O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Madaniy va tarixiy merosni asrab-avaylash burchimizdir

25.04.2015

Madaniy va tarixiy merosni asrash, o‘rganish hamda kelajak avlodga yetkazish barkamol shaxsni tarbiyalashda, uning ma'naviyatini yuksaltirish va pirovardida jamiyatning barqaror rivojlanishini ta'minlashda katta ahamiyatga ega. Bu borada xalqaro hamkorlikni kengaytirish, BMTning Umumjahon madaniy va tabiiy merosini muhofaza qilish to‘g‘risidagi konvensiyasi kabi huquqiy hujjatlarni amaliyotga izchil tatbiq etish hayotiy zaruratdir.

V. Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan majlisda mazkur masalalar atroflicha muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015 yilga va kelgusi yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturini ro‘yobga chiqarish doirasida tashkil etilgan qo‘mita majlisida parlament palatalari a'zolari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputatlari, tegishli vazirlik va idoralar, YuNeSKOning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, shuningdek madaniy, tarixiy hamda tabiiy merosni asrash sohasida faoliyat olib boruvchi olimlar, mutaxassislar va ekspertlar qatnashdi.
Majlisda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida nihoyatda boy hamda rang-barang arxeologik meros ob'ektlari joylashganligi qayd etildi. Aynan shu sababli Qoraqalpog‘iston so‘nggi paytlarda san'atshunoslar, arxeolog olimlar, tadqiqotchilar va sayyohlar e'tiborini tobora keng jalb qilmoqda. Bu zamin o‘zining noyob madaniy, boy tarixiy merosi, shuningdek, tabiiy manzarasi, qadimiy va o‘rta asr yodgorliklari bilan dong taratgan “arxeologik qo‘riqxona” hisoblanadi. Masalan, Ellikqal'a tumanida joylashgan Tuproqqal'a qo‘rg‘oni YuNeSKOning Jahon madaniyati yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan bo‘lsa, Xorazm Oltin halqasi qo‘rg‘onlari mazkur nufuzli tashkilotning Butunjahon merosining dastlabki ro‘yxatidan joy olgan.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda mustaqillik yillarida madaniy va tabiiy meros muhofazasini ta'minlash, uni o‘rganish hamda ommalashtirish, bu sohada xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Xususan, madaniyat va tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish borasida xalqaro huquqning umume'tirof etilgan normalariga muvofiq bo‘lgan mustahkam huquqiy asos hamda institutsional tizim yaratilgan. Jamoatchilikni madaniyat va tabiat yodgorliklarini muhofaza qilish, saqlash hamda konservatsiyalash masalalari yuzasidan xabardor etishga, fuqarolarning madaniy merosni muhofaza qilish sohasida huquqiy-madaniy saviyasini oshirishga qaratilgan tadbirlar muntazam o‘tkazilayotir.
Majlisda O‘zbekistonning madaniy, tarixiy va tabiiy merosini muhofaza etish sohasidagi yutuqlar ta'kidlanib, davlat tuzilmalari hamda fuqarolik jamiyati institutlarining Konvensiya qoidalarini, tegishli milliy qonunchilik talablarini bajarishga doir sa'y-harakatlari samarali muvofiqlashtirilishi zarurligi ta'kidlandi. Xalqaro va ichki turizmni rivojlantirish, yangi sayyohlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shu jumladan, ekologik va madaniy-etnografik turizm sohasini yanada taraqqiy toptirish maqsadga muvofiqligi ko‘rsatib o‘tildi.
Muhokama yakunlariga ko‘ra, madaniy, tarixiy va tabiiy merosni muhofaza qilish sohasidagi faoliyatning normativ-huquqiy, institutsional asoslarini yanada takomillashtirishga, qonun hujjatlarini amalda ro‘yobga chiqarish mexanizmini yaxshilashga, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlarining ushbu sohadagi faoliyatini kuchaytirishga qaratilgan tegishli qaror qabul qilindi.

Hidoyat AHMeDOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati