O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Parlament nazorati samaradorligini oshirish — davr talabi

23.04.2015

Samarqand viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda parlament va deputatlik nazorati samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari: qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti” mavzuida mintaqaviy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015 yilga va kelgusi yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbirda senatorlar, xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputatlari va doimiy komissiyalari raislari, davlat hamda jamoat tashkilotlari rahbarlari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Ta'kidlanganidek, bugun mamlakatimizda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda jamiyatni demokratlashtirish borasida izchil islohotlar hayotga tatbiq qilinmoqda. Ayniqsa, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirishning ahamiyati tobora ortib borayapti. Bu esa qonunlar qanday ijro etilayotganligini o‘rganish hamda ularning amaliyotdagi samarasini aniqlashning ta'sirchan vositasi bo‘lib xizmat qilayotir.
Ma'lumki, parlament yuqori palatasining 2015 yil 22 yanvarda o‘tkazilgan birinchi majlisida qonun chiqaruvchi organda, eng avvalo, mintaqalarning manfaatlarini ifoda etuvchi senatorlar joylarda qonunlarning, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga doir eng muhim davlat dasturlarining ijrosini o‘rganishda, hududlar muammolarini aniqlashda, qonunlar ustida ishlayotganda mintaqalar manfaatlarini har tomonlama hisobga olish uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlik samaradorligini oshirishlari zarurligi ta'kidlangan edi.
Shu sababli davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qonunlar hamda eng muhim davlat dasturlari ijrosini ta'minlash borasidagi faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha viloyat, tuman hamda shahar xalq deputatlari Kengashlari, ularning doimiy komissiyalari bilan hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarur. Bunda joylardagi senatorlar salohiyatidan keng foydalanish talab qilinadi.
— Seminarda parlament nazorati, xususan, senatorlik va deputatlik so‘rovidan samarali foydalanish borasida o‘zaro tajriba almashildi, — dedi senator Zaynab Berdieva. — Parlament nazorati samaradorligini oshirish, qonunlar hamda davlat dasturlarining bajarilishini o‘rganish, nazorat-tahlil tadbirlari natijalari bo‘yicha joylarda qonun hujjatlarini takomillashtirish, qonunlarni ijro etishda yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf qilish bo‘yicha aniq, har tomonlama maromiga yetkazilgan takliflarni ishlab chiqish yuzasidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Seminarda joylarda huquqni qo‘llash amaliyoti sohasida parlament nazoratini kuchaytirish hamda huquqni muhofaza qilish organlari hamda boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatida qonuniylik, ochiqlik hamda oshkoralikni ta'minlash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda senatorlar va deputatlar o‘z faoliyatlari davomida parlament nazoratining senator hamda deputat so‘rovini yuborish turidan keng foydalanib, mansabdor shaxslarning muayyan masalalar yuzasidan hisobotlarini muntazam eshitib borishi muhimligi ham ta'kidlandi.
Seminarda tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.

M. ZIYoDINOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.


O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati