O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Parlament nazorati va mas'uliyat

29.04.2015

Poytaxtimizda ijro etuvchi hokimiyat organlarining faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning xalqaro tajribasi va O‘zbekiston Respublikasi vakillik hokimiyati organlarining bu sohadagi faoliyatini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan seminar o‘tkazildi.

Oliy Majlis Senati tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tashkil etilgan mazkur tadbirda parlament a'zolari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari deputatlari hamda ularning doimiy komissiyalari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar, ilmiy tadqiqot institutlari, oliy ta'lim muassasalari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda so‘nggi yillarda davlat boshqaruvini demokratlashtirish, jamiyatda manfaatlar muvozanatini ta'minlash hamda o‘zaro tiyib turish tamoyilini qaror toptirish borasida izchil islohotlar amalga oshirildi. Xususan, davlat hokimiyati vakillik organlarining huquq va vakolatlari kengaytirilib, ijro organlari faoliyati ustidan nazorati kuchaytirildi. Ayni paytda parlament nazorati tadbirlarining sifatini yanada yaxshilash dolzarb ahamiyat kasb etayapti.
Xususan, Prezidentimiz Oliy Majlis palatalarining 2015 yil 23 yanvardagi qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida konstitutsiyaviy islohotlar nuqtai nazaridan Oliy Majlis palatalarining davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy davlat dasturlarining ijrosini so‘zsiz ta'minlash borasidagi faoliyati sifat jihatidan yangi asosda qurilishi lozimligini ta'kidlagan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015 yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida tashkil etilgan mazkur seminarda parlament nazorati samaradorligini oshirish borasida parlament a'zolari oldida turgan masalalar muhokama qilindi.
Ta'kidlanganidek, yurtimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar bugun o‘zining salmoqli natijalarini bermoqda. Bu borada, seminar ishtirokchilari alohida qayd etganidek, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘tgan yili kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Mazkur o‘zgartish hamda qo‘shimchalar hokimiyat va boshqaruv tizimini yanada demokratlashtirishga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining davlat hokimiyati organlari tizimidagi rolini, ichki hamda tashqi siyosatning strategik vazifalarini bajarishdagi huquq va vakolatlarini kengaytirishga, ijro etuvchi organlar faoliyatini nazorat qilish yuzasidan parlamentning hamda mahalliy hokimiyat vakillik organlarining vazifalarini yanada kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Seminarda parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirishning huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda ularning doimiy komissiyalari faoliyatini kuchaytirish masalalari muhokama etildi, shuningdek, rivojlangan demokratik mamlakatlarning bu sohadagi tajribasi haqida fikr almashildi. Xususan, davlat boshqaruvi organlari faoliyati, ular tomonidan qonunlarning so‘zsiz ijro etilishi, sotsial-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga doir eng muhim davlat dasturlari amalga oshirilishi ustidan samarali parlament nazoratini ta'minlash zarurligi ta'kidlandi.
Tadbirda parlament nazorati samaradorligini oshirishga, shuningdek, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining bu boradagi ishini faollashtirishga qaratilgan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Qobil XIDIROV


O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati