O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Mas'uliyat, izlanish va tashabbus

Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma'ruzasini chuqur mushohada qilib, unda belgilangan ustuvor vazifalarni istiqbolga mo‘ljallangan rejalarimizda belgilab olayapmiz. Zero, bugungi davr, Prezidentimiz ta'kidlaganidek, parlamentda olib borilayotgan tahliliy ishlar samaradorligini, deputatlarning tayyorgarlik, xabardorlik va malaka darajasini, boshqacha aytganda, professional saviyasini sezilarli ravishda oshirishni taqozo etadi.

Bu, albatta, senatorlar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Hududlarda barcha sohada, ayniqsa, iqtisodiy barqarorlikni ta'minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, tadbirkorlarga zarur tashkiliy, huquqiy shart-sharoit yaratish, aholi bandligini ta'minlash borasida olib borilayotgan ishlarni shunchaki tahlil qilish bilan kifoyalanmasdan, mavjud muammolarni chuqur o‘rganish va joyida hal qilish bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish hamda uning ijrosini ham yo‘lga qo‘yish doimo e'tiborimizda turishi maqsadga muvofiqdir.

Binobarin, jamiyatimizni isloh etish, demokratlashtirish va erkinlashtirish hamda mamlakatimizni modernizatsiya qilish bo‘yicha puxta o‘ylangan uzoq muddatli dastur — “o‘zbek modeli” iqtisodiyotimiz rivojlanishining barqaror, barchani hayratda qoldirayotgan sur'atlarda kechayotganligi xalqimizning hayot darajasi va sifati ortib borayotganida o‘zining amaliy tasdig‘ini topmoqda. Jahon miqyosidagi global iqtisodiy inqiroz hali-beri davom etayotganiga qaramasdan, O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur'atlari so‘nggi o‘n yil mobaynida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelayotgani, mamlakatimiz 2014 yilda biznesni yuritish sharoiti bo‘yicha reytingda 8 pog‘ona ko‘tarilgani buning yaqqol dalilidir.

Bu dunyo hamjamiyati tomonidan e'tirof etilayotgan ko‘rsatkich. Uning nechog‘li katta ahamiyatga egaligini va umuman, parlamentda qabul qilinayotgan qonunlarning mazmun-mohiyatini aholi o‘rtasida keng targ‘ib etish, ularning ishlash mexanizmini kuchaytirish, iqtisodiy barqarorlikni saqlab qolish, soliq yukini kamaytirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ijrosini ta'minlashda joylardagi mahalliy Kengashlar deputatlarining faol ko‘magi biz uchun juda muhim.

Prezidentimiz ma'ruzasida bu borada ko‘zga tashlangan ayrim xato va kamchiliklar, xususan, o‘tgan davrda parlament a'zolarining o‘z vakolatlaridan to‘la-to‘kis foydalana olmagani, qonunlarda aynan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida belgilab qo‘yilgan rag‘batlantiruvchi omillar, preferensiyalarning tatbiq etilmagani, palatalar, hududiy vakillik organlarining o‘zaro hamkorlikdagi ishlari shunchaki tashkil etilgani, qonunosti hujjatlarini qabul qilish va ijro etishda sustkashliklarga yo‘l qo‘yilganiga to‘xtalib o‘tildi.

Umuman olganda, parlamentning barcha a'zolari Vatanimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan yagona maqsad sari intilishi, eng avvalo, saylovchilar oldidagi mas'uliyat va javobgarlikni chuqur anglab yetgan holda, Prezidentimiz tashabbusiga javoban bor kuch-g‘ayratini ayamasdan yanada faollik, tashabbuskorlik ko‘rsatishi ayni muddao bo‘ladi.

Ikram KARATAEV,
Oliy Majlis Senati a'zosi.


Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati