O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi to‘g‘risida axborot

Toshkent shahrida 23-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasi a’zolari, idoralar va tashkilotlar rahbarlari, mamlakatimizda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakillari, mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalarining muxbirlari qatnashdi.

Majlisni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Spikeri N.Ismoilov boshqardi.

Kun tartibi tasdiqlanganidan keyin deputatlar va senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yangi saylangan Oliy Majlis oldida o‘z vakolatlarini zimmasidan soqit qilishi to‘g‘risidagi murojaatini ko‘rib chiqdi. 

Prezidentimiz Islom Karimov qo‘shma majlisda ma’ruza qildi.

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari S.Turdiyev, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining yoshlar bilan ishlash bo‘yicha o‘rinbosari, senator I.Mirzaaliyev, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari H.Ketmonov, Toshkent axborot texnologiyalari kasb-hunar kolleji direktori, senator A.Shin, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari S.Otamuratov, Toshkent pediatriya tibbiyot institutining Nukus filiali direktori, senator O.Ataniyozova so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining ma’ruzasidagi yo‘nalishlar va xulosalarni qo‘llab-quvvatladi.

Prezidentimiz Islom Karimovning ma’ruzasida qo‘yilgan vazifalarni amalga oshirish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish to‘g‘risida Oliy Majlis palatalarining qo‘shma qarori qabul qilindi.

Mamlakatimiz Prezidenti Oliy Majlis ko‘rib chiqishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga Shavkat Mirziyoyev nomzodini tavsiya etdi.

Shavkat Mirziyoyev qo‘shma majlisda Vazirlar Mahkamasining yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturi haqida nutq so‘zladi.

Parlament a’zolari ko‘rsatilgan nomzodni ma’qulladi va Shavkat Mirziyoyevni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri etib tasdiqladi. Ushbu masala yuzasidan Oliy Majlis palatalari tegishli qarorlar qabul qildi.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisi o‘z ishini yakunladi.

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati