O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi

O‘tgan yili dekabr oyida o‘tkazilgan saylov yakunlariga ko‘ra, yangidan shakllantirilgan parlament palatalarining qo‘shma majlisi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi yorqin voqyealardan biri bo‘ldi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ma'ruza qildi. Bugungi kunda ekspertlarning ta'kidlashicha, navbatdagi chaqiriq faoliyati boshidayoq parlament qo‘shma majlisida davlat rahbari tomonidan an'anaviy tarzda so‘zlangan nutq mazmun-mohiyati jihatidan dasturiy hujjatdir. Muxbirlarimiz bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolaridan intervyu oldi.

Shohida ARIPOVA, Oliy Majlis Senati a'zosi:

— Prezidentimizning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma'ruzasi yangi shakllangan milliy parlamentimiz faoliyati samaradorligini yanada oshirish hamda qonun ijodkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishda dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.

Zero, Yurtboshimiz Oliy Majlis palatalarining o‘tgan davrdagi faoliyatini chuqur tahlil qilib, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va nuqsonlarni ko‘rsatib o‘tdi. Birgina so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan ayrim qonunlar, qonunlarga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar hayotda ijro qilinmasdan, havoda muallaq turib qolayotgani, qonun hujjatlarini ishlab chiqishda ularni amalga oshirish mexanizmlari aniq belgilab berilmayotgani tanqid qilindi.

Shu ma'noda aytganda, har bir deputat, har bir senator saylovchilar manfaatlari va mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida o‘z vazifasiga mas'uliyat bilan yondashmog‘i, har bir qonunni chuqur o‘rganib chiqishi, bunda olimlar, jamoat birlashmalari, saylovchilar fikr-mulohazalariga quloq tutishi ayni zaruratdir.

Senat a'zosi sifatida bizga bildirilgan ishonchni oqlab, aholi salomatligini asrash, ijtimoiy muhofazasiga zarur shart-sharoitlar yaratish, hududlarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni izchil taraqqiy ettirish, muxtasar aytganda, aholi farovonligini oshirishga qaratilgan qonunlarni takomillashtirish va hayotga tatbiq etish yo‘lida bor kuch-g‘ayratimizni, bilimimizni ayamaymiz. Zero, har jihatdan pishiq, mukammal qonunlar odamlarning turmush darajasini yanada yaxshilashga, yurtimiz iqtisodiy barqarorligini ta'minlashga xizmat qiladi.

Istiqbolda bu boradagi faoliyatimizni yanada kuchaytirib, aniq muhokamalar o‘tkazishni maqsad qilayapmiz. Ularda nafaqat jamiyatning u yoki bu sohasida olib borilayotgan ishlarni ko‘rib chiqish, balki ularni yanada yaxshilash bo‘yicha aniq tavsiyalar ishlab chiqish va uning ijrosini yo‘lga qo‘yish doimiy diqqat-e'tiborimizda bo‘ladi.

Turg‘un ISKANDAROV, Oliy Majlis Senati a'zosi:

— Davlatimiz rahbarining Senatning birinchi tashkiliy majlisi hamda Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi ma'ruzalarini yuksak daxldorlik tuyg‘usi bilan tingladik. Darhaqiqat, istiqlol yillarida parlamentimiz yurtimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning muhim ishtirokchisiga aylandi. Ayniqsa, ikki palatali parlament faoliyatining yo‘lga qo‘yilishi demokratik islohotlarning yangi bosqichini boshlab berdi. Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi oqibatlari hali-hanuz bartaraf qilinmagan bir sharoitda iqtisodiyotimizning barqaror sur'atlarda yuqori o‘sish ko‘rsatkichlariga erishayotgani, aholi farovonligi tobora yuksalib borayotgani biz, deputatlar va senatorlardan o‘z faoliyatimizga yanada mas'uliyat bilan yondashishni talab etadi.
Men ham birinchi marta saylangan senator sifatida, avvalo, xalq ishonchiga munosib bo‘lishni oldimga maqsad qilib qo‘ydim. Zero, ochiq, oshkora, milliy va xalqaro qonunchilik me'yorlari asosida bo‘lib o‘tgan saylov natijalariga ko‘ra shakllangan parlamentning har bir a'zosi ayni paytda istiqboldagi reja va vazifalarini belgilab olmoqda.

Darhaqiqat, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim o‘rin tutgan parlament a'zolari barcha jabhalarda faol, mustaqil va asosli qarashlarga ega bo‘lishi bugunning talabiga aylangan. Xususan, senator o‘z faoliyati davomida qonunlar, dasturlarni o‘rganish va qarorlar qabul qilishda umumdavlat manfaatlaridan kelib chiqishi zarur. O‘z navbatida, har bir masalaga o‘zi saylangan hudud manfaatlari nuqtai nazaridan yondashishi lozim. Buning uchun biz — xalq vakillariga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va tegishli qonunlarda to‘la huquq hamda vakolatlar berilgan.

Senatorlar xalq farovonligi va Vatan taraqqiyotiga xizmat qiladigan, xalqaro qonunchilik normalariga javob beradigan, har tomonlama mukammal qonunlarni ma'qullab, ularning joylardagi ijrosini xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlikda nazorat qilishi, saylovchilarni o‘ylantirayotgan muammolarni o‘rganib, hal etish choralarini ko‘rishi ayni muddaodir.

«Xalq so‘zi» muxbirlari
Q. XIDIROV, S. MAXSUMOV yozib oldi.


Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati