O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning muhim sharti

22.04.2015

Farg‘ona viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan “Nazorat qiluvchi organlar faoliyatidagi qonuniylik, xolislik va oshkoralik — ishbilarmonlik muhitini yaxshilash va iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirishning muhim sharti” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Senat a'zolari, xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi deputatlari va doimiy komissiyalari raislari, mahalliy davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari rahbarlari, kichik biznes vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Qayd etilganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, ishbilarmonlik va investitsiya muhitini tubdan takomillashtirish, yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda erkin bozor iqtisodiyoti talablari hamda tamoyillariga va umume'tirof etilgan xalqaro normalarga muvofiq biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida faol ish olib borilmoqda.
Ayni paytda Yurtboshimizning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlangan Oliy Majlis palatalarining qo‘shma majlisidagi nutqida ta'kidlab o‘tilganidek, “Ertangi kunni, kelajak istiqbolimizni o‘ylaydigan bo‘lsak, bugun iqtisodiyotimizda amalga oshirayotgan keng ko‘lamli islohotlarni, avvalambor, tarkibiy o‘zgarishlarni yanada chuqurlashtirish, yangi, zamon talab qiladigan darajaga ko‘tarish masalasini hal qilmasdan turib, ochiq aytishimiz kerak, biz o‘z maqsadlarimizga — taraqqiy topgan demokratik davlatlar qatoriga ko‘tarilishimiz haqida gapirishning hojati qolmaydi.
Birinchi navbatda Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan ko‘p tarmoqli iqtisodiyotimizning ustuvor sohasi bo‘lmish xususiy mulk va xususiy tadbirkorlik yo‘lidan barcha g‘ov va to‘siqlarni yo‘q qilish — biz uchun hal qiluvchi, ustuvor vazifaga aylanishi darkor”.
Davra suhbatida ushbu vazifalarni ro‘yobga chiqarishda nazorat qiluvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik prinsiplariga rioya qilinishini ta'minlash muhim ahamiyatga ega ekanligi ta'kidlandi. Zero, ushbu idoralar faoliyati xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik sub'ektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishga, qonunlarning ro‘yobga chiqarilishiga ko‘maklashish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgandir.
Bugungi kunda nazorat organlari tomonidan ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash bo‘yicha muayyan chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani, tadbirkorlarga har tomonlama huquqiy va boshqa yordam ko‘rsatilayotgani aytib o‘tildi.
Yig‘ilishda senatorlar ayrim nazorat qiluvchi organlar, shu jumladan, mahalliy davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlarining faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik tamoyillarini ta'minlash masalalarida mavjud bo‘lgan ba'zi xato hamda kamchiliklarni ham ko‘rsatib o‘tdilar. Nazorat qiluvchi organlar tomonidan xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida yetarlicha yoritib berilmayotgani ta'kidlab o‘tildi.
So‘zga chiqqanlar nazorat qiluvchi organlar faoliyatini ommaviy axborot vositalarida muntazam yoritib borish, doimiy komissiyalar majlislarida va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari sessiyalarida mansabdor shaxslarning qonunlar hamda davlat dasturlari ijro etilishi haqidagi axborotlarini eshitish ham muhim ahamiyat kasb etishini qayd etishdi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015 yil va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturida bu borada aniq vazifalar belgilab olingani, xususan, qonunlar, davlat hamda hududiy dasturlar ijrosi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, bu borada xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha qator chora-tadbirlar ishlab chiqilishi ko‘zda tutilgan.
Tadbirda ishtirokchilar o‘zaro fikr va tajriba almashdilar, xususiy mulkchilik hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi barcha g‘ov va to‘siqlarni bartaraf etishda, mamlakatimizda ishbilarmonlik muhiti hamda investitsiya sharoitlarini yaxshilashda, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish hamda soddalashtirishda, ko‘rsatilayotgan zamonaviy bank-moliya xizmatlari turlarini kengaytirish va sifatini oshirishda nazorat organlarining roli hamda ahamiyatini yanada kuchaytirish masalalari yuzasidan ayrim taklif va tavsiyalarni bildirdilar. Bunda mahalliy Kengashlar deputatlari hamda ular doimiy komissiyalarining nazorat qiluvchi organlar bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati.


O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati