islohotlar bilan keng tanishtirish masalalarida Turkiston-Amerika uyushmasining faollik ko‘rsatayotganligi qayd etildi.
Suhbat chog‘ida Abdulla Xoja mamlakat va jamiyatni siyosiy jihatdan modernizatsiyalash, parlamentarizmni rivojlantirish va hokimiyat qonunchilik tarmog‘ining rolini kuchaytirish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar dasturining mazmun-mohiyati bilan tanishtirildi.
O‘z navbatida, Abdulla Xoja iliq va samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, S.Safoevni Senat qo‘mitasi raisi lavozimiga saylanganligi bilan tabrikladi hamda O‘zbekistonga va uning xalqiga hurmati katta ekanligini ta'kidladi. Uning fikricha, O‘zbekiston bugun siyosiy yakdillikni saqlagan holda sotsial-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lidan ishonch bilan bormoqda. «Mamlakat mintaqalariga, jumladan Farg‘ona vodiysiga tashrif buyurib, – dedi Abdulla Xoja, – men umume'tirof etilgan demokratik prinsiplar asosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayrgarlik ko‘rilayotganiga guvoh bo‘ldim hamda o‘zbek xalqi jonajon O‘zbekistonimizni yanada rivojlantirish va gullab-yashnatishga qaratilgan yo‘lni bir jon-bir tan bo‘lib, ko‘tarinki ruhda qo‘llab-quvvatlayotganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim».
Abdulla Xoja prezident saylovini kuzatish chog‘ida O‘zbekistondagi hayot o‘zgarib borayotganini, har yerda ajoyib sport saroylari va musiqa maktablari barpo etilayotganini, shaharlar va qishloqlar qiyofasi o‘zgarayotganini va, eng asosiysi, ajoyib yosh avlod o‘sib ulg‘ayganligini ko‘rishga muvaffaq bo‘lganini ma'lum qildi.
Mehmon ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy rivojlanish sur'atlari yuqori bo‘lishi bilan bir qatorda aholining, ayniqsa yoshlarning faol fuqarolik shashti va huquqiy madaniyati o‘sayotganligini, bu esa bundan buyongi bosqichma-bosqich yuksalish uchun muhim omil ekanligini mamnuniyat bilan qayd etdi. Shu munosabat bilan u ulg‘ayib borayotgan yoshlarni siyosiylashtirilgan islom, ayniqsa keskin ekstremistik mafkura ta'sirlariga qarshi kurashish ruhida tarbiyalashning muhimligiga urg‘u berdi.
Abdulla Xojaning so‘zlariga ko‘ra, 29 mart kuni o‘tkazilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi O‘zbekiston demokratiya yo‘lidan ildam borayotganligini ko‘rsatdi. «Qaysi saylov uchastkasiga bormayin, – dedi mehmon, – har yerda ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga qat'iy rioya qilinganligini, saylovchilarning erkin ovoz berishlari uchun barcha shart-sharoitlar mavjudligini ko‘rdim. Saylovni tashkil etishning bunday yuksak saviyasi O‘zbekistonda samarali milliy saylov tizimi yaratilganligining mahsulidir».

2015 yil 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari S.Artiqovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Indoneziya Palatasi Spikerining o‘rinbosari X.Faxri boshchiligidagi Indoneziya Parlamenti Xalq vakillari palatasi delegatsiyasi a'zolari bilan, shuningdek Indoneziya Parlamenti Xalq vakillari palatasi a'zolari – R.Ten, M.Xekal, I.Lubis, Indoneziyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi A.Santika, ekspertlar – S.Adrian, S.Diputra, X.Idris, V.Syamsu, D.Agustini, B.Sidabutar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida Senat Raisi o‘rinbosari S.Artiqova X.Faxri boshchiligidagi delegatsiya a'zolarini qutlab, do‘stlik munosabatlarini va o‘zaro samarali hamkorlikni rivojlantirish uchun poydevor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning 1992 yilda Indoneziyaga qilgan ilk tashriflarining birida va Indoneziya Prezidenti Suxartoning 1995 yilda O‘zbekistonga qilgan javob tashrifi chog‘ida qo‘yilganligini qayd etdi.
Senat Raisi o‘rinbosari S.Artiqova mehmonlarga O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament va prezident saylovlarida xalqaro kuzatuvchilar sifatida faol ishtirok etganliklari uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Indoneziya parlamentining bunday katta delegatsiyasi ishtirok etganligi, shubhasiz, O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga, O‘zbekiston-Indoneziya parlamentlararo aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qilishini ta'kidladi.
O‘z navbatida Indoneziya Parlamenti Xalq vakillari palatasi Spikerining o‘rinbosari X.Faxri Senatdagi iliq va samimiy qabul uchun o‘z delegatsiyasi nomidan minnatdorchilik bildirib, S.Artiqovani Senat Raisi o‘rinbosari lavozimiga saylanganligi bilan tabrikladi hamda Indoneziya tomoni hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama munosabatlarni yanada chuqurlashtirishga muhim ahamiyat berishini, zero bu borada foydalanilmayotgan imkoniyatlar beqiyos ekanligini ta'kidladi.
Suhbat chog‘ida Indoneziya Parlamenti Xalq vakillari palatasi a'zosi I.Lubis O‘zbekiston tarixini sevib o‘rganayotganligini ma'lum qildi hamda turizm sohasida hamkorlikning yo‘lga qo‘yilishini alohida ajratib ko‘rsatdi, zero O‘zbekiston boy tarixiy-madaniy meros va ulkan sayyohlik salohiyatiga ega. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan, Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlarga ega, Islom madaniyati va ta'limoti paydo bo‘lgan, shuningdek butun dunyoga mashhur Islom dini asoschilarining maqbaralari joylashgan mamlakat chindan ham tan olingan sayyohlik markazlaridan biridir. Shu munosabat bilan u Jakarta-Samarqand va Jakarta-Buxoro to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia yo‘nalishlarini ochish, shuningdek ikki mamlakat fuqarolari uchun soddalashtirilgan viza tartibini kiritish masalalarini ko‘rib chiqishni taklif etdi.
«Saylov chog‘ida xalqaro kuzatuvchilar sifatida biz Samarqand viloyatining saylov uchastkalariga tashrif buyurdik, saylovni esa qadimiy Buxoro shahrida kuzatdik, – dedi X.Faxri. – Jahon madaniyatining markazlari bo‘lmish ushbu shaharlarga tashrif buyurganimizda bizni o‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va oliyhimmatligi maftun qildi hamda jahonga mashhur tarixiy shaharlardan biri – Xiva shahriga safar qilishni sabsizlik bilan kuta boshladik. Biz shuni to‘liq ishonch bilan ma'lum qilamizki, – dedi Indoneziya Parlamenti Xalq vakillari palatasi Spikerining o‘rinbosari X.Faxri, – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi saylov to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlariga va umume'tirof etilgan demokratik normalarga to‘la muvofiq holda, oshkoralik, ochiqlik va demokratiyaviylik prinsiplariga rioya qilingan holda o‘tdi».

2015 yil 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Vena shahri vitse-prezidenti Y.Xersog bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida Qo‘mita raisi S.Safoev Y.Xersogni Senat binosida qutlab, unga parlament va prezident saylovlarida faol ishtirok etganligi uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekistonda Avstriya bilan siyosiy muloqotni va o‘zaro samarali hamkorlikni rivojlantirishga, parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirishga muhim ahamiyat berilayotganligini ta'kidladi.
O‘z navbatida, Y.Xersog Senatdagi samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonning jahon miqyosidagi nufuzi yildan yilga yuksalib borayotganini, bunga, jumladan, o‘tkazilayotgan islohotlar, mamlakatda hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, erishilgan iqtisodiy yutuqlar ko‘maklashayotganini, O‘zbekiston ulkan salohiyatga egaligini, shu sababli jahonning ko‘pchilik mamlakatlari u bilan hamkorlikni kengaytirishga intilishini qayd etdi.
Y.Xersogning fikricha, bu safargi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi fuqarolarning siyosiy faolligi oshgan pallada o‘tkazildi va bu ushbu saylovning o‘ziga xosligini belgilab bergan muhim omillardan biridir. «Men Toshkent shahridagi bir qancha saylov uchastkalarini borib ko‘rdim va ovoz berishda O‘zbekiston fuqarolarining aksariyat qismi faol ishtirok etgani meni lol qoldirdi, – dedi Y.Xersog. – Saylovchilar, ko‘pincha butun oilalari bilan erta tongdan ovoz berish uchun keldilar. Saylov ko‘tarinki ruhda o‘tdi».
Xulosa o‘rnida Y.Xersog shuni ta'kidladiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurish, aholi farovonligini oshirishga va mamlakatni taraqqiy ettirishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish yo‘lida O‘zbekiston xalqining jipsligini ko‘rsatdi.

2015 yil 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Xitoy Xalq Respublikasi kuzatuvchilari delegatsiyasi rahbari, XXR Tashqi ishlar vazirligi elchisi Gao Yuyshen, shuningdek Xitoy tomoni vakillari Chen In, Vang Vey, Bey Vanli, Li Si, Gun Guytszyun, Gao Fey, Pan Guan, Li Yan bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida Qo‘mita raisi S.Safoev xitoylik mehmonlarni qutlab, parlament va prezident saylovlarida faol ishtirok etganliklari hamda O‘zbekiston va XXR o‘rtasida o‘zaro samarali hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy ulkan hissalari uchun Gao Yuyshenga minnatdorchilik bildirdi. Hozirgi vaqtda O‘zbekiston-Xitoy munosabatlari muvaffaqiyatli rivojlanayotgani, ikki mamlakat rahbarlarining o‘zaro tashriflari muntazam xususiyat kasb etayotgani, O‘zbekiston va Xitoy xalqlari o‘rtasida o‘zaro bir-birini tushunish chuqurlashib borayotgani ta'kidlandi. O‘zbekiston Prezidenti I.A.Karimovning 2014 yil 19-20 avgust kunlari Xitoyga qilgan davlat tashrifi O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining muhim bosqichli voqyeasi bo‘ldi hamda uning doirasida erishilgan kelishuvlar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli turtki berdi.
O‘z navbatida, XXR Tashqi ishlar vazirligi elchisi Gao Yuyshen Senatdagi samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, Xitoy O‘zbekistonga ishonchli hamkor, samimiy do‘st va Markaziy Osiyodagi nufuzli davlat sifatida qarayotganligini hamda mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta'minlashda O‘zbekistonning sa'y-harakatlarini yuksak darajada qadrlashini qayd etdi. Shundan so‘ng mehmon ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar Strategik hamkorlik o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya, Do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda Strategik sheriklikning ikki tomonlama munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya asosida izchil rivojlanayotganligini aytdi.
Suhbat davomida mehmon O‘zbekiston va XXR oxirgi 20 yildan ortiq davr mobaynida keng ko‘lamdagi ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlik sohasida katta natijalarga erisha olganligini qayd etdi. – «Ishonchli siyosiy muloqot, yuqori sura'tlarda o‘sib borayotgan savdo-iqtisodiy, insonparvarlik aloqalari, barcha sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish, shuningdek BMT va ShHT kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar doirasida sheriklik qilish va faoliyatni muvofiqlashtirish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik hamkorlik munosabatlariga xosdir», – deb ta'kidladi u.
Gao Yuyshen ta'kidlaganidek, O‘zbekiston va XXR Markaziy Osiyo mintaqasida ham, butun dunyoda ham umumiy manfaatlarga ega va har bir mamlakat tinchlik va barqarorlikni ta'minlashda zarur qadamlar tashlamoqda. U mamlakatlarimiz o‘xshash nuqtai nazarlarga egaligini hamda xalqaro va mintaqaviy siyosatning asosiy masalalari yuzasidan bir-birlarini qo‘llab-quvvatlayotganligini qayd etdi. Xususan, ikkala mamlakat «uchta yovuz kuch» – terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi kurash kabi xalqaro darajadagi muhim masala yuzasidan yagona nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlamoqda.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar parlament rahbarlari darajasidagi o‘zaro tashriflar tufayli sezilarli darajada rivojlangan parlamentlararo hamkorlikning yuksak saviyasini qayd etdilar. 2011 yilda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan XXR Butunxitoy Xalq Vakillari Yig‘ilishi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum parlamentlar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish va chuqurlashtirish uchun huquqiy asos yaratib berganligi, bu esa umuman ikki tomonlama O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini kengaytirishning muhim omili bo‘lganligi ta'kidlandi.
«Mamlakatingiz, – dedi XXR Tashqi ishlar vazirligi elchisi Gao Yuyshen, – o‘z davlatchilik modelini qurmoqda hamda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning tanlangan yo‘lidan dadil bormoqda. Bu jarayonda O‘zbekiston ilg‘or chet el tajribasiga tayanibgina qolmay, balki xalq mentalitetini, madaniyatning o‘ziga xosligini hisobga olmoqda. Shu kunlarda men Samarqand va Buxoro shaharlaridagi saylov uchastkalarida bo‘ldim va prezident sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rilganiga hamda saylovning o‘zi yuksak tashkiliy saviyada, milliy qonun hujjatlariga va umume'tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga muvofiq holda o‘tganligiga ishonch hosil qildim».
Gao Yuyshen ta'kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi mamlakat siyosiy hayotida muhim voqyea bo‘ldi hamda respublikaning siyosiy va sotsial-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlanishini ta'minlashi shubhasiz.

2015 yil 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha Litva Seymi guruhining raisi V.Simulik bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida o‘zaro qutlovlardan so‘ng Qo‘mita raisi S.Safoev V.Simulikka parlament va prezident saylovlarida faol ishtirok etganligi uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi muntazam, bevosita muloqot va shaxsiy aloqaning muhimligini, bu parlamentlararo hamjihatlikni va umuman O‘zbekiston-Litva hamkorligini yanada rivojlantirishga ko‘maklashishini ta'kidladi. Litva bilan hamkorlik yevropa ittifoqi va yevropa parlamenti bilan munosabatlar nuqtai nazaridan O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri ekanligi ta'kidlandi.
O‘z navbatida, Litva Seymi deputati V.Simulik Senatdagi iliq qabul uchun tashakkur aytib, O‘zbekiston tomoniga mehmondo‘stlik uchun, uning O‘zbekistonga tashrifi sermazmun va katta taassurotga boy bo‘lgani uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekiston jamiyatni yanada demokratlashtirish yo‘lidan izchil borayotganligini va bu safargi prezidentlik saylov kampaniyasi buning yaqqol isboti ekanligini ta'kidladi.
V.Simulik 20 dan ortiq saylov uchastkasida bo‘lganini hamda saylovni amaldagi saylov to‘g‘risidagi milliy qonun hujjatlariga va umume'tirof etilgan demokratik standartlarga muvofiq holda yuksak tashkiliy saviyada o‘tkazish uchun misli ko‘rilmagan darajadagi tayyorgarlik ishlari amalga oshirilganiga ishonch hosil qilganini ma'lum qildi. «Saylov jarayonini monitoring qilayotib, – dedi V.Simulik, – men muhim ijtimoiy-siyosiy tadbirlarni tashkil etish borasida ijobiy tajriba orttirdim».
O‘zbekiston va Litva o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarning joriy holati haqida fikr yuritib, V.Simulik O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida, u yerda tomonlar ushbu sohani yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama etganligi, xususan, Litva iqtisodiy delegatsiyasining joriy yil oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrifini uyushtirish yuzasidan kelishuvga erishilgani to‘g‘risida xabar qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, – deb ta'kidladi V.Simulik, – hyech shubhasiz, O‘zbekistonning siyosiy hayotida eng muhim ahamiyatga ega. Ushbu saylov davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini demokratlashtirish jarayonini yanada chuqurlashtirish, huquq ustuvorligi va fuqarolarning irodasini hurmat qilish prinsiplariga asoslangan zamonaviy kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish yo‘lidagi yana bir amaliy qadam bo‘ldi.
Suhbat so‘ngida V.Simulik parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisida Litva Seymi bilan hamkorlik bo‘yicha shunga o‘xshash do‘stlik guruhini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqishni hamda O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasining Litvaga rasmiy tashrif bilan kelishini taklif etdi.

2015 yil 30 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Latviya Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti, professor O.Sparitis bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv boshida S.Safoev O.Sparitisni qutlab, unga O‘zbekistonda o‘tkazilgan parlament va prezident saylovlarida faol ishtirok etganligi uchun minnatdorchilik bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston-Latviya siyosiy muloqotini chuqurlashtirishga, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga muhim ahamiyat berilayotganligini qayd etdi.
Suhbat chog‘ida O.Sparitis O‘zbekistonda mamlakat va jamiyatni siyosiy jihatdan modernizatsiyalash, parlamentarizmni rivojlantirish va hokimiyatning qonun chiqaruvchi tarmog‘i rolini kuchaytirish chora-tadbirlari dasturining mazmun-mohiyatidan xabardor etildi.
O‘z navbatida, Latviya Fanlar akademiyasi prezidenti O.Sparitis Senatda uchrashuv tashkil etilganligi uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston o‘z mustaqilligi yillarida ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy va madaniy sohalarda erishilgan yuksak natijalar bilan ifodalanadigan barqaror va bosqichma-bosqich taraqqiyotga erishishga muvaffaq bo‘lganligini ta'kidladi. U Markaziy Osiyo mintaqasida nufuzli davlat hisoblangan O‘zbekistonning roli xalqaro miqyosda sezilarli darajada mustahkamlanganligini, O‘zbekistonning chet mamlakatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalari jiddiy ravishda kengaytirilganligini ta'kidladi.
Ikki mamlakatning fan sohasidagi hamkorligi haqida so‘z borganda O.Sparitis O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvni esga oldi. Ushbu uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Latviya Fanlar akademiyasi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolashga kelishib oldilar.
Latviya va O‘zbekiston o‘rtasidagi munosabatlarga baho berayotib, Latviya Fanlar akademiyasi prezidenti aloqalarni kengaytirish istagida ekanliklarini qayd etdi. Uning fikricha, mamlakatlar o‘rtasida fan va tibbiyot sohasidagi o‘zaro hamkorlikka berilgan baho masalasida ham shu fikrni bildirish mumkin. Shu munosabat bilan O.Sparitis ushbu sohalarda O‘zbekiston bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanligini, ta'lim sohasida, shu jumladan xalqaro huquq, biznes, iqtisodiy tahlil va madaniy o‘zaro munosabatlar sohasida hamkorlik qilishga qiziqish katta ekanligini izhor qildi.

«Xalqaro standartlarni inobatga olgan holda qabul qilingan milliy qonun hujjatlari doirasida yaratilgan barcha shart-sharoitlar, – deb ta'kidladi O.Sparitis, – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini erkin, ochiq va oshkora hamda yuksak tashkiliy saviyada uyushtirish imkonini berdi».

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati