O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATIDA UCHRASHUV

26.03.2015

2015 yil 26 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalar qo‘mitasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Pokiston Parlamenti Senati a'zosi M.Talxa va senator, Pokiston ayollar uyushmasi rahbari N.Sadik bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida pokistonlik senatorlarga ikki tomonlama parlamentlararo muloqotning rivojlanishiga, O‘zbekiston va Pokiston xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissalari uchun, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatida faol ishtirok etayotganliklari uchun minnatdorchilik bildirildi.

O‘z navbatida, Pokiston senatorlari M.Talxa va N.Sadik Senatdagi iliq va samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlar samaralari diqqatga sazovorligini qayd etdilar.

M.Talxaning fikricha, bu O‘zbekiston siyosiy taraqqiyotning, iqtisodiy yuksalishning hamda barqaror va mustahkam rivojlanishni ta'minlashning eng to‘g‘ri va samarali yo‘lini tanlab olganidan darak beradi. N.Sadik har ikkala xalqning madaniy va tarixiy jihatdan yaqinligi ikki tomonlama hamkorlikning asosi ekanligini ta'kidladi. U O‘zbekistondagi ayollarning siyosiy va sotsial-iqtisodiy faolligi oshganligiga, davlat va jamiyat qurilishidagi ishtirokiga yuqori baho berdi.

Pokiston senatorlari o‘zaro ish tajribalarini almashish va ikki tomonlama O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi masalalarini muhokama etish maqsadida mamlakatlar parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish muhim ekanligini ta'kidladilar. Shu munosabat bilan M.Talxa «Pokiston-O‘zbekiston do‘stlik jamiyati» raisi sifatida O‘zbekiston va Pokiston parlamentlararo aloqalarini yanada faollashtirish uchun barcha sa'y-harakatlarni ishga solishga tayyorligini bildirdi.

Suhbat so‘ngida mehmonlar O‘zbekiston bilan Pokiston o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar katta salohiyatga ega ekanligini hamda bundan buyongi hamkorlik ikkala mamlakat uchun ham o‘zaro foydali bo‘lishi mumkinligini ta'kidladilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati