O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Xalqimiz ishonchini oqlash mas'uliyati

Ayni kunlarda mamlakatimiz jamoatchiligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisida ko‘rilgan masalalarni qizg‘in muhokama qilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimovning mazkur qo‘shma majlisdagi ma'ruzasida parlament faoliyati chuqur tahlil etildi, Oliy Majlis faoliyatini zamon talablarini inobatga olgan holda tubdan yaxshilash, qonun ijodkorligi sifatini oshirishga doir vazifalar belgilab berildi.

Islomiddin ABROROV,
Oliy Majlis Senati a'zosi:

— Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida parlament quyi va yuqori palatalarining o‘tgan davrdagi ishiga xolisona baho berildi. Zamonaviy talablarni inobatga olgan holda, parlamentimiz faoliyatini tubdan yaxshilash, qonun ijodkorligi faoliyati sifatini oshirish asosiy maqsad etib belgilandi. Bu biz, xalq vakillari — senatorlar zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Zero, Vatanimiz taraqqiyotida, aholi turmush darajasini yanada yaxshilash, fuqarolarning qonun loyihalari muhokamasida faol ishtirokini ta'minlash mukammal qonunlar yaratilishida muhim ahamiyatga egadir. Har bir qonun loyihasi muhokama qilinayotganda saylovchilar, hududlar va mamlakat manfaatlarini inobatga olish, qonun hujjati ertaga qanday ishlaydi, yurtimiz ravnaqiga qanday hissa qo‘shadi, degan savolga, ta'bir joiz bo‘lsa, mas'uliyat bilan yondashish ayni zaruratdir.

Shu nuqtai nazardan, o‘tgan davrda davlatimiz rahbari tomonidan taqdim etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida dolzarb ahamiyatga ega ko‘plab qonunlar qabul qilindi. Ularning aksariyati yurtimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, demokratik yangilanishlarni amalga oshirishga ko‘maklashdi. Biroq shiddat bilan o‘tib borayotgan davr huquqiy hujjatlarni yanada takomillashtirish zaruratini, ijrosi ustidan qat'iy parlament nazorati o‘rnatish muhimligini ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yangi qonunlarda belgilangan qoidalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishni ta'minlaydigan qonunosti hujjatlarini o‘z vaqtida ishlab chiqish zarur.

O‘zim ta'lim sohasi vakiliman. Mamlakatimiz ta'lim tizimida dunyo hamjamiyati e'tirof etayotgan, yoshlarimizning har tomonlama yetuk, bir necha kasb egalari bo‘lib yetishishida muhim o‘rin tutayotgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Yoshlar tarbiyasi, jismoniy va ma'naviy kamoloti, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, bolalarimizning hyech kimdan kam bo‘lmagan sharoitlarda unib-o‘sishi, axloqi, ma'naviyatiga turli salbiy ta'sirlarning oldini olish Prezidentimizning doimiy e'tiboridagi masaladir.

Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan ushbu masala ayni paytda Oliy Majlis palatalarining muntazam diqqat-e'tiborida bo‘lishi kerak. Bu esa senator sifatida faoliyatimizni yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Shu bois xalqimiz manfaatlariga, yurtimiz taraqqiyotiga xizmat qiladigan qonunlarni amaliyotga tatbiq etishda yanada faollik, tashabbuskorlik ko‘rsatishimiz darkor.

Sergey SAMOYLOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati:

— Prezidentimizning Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida jamiyatimiz va davlatimiz uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan strategik masalalarning keng doirasi qamrab olindi. Unda bayon etilgan ustuvor vazifalar hamda yo‘nalishlar davlatimiz rahbarining parlamentga shunchaki murojaati sifatida yangragani yo‘q, balki mazmun-mohiyatiga ko‘ra, mamlakatning barcha sohasini isloh etish va modernizatsiya qilishga doir asosiy strategik maqsadlarni ro‘yobga chiqarishni ta'minlash yo‘lidagi navbatdagi dasturilamaldir.

Davlatimiz rahbari yangilangan maqsadli vazifalarni ro‘yobga chiqarish muhimligini qayd etib, o‘tgan muddatda erishilgan natijalarni yaxshilashga alohida e'tibor qaratish lozimligini alohida ta'kidladilar va bu bo‘yicha aniq yo‘nalish ko‘rsatib o‘tildi. Qabul qilinayotgan qonunlar sifatini hamda huquqni qo‘llash samaradorligini oshirish, qonun loyihalari, ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatini jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama etish, ushbu jarayonga olimlar, yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarni jalb qilish, parlament nazorati samaradorligi, Parlament palatalari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro maydondagi vaziyatga xolis bahoni inobatga olgan holda, aniq pozitsiya ishlab chiqish shular jumlasidandir.

Prezidentimiz tomonidan jamiyatimizni yanada demokratlashtirish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalar Ekoharakat va uning deputatlar guruhi Dasturiy vazifalarini amalga oshirish uchun ham asosdir. O‘z faoliyatimiz davomida biz ekologik qonunchilikni yanada takomillashtirish, qonun ijodkorligi jarayonida samaradorlikni kuchaytirish, qonun loyihalari sifatini oshirish, loyihalarni tayyorlashning barcha bosqichida ularning mazmun-mohiyati va ahamiyatini jamoatchilik o‘rtasida keng muhokama qilish, atrof-muhit muhofazasi va tabiat resurslaridan foydalanish masalalariga oid qonunlar hamda boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlar ijrosi ustidan jamoatchilik ekologik nazorati mexanizmlarini rivojlantirish, shuningdek, sohaga doir Davlat dasturlari bajarilishiga alohida e'tibor qaratishni ustuvor vazifamiz sifatida belgilab oldik.

 

S. MAXSUMOV yozib oldi.


Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati