O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Fidoyilik va tashabbuskorlik — davr talabi

Ayni kunlarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi hamda Senati 2015 yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil rejasini, umuman, butun faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqib, sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlarini belgilab olayapti.

Bunda, shubhasiz, Prezidentimizning Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida mamlakatimiz uchun zarur bo‘lgan qonunlarni ishlab chiqish va qabul qilishda parlament a'zolarining tashabbus ko‘rsatishlari bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Zero, jamiyatda qonun ustuvorligiga erishish aholi haq-huquqlarini ishonchli muhofaza qilishning asosiy kafolati hisoblanadi. Qonun me'yorlarini fuqarolar o‘rtasida keng targ‘ib qilish, unga so‘zsiz rioya etish muhitining yaratilishi esa hayotimizning yanada farovon bo‘lishini ta'minlaydi. Ushbu jarayonda, albatta, deputatlar, senatorlarning faol ishtiroki, ularning izchil sa'y-harakatlari katta ahamiyatga ega.

Bugun jamiyat hayotining qaysi jabhasini qaramang, keng ko‘lamli islohotlar, chuqur o‘zgarishlarga guvoh bo‘lasiz. Ayniqsa, xotin-qizlar manfaatlarini muhofaza qilish, sihat-salomatligini asrash, ularning ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish, bandligini ta'minlash masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Xususan, yaqinda bo‘lib o‘tgan parlament saylovida ham xotin-qizlar faol ishtirok etdi.

Parlament tomonidan har yili qabul qilinadigan Ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturida aynan xotin-qizlar uchun yaratilayotgan qulayliklar hududimizda oilaviy tadbirkorlik, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan opa-singillarimiz safining tobora kengayishiga xizmat qilmoqda. Bu, o‘z navbatida, Davlat dasturlari ijrosi hamda qonunlarimizning odamlar hayotiga ijobiy ta'sirining yorqin dalilidir.

Bugun zamon shiddat bilan o‘zgarib borayotganini alohida qayd etish joiz. Shu bois faoliyatimiz ko‘lamini kengaytirish, joylarda qonunlar ijrosiga rioya qilinishini ta'minlash, ayniqsa, mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalari faoliyatini, avvalgi kamchiliklardan xulosa chiqargan holda, jonlantirish zaruratdir. Binobarin, davlatimiz rahbari ta'kidlab o‘tganidek, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni tan olmasdan, iqror bo‘lmasdan turib, ularni yo‘q qilish og‘ir kechadi. Maqsadimiz — jonajon yurtimiz taraqqiyoti, uning yanada gullab-yashnashiga munosib ulush qo‘shish ekan, bu yo‘lda bor kuch-g‘ayratimizni ayamaymiz.

Sayyora ABDIKARIMOVA,
Oliy Majlis Senati a'zosi.

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati