O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma’ruzasi

Hurmatli deputatlar!

Muhtaram senatorlar!

Qadrli do‘stlar!

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga bo‘lib o‘tgan saylovda erishgan g‘alabangiz bilan, xalqimiz tomonidan ko‘rsatilgan yuksak ishonch bilan sizlarni tabriklash, barchangizga sihat-salomatlik, baxt-saodat, faoliyatingizda yangi omadlar tilashga ruxsat bergaysiz.

Bo‘lib o‘tgan saylovlarni kuzatishda ishtirok etgan 70 mingdan ortiq mahalliy va 340 dan ziyod chet ellik kuzatuvchilar, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillarining aksariyat ko‘pchiligining fikricha, bu saylovlar ochiqlik va oshkoralik sharoitida, xalqaro huquq normalari va standartlariga to‘la muvofiq ravishda o‘tdi.

Mazkur saylovlar avvalambor jamoatchiligimiz, xalqimizning ijtimoiy-siyosiy faolligi, siyosiy partiyalar, fuqarolik institutlarining obro‘-e’tibori va nufuzi, yetuklik darajasi sezilarli ravishda oshganini ko‘rsatdi. 

Shu bilan birga, o‘tkazilgan saylovlar mamlakatimizda demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati qurishga qaratilgan, inson huquq va erkinliklari hamda manfaatlarini himoya qilish maqsadida hayotimizga joriy etilayotgan demokratik o‘zgarish va islohotlarning amaliy natijalarini namoyish etdi. 

Bularning barchasini saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish jarayonining o‘zi, ularning yakunlari ham yaqqol tasdiqlab turibdi. Bo‘lib o‘tgan saylovlarda 18 million 500 mingga yaqin fuqaro yoki saylovchilarning 88,9 foizi ishtirok etdi. 

Shunisi diqqatga sazovorki, Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlarning saylovoldi kurashi keskin o‘tgan 135 ta saylov okrugining 22 tasida birinchi bosqichda nomzodlar yetarlicha ovoz ololmadi va bu okruglarda takroriy ovoz berishni o‘tkazishga to‘g‘ri keldi. Bu esa saylovlarning demokratik asosda o‘tkazilganidan dalolat beradi. 

Fursatdan foydalanib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi va joylardagi barcha saylov komissiyalariga, saylovlarning qonunlarga, Konstitutsiyamiz normalari, umume’tirof etilgan xalqaro demokratik prinsip va talablarga mos ravishda o‘tishi uchun kuch-g‘ayratini safarbar etgan minglab faollarga minnatdorlik bildiraman. 

Evropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, ko‘pgina davlatlarning milliy saylov komissiyalari vakillari, xorijiy mamlakatlardan kelib qatnashgan siyosatchi va kuzatuvchilarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan alohida chuqur minnatdorlik bildirish barchamizga katta mamnuniyat yetkazadi.

Hurmatli do‘stlar! 

Bugun Oliy Majlisimizning avvalgi tarkibi faoliyatiga yakun yasar ekanmiz, xolisona ta’kidlashimiz darkor – parlamentimiz tomonidan amalga oshirilgan ishlar demokratik islohotlarni hayotimizga joriy etishda, fuqarolik jamiyati qurish yo‘lida qo‘ygan qadamlarimizda munosib hissa bo‘ldi, desak, hech qanday xato bo‘lmaydi. 

O‘tgan davr mobaynida hammasi bo‘lib 140 dan ortiq qonun va me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. 

Oliy Majlis tomonidan 2010-yilning noyabr oyida qabul qilingan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi, hech shubhasiz, bizning ertangi kunimizni belgilab beradigan, ham siyosiy, ham iqtisodiy islohotlarimizning Strategik dasturiga aylandi.

Konsepsiya doirasida bugungi kungacha qabul qilingan 27 ta qonun, ularni keng miqyosda muhokama etish va qabul qilish jarayonining o‘zi davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish va erkinlashtirish, sud hokimiyati mustaqilligini, so‘z va axborot hamda saylov erkinligini ta’minlash, saylov tizimi va fuqarolik institutlarini rivojlantirishda muhim omil va katta amaliy hissa bo‘ldi. 

Mazkur Konsepsiyaga muvofiq, 2011-yilda va 2014-yilda Konstitutsiyamizga kiritilgan tuzatishlar, davlat qurilishi sohasida qabul qilingan boshqa qator qonunchilik hujjatlari davlat hokimiyatining asosiy subyektlari – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis, mamlakat hukumati vakolatlarini, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyati o‘rtasida o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati mexanizmlarini yanada rivojlantirish va optimallashtirishni ta’minladi. 

Davlat hokimiyati tizimida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va joylardagi vakillik organlarining rolini sezilarli ravishda oshirish, hukumat, ijro hokimiyati organlarining mustaqilligi va vakolatlarini kengaytirish va ayni paytda qabul qilingan qonunlarning bajarilishi va ta’sirchanligini yanada kuchaytirishga imkon yaratdi. 

Mamlakatimizda sud-huquq sohasini demokratik asosda yanada isloh etish, mustahkamlash va erkinlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tizimli ishlarda parlamentning alohida o‘rin tutganini ta’kidlash zarur. 

Ana shu davrda parlament tomonidan qabul qilingan 30 ga yaqin qonunchilik hujjatlari qonun ustuvorligini ta’minlash, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishda huquqni muhofaza qilish tizimining samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘ldi.

Parlament fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini mustahkamlashga ham salmoqli hissa qo‘shdi. Bu sohada qabul qilingan o‘nga yaqin qonunchilik hujjatlari, jumladan, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonun va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, fuqarolarning ijtimoiy faolligini oshirish, jamiyatimizda manfaatlar muvozanatini ta’minlash kabi eng muhim vazifalarni hal etishda fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini yanada kuchaytirdi. 

Shu borada O‘zbekiston Ekologik harakatining faoliyatini alohida qayd etishni istardim. 2008-yilda Qonunchilik palatasida ushbu harakat vakillariga o‘n beshta deputatlik o‘rnini ajratish haqida qabul qilingan qaror naqadar to‘g‘ri bo‘lganini hayotning o‘zi tasdiqladi. 

So‘nggi yillarda mazkur harakatning Qonunchilik palatasidagi deputatlar guruhi sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni himoya qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, bu sohaga fuqarolik institutlarini faol jalb qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan 9 ta qonun, xususan, “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. 

Parlament tomonidan demokratik va bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, iqtisodiyotni erkinlashtirish va tarkibiy o‘zgartirish, kichik biznes, tadbirkorlik, fermerlik harakatini keng rivojlantirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qilayotgan 30 dan ortiq qonunchilik hujjati qabul qilindi. 

Bugungi kunda Oliy Majlis har yili, hukumat taqdimnomasiga ko‘ra, ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturini ko‘rib chiqib, tasdiqlamoqda, uning hayotga tatbiq etilishi ustidan parlament nazoratini olib bormoqda. 2014-yilgi dasturni amalga oshirish natijasida mamlakatimizda 980 mingdan ortiq, jumladan, yoshlar, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etildi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘tgan davrda yaratilgan mustahkam me’yoriy-huquqiy baza ayniqsa dunyoda hali-beri davom etayotgan moliyaviy-iqtisodiy inqiroz sharoitida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan barqaror sur’atlar bilan rivojlantirishning muhim omiliga aylandi. O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o‘sish sur’atlari so‘nggi 10-yilda dunyodagi sanoqli davlatlar qatorida 8 foizdan kam bo‘lmasdan kelmoqda. Shu bilan birga, sanoat ishlab chiqarishi, investitsiyalar hajmi va aholining real daromadlari jadal ravishda o‘sib bormoqda.

Bunday natijalar bilan har qancha faxrlansak arziydi, albatta. 

Oliy Majlis palatalarining qonun ijodkorligini amalga oshirish bo‘yicha yangi, zamonaviy faoliyat shakllarini joriy etishga qaratilgan ishlarini alohida qayd etish joiz.

Qonunchilik palatasi tomonidan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha birinchi marta huquqiy tajriba amalga oshirildi. Xorijiy ekspertlarning fikriga ko‘ra, noyob xususiyatga ega bo‘lgan ushbu tajriba sifatli, hayotning bugungi talablariga javob beradigan qonunchilik hujjatlarini tayyorlash va qabul qilishning zamonaviy usullarini sinab ko‘rish imkonini berdi. 

Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutini o‘z vaqtida tashkil etganimiz parlament faoliyati samaradorligini oshirishga katta hissa bo‘lib qo‘shilganini qayd etmoqchiman. Mustaqil tuzilma bo‘lgan mazkur institut qonunchilik, qonun ijodkorligi faoliyatini sifat jihatdan yaxshilashga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Institut tomonidan amaldagi qonunchilikni qiyosiy tahlil qilish, qonun ijodkorligi sohasidagi xorijiy tajribani o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. Hech shubhasiz, bu ishlar qonun ijodkorligi borasida oldimizda turgan vazifalarni samarali hal etish imkonini beradi va ularni yanada rivojlantirishni, buning uchun zarur tashkiliy-texnik sharoitlarni yaratishni talab qiladi.

Biz bundan roppa-rosa o‘n yil oldin tarkibida deputatlar doimiy ravishda, professional asosda ishlaydigan Qonunchilik palatasi va shuningdek, hududiy vakillardan iborat qonunchilik organi bo‘lmish Senat faoliyat ko‘rsatadigan ikki palatali parlamentni tashkil etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan edik. Bugun ana shu maqsadimiz to‘liq ro‘yobga chiqdi, deb ishonch bilan aytishimiz mumkin. Natijada qabul qilayotgan qonunlarimiz sifati sezilarli darajada oshdi, mintaqalar, tarmoqlar va davlatning umumiy manfaatlari mutanosibligi tobora samarali ta’minlanmoqda.

Ayni paytda biz parlament faoliyatini zamonaviy talablarni inobatga olgan holda tubdan yaxshilash, qonun ijodkorligi va qonunchilik faoliyati sifatini oshirishni maqsad qilib qo‘yar ekanmiz, Oliy Majlisning o‘tgan davrdagi faoliyatini xolisona baholab, ko‘zga tashlanadigan kamchilik va jiddiy nuqsonlar ustida alohida to‘xtalib o‘tishni zarur, deb bilaman. 

Nega deganda, yo‘l qo‘yilgan kamchilik va xatolarni tan olmasdan, iqror bo‘lmasdan turib, ularni yo‘q qilish og‘ir kechadi. 

Birinchidan. Oliy Majlisimiz qonunni, huquqni qo‘llash amaliyotiga yetarlicha e’tibor bermayotganini e’tirof etish kerak.

Qonunlar qabul qilinishi bilan hayotimizda nima o‘zgardi, ular taraqqiyotga, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, sud-huquq islohotlarining borishiga qanday ta’sir ko‘rsatdi, degan savollarga kamdan-kam e’tibor beramiz. 

Masalan, biz qonunchilikni erkinlashtirish haqida ko‘p gapiramiz. Shu bilan birga, odamlar o‘z hayotida bunday erkinlashtirish jarayonini qanday his etayotganiga, bu haqda jurnalistlar, sharhlovchilar nimalarni gapirayotganiga qarab, bu ishlarning natijasiga eng aniq baho berish mumkin. 

Ayni vaqtda shuni ham tan olishimiz kerakki, qabul qilinayotgan qonunlar odamlar hayotiga, siyosiy, iqtisodiy taraqqiyotga qanday ta’sir ko‘rsatayotgani haqida joylardan kelib turadigan, parlamentga o‘z faoliyatini yanada takomillashtirish imkonini beradigan axborot almashish mexanizmi deyarli ishlamayapti. 

Shu bois Oliy Majlis palatalarining qonunchilik faoliyatini tartibga soladigan huquqiy hujjatlarda qonunlarni ijrochilarga yetkazish va shuningdek, huquqni qo‘llash va amalga oshirish samaradorligini albatta o‘rganishni va shu asosda parlament palatalarining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil ishlari dasturlariga zudlik bilan tuzatishlar kiritishni ko‘zda tutadigan me’yoriy-huquqiy mexanizmlarni mustahkamlash – bugungi kunda dolzarb vazifaga aylanishi darkor. 

Ikkinchidan. O‘rganishlar natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, ko‘pincha qabul qilinayotgan qonunlar, ularga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ishlamayapti. Buning sababi, birinchidan, ushbu qonunlarda ulardagi normalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq mexanizmlar ishlab chiqilmagani bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchidan, mazkur qonunlarning samarali ishlashiga yordam beradigan tegishli qonunosti hujjatlari chiqarilmayotganida bo‘lib, ularsiz esa bu qonunlarda belgilangan qoidalar umuman ishlamayotganini anglab olishimiz darkor. 

Endi o‘zimizga bir savol berib ko‘raylik: parlamentimiz qabul qilishni “yaxshi ko‘radigan”, ijro mexanizmlariga ega bo‘lmagan qonunlar nima uchun “havoda osilib, muallaq bo‘lib” qolmoqda? Nima uchun ular mantiqiy yakuniga yetkazilmayapti, huquqni qo‘llash bosqichigacha olib borilmayapti? 

O‘ylaymanki, bu boradagi asosiy sabablardan biri shuki, biz qonunlarni qabul qilar ekanmiz, ularni ishlab chiqish jarayonidayoq qo‘yishimiz kerak bo‘lgan savolni, ya’ni bu qonunga real hayotda qay darajada ehtiyoj bor va u qanchalik samarali ishlaydi, degan savolni o‘z oldimizga qo‘ymaymiz. Bu esa qonunchiligimizda takrorlar va ziddiyatli holatlarning uchrab turishiga, uning samaradorligi pasayishiga sabab bo‘lmoqda. 

Shu o‘rinda bir misol keltirmoqchiman. 2014-yilning may oyida Konsepsiyaga muvofiq “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qildik. Ochiq tan olish kerak, korporativ boshqaruv sohasida muhim hujjat bo‘lgan bu qonun haligacha to‘liq ishlagani yo‘q. 

Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, aksiyadorlar, avvalambor, aksiyalarning minoritar egalari o‘z huquqlaridan to‘liq foydalanmayapti, ular aksiyadorlik jamiyatlari faoliyatiga ta’sir ko‘rsatmayapti.

Buning asosiy sabablaridan biri shuki, huquqning boshqa sohalari, xususan, ma’muriy, jinoyat, xo‘jalik qonunchiligida ushbu qonun qabul qilinishi bilan bir paytning o‘zida uning ijrosini ta’minlaydigan ma’muriy-huquqiy, sud-huquq mexanizmlari ko‘zda tutilmagan. Xususan, aksiyadorlarning huquqlarini buzgani uchun mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligi belgilanmagan.

Ayni paytda korporativ boshqaruv tizimi rivojlangan mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ularning qonunchiligida javobgarlik, sud himoyasi korporativ munosabatlar va ular bilan bog‘liq tartib-taomillarning deyarli barchasini qamrab olgan.

Bir haqiqat hammamizga aniq va ravshan bo‘lishi kerak – bozor islohotlarini chuqurlashtirish sohasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar, xususan, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida biz qonunlarimizda belgilab qo‘yayotgan rag‘batlantiruvchi omillar, preferensiyalar qachon ishlaydi? Qachonki huquqning yuqorida qayd etilgan boshqa tarmoqlariga tegishli bo‘lgan huquqiy institutlar, avvalo, sud-huquq sohasining ta’sir ko‘rsatish mexanizmlari bilan mustahkamlab qo‘yilgan taqdirdagina ular o‘z samarasini beradi. 

Hozirgi sharoitda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir ko‘rsatadigan qonunlar, kodifikatsiya qilingan qonunchilik hujjatlarini qabul qilish, yangi qonunlarda belgilangan qoidalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishni ta’minlaydigan qonunosti hujjatlarini o‘z vaqtida e’lon qilish muhim ahamiyatga ega. 

Ana shu masalalarning barchasi Oliy Majlis palatalarining doimiy diqqat-e’tiborida bo‘lishi darkor. Takror va takror aytishni zarur deb bilaman – birinchi navbatda, aynan qonun qabul qiladigan oliy qonunchilik organi nafaqat bu qonunlarning so‘zsiz bajarilishidan, ayni paytda ularning bir-biriga zid kelib qolmasligi, qonunchilikning aniq tizimga asoslanishi, umuman, huquqiy tartibga solish tizimining mukammal bo‘lishini ta’minlashdan manfaatdor bo‘lishi zarur.

Uchinchidan. Qonun loyihalarini davlat boshqaruvi, fuqarolik jamiyati institutlarining turli bo‘g‘inlarida keng va amaliy muhokama qilishni ta’minlash muhimdir. Aytish kerakki, biz bu ish bilan deyarli shug‘ullanmaymiz yoki nomigagina shug‘ullanamiz. 

Buning sabablari juda ko‘p. Balki bunday muhokamalar chog‘ida qonun loyihasi yangi qoidalar bilan kengayib ketishidan va bu qoidalar asosida qonun loyihasini o‘zgartirish, uni qayta ishlashga to‘g‘ri kelishidan qo‘rqarmiz? Shu bilan birga, bu masalada qonun loyihasini ishlab chiquvchilarning o‘ziga bino qo‘yishi, professional darajasining pastligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. 

Hech kimga sir emas, amaliyotchilar tajribasi ko‘proq bo‘lgani uchun qonunlarning mohiyatini qonun chiqaruvchilardan ko‘ra yaxshiroq biladi. Ishimiz samarali bo‘lishi, qonunchilikning sifati va ta’sirchanligini oshirish uchun olimlar, yuqori malakali mutaxassis va ekspertlarni keng jalb etgan holda, qonun loyihasini albatta atroflicha muhokama etish shart, deb o‘ylayman. 

Qonunlar loyihalari, ayniqsa, aholining hayotiy muhim manfaatlari, ijtimoiy huquqlariga bevosita daxldor bo‘lgan qonunchilik hujjatlari muhokamasiga jamoatchilikni, fuqarolik institutlari vakillarini ham keng jalb etish lozim. 

Avvalambor, so‘z mamlakatni boshqarishda fuqarolarning ishtirokini har tomonlama kuchaytirish haqida bormoqda. Davlat boshqaruvi asosini qonunlar tashkil etar ekan, qonun ijodkorligi sohasida fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etishi zarur. Shu munosabat bilan bu boradagi ishlarning ochiqligini ta’minlash, jamoatchilikni parlament palatalarining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatidan har tomonlama xabardor qilib borish muhim vazifa bo‘lib hisoblanadi. 

To‘rtinchidan. Qonun loyihalarini xorijiy huquqiy amaliyot bilan har tomonlama chuqur qiyosiy tahlil qilish asosida ularni muhokama etish, tayyorlash ishlarini sifat jihatidan yanada yuqori bosqichga ko‘tarish darkor. Tan olishimiz kerak, biz bu masalaga ham yetarlicha e’tibor bermayapmiz. 

Demokratik davlatlarning qonun ijodkorligi tajribasini o‘rganishga, shuningdek, tayyorlanayotgan qonun loyihalarini rivojlangan xorijiy mamlakatlarda qabul qilingan shunday qonunlar loyihalari bilan qiyosiy tahlil qilishga bag‘ishlangan turli konferensiya va seminarlar, davra suhbatlarini o‘tkazish muayyan qonun loyihasini va umuman, qonunchiligimizni boyitish uchun yangi materialga ega bo‘lish imkonini beradi. Aynan shu sababdan bunday tadbirlar biz uchun qonun ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishda samarali vosita bo‘lishi darkor. 

Yuqorida bayon qilingan ana shu fikrlar, o‘z navbatida, parlamentda olib borilayotgan tahliliy ishlar samaradorligini, deputatlarning tayyorgarlik, xabardorlik va malaka darajasini, boshqacha aytganda, professional saviyasini sezilarli ravishda oshirishni taqozo etadi. Shu munosabat bilan deputatlarning professional darajasini muntazam oshirish Oliy Majlisning kelgusi besh yildagi butun faoliyati davomida eng muhim yo‘nalishga aylanishi darkor.

Beshinchidan. Qonunchilik palatasi faoliyatida siyosiy partiyalar fraksiyalarining o‘rni va ahamiyatini yanada oshirish, ko‘ppartiyaviylik tizimini izchil rivojlantirish ham muhim vazifalardandir. 

2007-yilda qabul qilingan “Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunning bu boradagi ahamiyatini ta’kidlashga barcha asoslarimiz bor. 

Mazkur qonunda fraksiyalarning huquqiy maqomi, jumladan, parlamentdagi ko‘pchilik va parlamentdagi muxolifat maqomi, ularning alohida huquqlari va faoliyati samaradorligining kafolatlari aniq belgilangan. Joylardagi davlat boshqaruvi organlari faoliyatini nazorat qilish bo‘yicha hokimiyat vakillik organlarida deputatlar guruhlarining roli sezilarli ravishda oshirilgan. Qonundagi shu va boshqa qator muhim qoidalar mamlakatimizda amaldagi ko‘ppartiyaviylik tizimini mustahkamlash va rivojlantirishga katta ta’sir ko‘rsatdi. 

Oliy Majlis – parlamentimizda va mahalliy vakillik organlarida fraksiyalar yoki ayrim deputatlar o‘rtasida doimo fikrlar qarama-qarshiligi, munozaralar bo‘lishi kerak, aynan shu yerda siyosiy partiyalarning dasturiy maqsadlari, manfaatlari ifoda etilib, deputatlar o‘z fikrlarini ilgari suradigan kuchli bahs va raqobat bo‘lishi muhim ahamiyatga ega.

Bahs-munozaralar, g‘oya va dasturlar, muqobil qonun loyihalari o‘rtasidagi raqobat eng muhim, prinsipial ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy muammolar bo‘yicha haqiqiy professional asosda amalga oshirilishi lozimligini barchamiz tushunamiz, albatta. 

Oltinchidan. Siyosiy fraksiyalar hamda deputatlarning faolligi, tashabbuskorligi haqida alohida to‘xtalib o‘tmoqchiman.

O‘tgan besh yil mobaynida parlament tomonidan qabul qilingan 140 dan ziyod qonunning atigi 19 tasi Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusi bilan qabul qilinganini qoniqarli, deb bo‘lmaydi. Qolaversa, ana shu qonunlarning bor-yo‘g‘i 3 tasi yangi qonunchilik hujjatlari bo‘lib, 16 tasi amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq, asosan yuridik-texnik xususiyatga ega bo‘lgan qonun hujjatlaridir.

Bugungi sharoitda fraksiyalar va deputatlarning mamlakatimiz uchun zarur bo‘lgan qonunlarni ishlab chiqishda tashabbus ko‘rsatish va ularni qabul qilish bo‘yicha faoliyatini prinsipial jihatdan qayta ko‘rib chiqish kerak, desam, o‘ylaymanki, bu fikrga sizlar ham qo‘shilasiz. Fraksiyalar va deputatlar faoliyati yanada faol va mazmunli bo‘lishi, o‘z siyosiy partiyalari va ularning elektorati manfaatlari hamda ko‘rsatmalarini hisobga olgan holda yo‘lga qo‘yilishi lozim. 

Ayni paytda partiya va fraksiyalarning u yoki bu qonun bo‘yicha pozitsiyasi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning muhim masalalariga doir fraksiyalararo bahs-munozaralar mazmun-mohiyatidan keng jamoatchilik va saylovchilarni har tomonlama to‘liq xabardor qilib borish darkor. Hokimiyat, xalq hokimiyati va parlamentarizmni demokratik asosda tashkil etishning mohiyati ham shundan iborat.

Ana shu masalada ommaviy axborot vositalarining faolligi ham talab darajasida emasligini ta’kidlash ham, o‘ylaymanki, ortiqcha bo‘lmaydi.

Ayrim deputatlarning ommaviy axborot vositalari va televideniye vakillari bilan muloqotdan o‘zini tortish holatlari ham, afsuski, uchrab turadi.

Ettinchidan. Konstitutsiyaviy islohotlar nuqtai nazaridan Oliy Majlis palatalari va eng avvalo, fraksiyalarning davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish, qabul qilinayotgan qonunlar, muhim ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy davlat dasturlarining ijrosini so‘zsiz ta’minlash borasidagi faoliyati sifat jihatidan yangi asosda qurilishi lozim.

O‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, o‘tgan besh yilda har ikki palata tomonidan turli davlat boshqaruvi organlariga ayrim ijtimoiy masalalar bo‘yicha atigi 7 ta so‘rov yuborilgan. Yangi konstitutsiyaviy sharoitda parlament eshituvlari, hukumat a’zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining qonunchilik talablarining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish, deputatlarning so‘rovlariga atroflicha javob qaytarishni ta’minlash parlamentning kundalik ishi bo‘lmog‘i zarur. 

Deputatlarning saylovchilar bilan ishlashini tubdan yaxshilash, palatalar faoliyatiga parlament nazoratining zamonaviy usullarini tatbiq qilish, jumladan, davlat byudjetini shakllantirish va mamlakatimizning ushbu muhim iqtisodiy hujjati ijrosini nazorat qilishning zamonaviy usullarini joriy etish muhim vazifalardan biridir. 

Oliy Majlis palatalari tomonidan nazorat vazifasini amalga oshirishning ana shu va boshqa qator shakllari hamda usullarini “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi qonunda tizimli va aniq mustahkamlab qo‘yish zarur. Bugungi kunda ushbu qonun loyihasi mamlakatimiz ekspertlar hamjamiyati tomonidan keng muhokama qilinmoqda. 

Sakkizinchidan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining o‘zaro hamkorligi samarasini yanada oshirish masalasi e’tibor markazimizda turishi shart. 

Bu haqda so‘z yuritganda, parlamentning ikki palatasi – bu yaxlit tizim, mamlakatimizning yagona qonunchilik organi ekanini ta’kidlash zarur, deb hisoblayman. Ochiq aytish kerakki, ilgari, ikki palatali parlamentimiz ish boshlagan dastlabki paytlarda, o‘zaro hamkorlikda, qonunchilik faoliyatining ma’no-mazmunini belgilab beradigan umumiy maqsadlarga erishish uchun kelishib harakat qilish o‘rniga palatalar o‘rtasida ularning qaysi biri ko‘proq vakolatga ega ekani haqida, qabul qilinayotgan qonunlarning ahamiyati va mazmunini qaysi palata yaxshi tushunishi haqida o‘rinsiz tortishuvlar ham bo‘lgan edi. 

Hozirgi kunda bunday muammolarning oldini olish maqsadida ikki palata vakillaridan iborat muvofiqlashtiruvchi kengashning tashkil etilgani va so‘nggi yillarda amalga oshirilgan boshqa qator tashkiliy va huquqiy chora-tadbirlar natijasida bunday tushunmovchilikka chek qo‘yildi. Lekin bunday vaziyatlar yangi tarkibdagi deputatlar va senatorlar orasida paydo bo‘lishining oldini olish zarur, deb o‘ylayman. 

Hurmatli xalq deputatlari va senatorlar, majlis ishtirokchilari! 

Bugungi kunda dunyoda sodir bo‘layotgan voqealarni xolisona baholar ekanmiz, keskinlik va xavf-xatarlarning tobora o‘sib, geosiyosiy qarama-qarshiliklar, o‘z ta’sir doirasini kengaytirishga qaratilgan kurashning, radikalizm, terrorizm va ekstremizm kabi tahdidlarning kuchayib borayotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo‘ymaydi, albatta. 

Ko‘pchilik davlatlar qatorida O‘zbekistonimizda ham ayni mana shunday tahlikali vaziyatning oldini olish, ostonamizga qo‘ymaslik, yurtimizda bugun hukm surayotgan tinchlik va barqarorlik, mehr-oqibat muhitini asrash, shu bilan birga, yuz berishi mumkin bo‘lgan har qanday xatarli burilishlarga tayyor bo‘lish maqsadida o‘zimizning qat’iy pozitsiyamiz va siyosatimizni aniq belgilab olganmiz. 

Shular qatorida 2012-yili qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Tashqi siyosiy faoliyati konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonunda belgilab berilgan, bizning xavfsizligimiz bilan bog‘liq bo‘lgan prinsiplar va pozitsiyalarimiz bugungi kunda jahon jamoatchiligiga yaxshi ayondir. 

Avvalambor, uzoq va yaqin qo‘shnilarimiz bilan til topishib, ular bilan o‘zaro hamkor va hamjihat bo‘lib yashash va eng muhimi, hech qanday harbiy bloklarga qo‘shilmaslik, muqaddas yurtimiz tuprog‘ida chet mamlakatlarning harbiy bazalarini joylashtirishga va harbiylarimizning chegaralarimiz tashqarisiga o‘tishiga yo‘l qo‘ymasligimiz shular jumlasidandir. 

Bugun yuzaga kelayotgan xalqaro vaziyatda ayni shu yo‘l, shu siyosat biz uchun maqbuldir. 

Aziz deputatlar va senatorlar!

Yana va yana bir bor barchangizni ana shunday ulug‘ va sharafli, shu bilan birga, o‘ta mas’uliyatli ishonch va vazifaga sazovor bo‘lganingiz bilan tabriklab, oldingizga qo‘yilgan yuksak maqsadlarga erishishda avvalo sihat-salomatlik, bardamlik, yangi zafar va omadlar tilayman.

Hurmatli deputatlar!

Muhtaram senatorlar!

Shu fursatdan foydalanib, sizlar bilan yana bir masala bo‘yicha fikr almashib olsak, o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylayman.

Ma’lumki, saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini olgan siyosiy partiya tomonidan Bosh vazir lavozimiga nomzodni taklif etish, ushbu nomzodni Prezident tomonidan ko‘rib chiqish, yangi parlamentning qo‘shma majlisida bu nomzodni muhokama qilish va tasdiqlash tartibi Konstitutsiyamizning 98-moddasida va shu asosda qabul qilingan tegishli qonunlarimizda aniq belgilab qo‘yilgan.

Shu bilan birga, Bosh vazirning vazifalari, uning qonuniy vakolatlari va mas’uliyati ham Asosiy qonunimizda o‘z aksini topgan.

Konstitutsiyamizga kiritilgan oxirgi qo‘shimcha va o‘zgartishlarga muvofiq, Bosh vazir va umuman, ijro hokimiyatining vazifalari va shu bilan birga, vakolatlari, bir so‘z bilan aytganda, mas’uliyati ancha kengaygani haqida barchamiz xabardormiz. 

Hech kimga bu sir emas – Bosh vazir lavozimiga nomzod tanlash va uni tasdiqlab olish haqida gap borar ekan, albatta, bu o‘ta murakkab va mas’uliyatli masala ekanini hammamiz o‘zimizga yaxshi tasavvur qilamiz. 

Bu vazifaga har tomonlama chuqur bilim va aql-zakovatga, keng fikrlash qobiliyati, katta hayot tajribasiga ega bo‘lgan, turli sinovlarda toblangan, muxtasar aytganda, ko‘pni ko‘rgan, mamlakatimizni rivojlantirish, taraqqiy toptirishda, yirik loyihalarni amalga oshirishda talabchan, tashkilotchi va jonkuyar, mas’uliyatli, javobgarlikni o‘z zimmasiga oladigan, eng muhimi, har qanday vaziyatda ham odamlar bilan til topishishga, obro‘ qozonishga qodir bo‘lgan, o‘zining xususiyat va alomatlari bilan ajralib turadigan insonni topish – bu ancha murakkab va og‘ir vazifadir. 

Shu ma’noda, bugun sizlarning muhokamangizga taqdim etiladigan nomzod o‘z faoliyati va bajargan vazifalari bilan el-yurtimiz, Vatanimiz erishgan marralarni qo‘lga kiritishda munosib hissa qo‘shgan odam bo‘lishi shart, desam, adashmagan bo‘laman.

Ayni hozir tilga olingan xususiyat va alomatlarga to‘g‘ri keladigan, javob beradigan insonni topish qanday og‘ir bo‘lmasin, barcha-barcha fikrlarni, xulosalarni inobatga olgan holda, ushbu vazifaga O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimida faol mehnat qilayotgan Mirziyoyev Shavkat Miromonovich nomzodini tavsiya etaman.

O‘ylaymanki, bu nomzodni siz, hurmatli deputat va senatorlar hammangiz yaxshi bilasiz.

Shavkat Mirziyoyev o‘z rahbarlik faoliyati davomida turli mas’ul lavozimlarda ishlagan, katta tashkilotchilik va amaliyot tajribasi bilan obro‘ qozongan. Uni mamlakatimiz viloyatlari va tumanlaridagi barcha hokimlar, katta-kichik rahbarlar, xalqimiz yaxshi taniydi. 

Siz xalq vakillari – hurmatli deputat va senatorlar ham bu nomzodni qo‘llab-quvvatlaysiz, deb ishonaman.


Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati