O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATIDA UCHRASHUV

27.03.2015

2015 yil 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Belgiyaning faxriy senatori D.Tilmans, Belgiya Vakillar palatasi deputati D.Geerts va Saylovlarni kuzatish bo‘yicha yevropa akademiyasi prezidenti S.Goris bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Belgiya parlamentlari a'zolari o‘rtasidagi doimiy, bevosita muloqotlar va shaxsiy aloqalar muhim ekanligi, ular parlamentlararo hamjihatlik va umuman O‘zbekiston-Belgiya hamkorligi yanada rivojlanishiga ko‘maklashishi ta'kidlandi.

D.Tilmans Senatdagi iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirib, yosh O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, 23 yildan ortiq vaqt davomida barcha yo‘nalishlarda barqaror taraqqiy topib kelayotganligini ta'kidladi. Uning fikricha, respublikada amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan saylov tizimidagi islohotlar o‘zining sezilarli natijalarini bermoqda. 2014 yil dekabr oyida O‘zbekiston parlamentiga saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan belgiyalik senator bunga guvoh bo‘lgan edi. O‘zbekistonda bu jarayonlar milliy o‘ziga xos jihatlar hisobga olingan holda amalga oshirilmoqda, ularni tashqaridan o‘rganib yoki olib kirib bo‘lmaydi. Ana shu haqiqatni O‘zbekiston boshidanoq angladi va o‘z taraqqiyot modelini tanladi.

D.Tilmans O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi muhim davlat ekanligini va Belgiyaning ushbu mintaqadagi asosiy hamkori sanalishini bildirdi.

Belgiya Parlamenti Vakillar palatasi a'zosi D.Geerts O‘zbekistonning demokratik o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish borasidagi sa'y-harakatlarini yuqori baholadi hamda O‘zbekiston tarixan qisqa davr ichida davlat boshqaruv tizimini, iqtisodiyotni, ijtimoiy va fuqarolik jamiyati institutlarini shakllantirish va mustahkamlashda katta yutuqqa erishganligini urg‘uladi.

Jahonning turli davlatlaridagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha monitoring missiyalarini tashkil etish va o‘tkazishda katta tajribaga ega bo‘lgan Saylovlarni kuzatish bo‘yicha yevropa akademiyasi prezidenti S.Goris Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning muhim ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Belgiya tomoni 29 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini Buxoro shahrida kuzatish niyatida ekanligini ma'lum qildi hamda mamlakat demokratik islohotlar asosida rivojlanayotgani uchun O‘zbekistondagi saylov milliy qonun hujjatlariga va xalqaro saylov standartlariga to‘liq muvofiq holda o‘tishiga ishonch bildirdi.


2015 yil 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Qirg‘iziston Respublikasi Joqorku Keneshining Xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi K.Imanaliev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston o‘zaro ishonch, xalqlarimizning azaliy yaqin aloqalariga asoslangan ikki tomonlama hamkorligini rivojlantirish tarafdori ekanligi ta'kidlandi. Mehmon mamlakat parlamenti yuqori palatasining faoliyati bilan tanishtirildi.

Qirg‘iziston Respublikasi Joqorku Keneshi qo‘mitasining raisi K.Imanaliev Senatdagi iliq va samiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekiston siyosiy taraqqiyotning, iqtisodiy yuksalishning hamda o‘z xavfsizligini ta'minlashning eng to‘g‘ri va samarali yo‘lini tanlab olganini qayd etdi. Uning fikricha, O‘zbekiston mustaqillikning ilk davridayoq belgilab olingan «o‘zbek modeli»ning asosiy tamoyillariga og‘ishmay amal qilib keldi. Uning besh tamoyiliga asosan bosqichma-bosqich rivojlanish hozirgi sharoitda o‘zining mukammal ekanligini namoyish etdi va xalqaro e'tirofga sazovar bo‘ldi.

Ikki tomonlama hamkorlik masalalari xususida so‘z ochib, K.Imanaliev bu borada barcha mavjud salohiyatdan to‘liq foydalanilmayotganligini ta'qidladi, parlament tajribasini o‘rtoqlashish yuzasidan ikkala mamlakat parlamentlari o‘rtasida bevosita aloqalarni o‘rnatish muhimligiga urg‘u berdi.

Suhbat so‘ngida mehmon Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi saylov uchastkalariga borish, 29 mart kuni esa Toshkent shahrida saylovni kuzatish niyati borligini bildirdi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘ta yuqori tashkiliy darajada o‘tishiga qat'iy ishonch izhor qildi.


 

2015 yil 27 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Raisining o‘rinbosari S.Artiqovaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Rossiya Federatsiyasi Federal Yig‘ilishi Federatsiyasi Kengashi raisining o‘rinbosari I.Umaxanov boshchiligidagi RF FY Federatsiyasi Kengashi delegatsiyasi a'zolari bilan, shuningdek RF FY Federatsiyasi Kengashining Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M.Didigov hamda RF FY FK Devonining Xalqaro aloqalar boshqarmasi eksperti V.Nekrasov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Senat Raisining o‘rinbosari S.Artiqova Oliy Majlisi Senatining binosida mehmonlarni qutlab, o‘tgan yilning dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchilar sifatida faol ishtiroki va saylov yakunlari bo‘yicha ijobiy fikrlari uchun Rossiya delegatsiyasiga minnatdorchilik bildirdi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida 2004 yil 16 iyunda imzolangan Strategik hamkorlik to‘g‘risidagi shartnoma hamda boshqa ikki tomonlama muhim hujjatlar asosida izchil rivojlanayotganligi qayd etildi.

O‘z navbatida, I.Umaxanov Senatdagi iliq va samimiy qabul uchun chin dildan minnatdorchilik izhor etib, Rossiya tomoni O‘zbekistonga strategik hamkor sifatida qarab, u bilan hamkorlikni har tomonlama rivojlantirishga ustuvor ahamiyat berayotganligini ta'kidladi. «Biz bundan buyon ham strategik hamkorligimizni izchil rivojlantirish niyatidamiz», – dedi I.Umaxanov.

Federatsiya Kengashi Mudofaa va xavfsizlik qo‘mitasi raisining o‘rinbosari M.Didigov prezident saylovi O‘zbekiston sotsial-iqtisodiy jihatdan barqaror rivojlanayotgan bir sharoitda o‘tkazilayotganini ta'kidlab, Davlat rahbarining saylovi respublikada mamlakat taraqqiyoti va gullab-yashnashi yo‘lidagi keng ko‘lamli islohotlarni bundan buyon ham davom ettirish uchun omil bo‘lishiga ishonch bildirdi.

Suhbat chog‘ida Federatsiya Kengashi raisining o‘rinbosari I.Umaxanov O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati bilan Rossiya Federal Yig‘ilishi Federatsiyasi Kengashi o‘rtasidagi parlamentlararo hamkorlikni faollashtirishning muhim ekanligini qayd etdi. «Buning uchun mustahkam huquqiy poydevor, ya'ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federal Yig‘ilishi Federatsiyasi Kengashi o‘rtasida 2006 yilda imzolangan Bitim mavjud. Ushbu Bitim doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Rossiya Federal Yig‘ilishi Federatsiyasi Kengashining Hamkorlik bo‘yicha komissiyasi tashkil etilgan», – deb ta'kidladi I.Umaxanov.

Suhbat so‘ngida mehmonlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining normalari va talablariga hamda umume'tirof etilgan xalqaro demokratik standartlarga to‘liq muvofiq holda o‘tayotganligini alohida ta'kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati