O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqi

Prezident Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi nutqi - 22.01.2015

Assalomu alaykum, qadrli do‘stlar!

Hurmatli Senat a’zolari!

Avvalambor, bugun siz, azizlar bilan uchrashib turganimdan va shu fursatdan foydalanib, barchangizga o‘zimning chuqur hurmatimni bildirish, sihat-salomatlik, bardamlik, tinchlik-omonlik tilashdan baxtiyorman. 

Sizlarni saylovchilarimiz, xalqimizning yuksak ishonchini qozonib, senator degan sharafli nomga sazovor bo‘lganingiz bilan samimiy tabriklab, faoliyatingizda yangi omadlar tilayman.

Hammamizga ma’lum: roppa-rosa o‘n yil oldin parlamentimizni – bir palatali Oliy Majlisimizni ikki palatali parlamentga o‘zgartirgan edik. Ya’ni, quyi palata – professional asosda doimiy faoliyat ko‘rsatadigan Qonunchilik palatasi va yuqori palata – vakillik asosida ish olib boradigan Senatning viloyat, tuman, shahar kengashlari deputatlari hisobidan, O‘zbekistonimizning har qaysi 14 ta subyekti – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan saylanishi belgilab qo‘yildi.

Bunday o‘zgarish va islohotlarni amalga oshirishda chuqur ma’no-mazmun borligidan barchangiz albatta xabardorsiz. 

Bu haqda gapirganda, quyidagi masalaga e’tiboringizni jalb etmoqchiman. 

Avvalo, O‘zbekistonimizning uzoq va boy o‘tmishini, uning o‘ziga xos, o‘ziga mos tomonlarini va jo‘g‘rofiy xususiyatlarini hisobga oladigan bo‘lsak, mamlakatimiz tarkibiga kiradigan 14 ta subyekt – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining har biri o‘z tarixi, kerak bo‘lsa, boshqalardan farq qiladigan iqtisodiy-ijtimoiy belgi va alomatlari, betakror madaniyati, an’analari bilan ajralib turishi hech kimga sir emas. Va bu haqiqatni hech qachon yodimizdan, xayolimizdan chiqarmaslikni hayotning o‘zi talab qiladi. 

Iqtisodiyotimiz qonuniyatlari shuni taqozo etadiki, agar har qaysi hudud – bu viloyat, tuman yoki shahar bo‘ladimi – ularning talab va ehtiyojlarini ta’minlash bo‘yicha rejalarimizni tuzish va tasdiqlash paytida avvalambor ayni shu jihatlarni inobatga olmasak, bunday siyosat hech kimni qoniqtirmaydi va ertaga turli muammolarga duchor bo‘lishimiz turgan gap.

Ikkinchidan, parlamentimiz o‘z vakolatlarini samarali amalga oshirishi, har tomonlama asosli va puxta qarorlar qabul qilishi uchun zarur bo‘lgan, zamonaviy parlamentarizm faoliyatining asosiy maqsadini tashkil etadigan muvozanat va tiyib turish tizimini yaratishni biz o‘z oldimizga vazifa qilib qo‘ygan edik. 

Uchinchidan, Qonunchilik palatasi o‘z faoliyatini doimiy professional tarzda olib borishini e’tiborga olgan holda, parlamentning qonun ijodkorligi borasidagi ishining sifatini keskin oshirish nazarda tutilgan edi.

To‘rtinchidan, Senat asosan mahalliy kengashlar, hududlarning vakillaridan iborat bo‘lishini hamda vakillik vazifasini bajarishini inobatga olib, umumdavlat va hududiy manfaatlarning mutanosibligiga erishish ko‘zda tutilgan edi. 

Beshinchidan, aholining mamlakat ijtimoiy va siyosiy hayotidagi ishtiroki ko‘lamini yanada kengaytirishni maqsad qilib, shu borada yuqori palata – Senatning viloyat, tuman va shahar vakillik organlari deputatlaridan saylanishi belgilab qo‘yilgan edi. 

Ana shu maqsadlardan kelib chiqib fikr yuritadigan bo‘lsak, barchamizga ayonki, Senat a’zolari avvalo joylardagi mahalliy kengashlarning deputatlari – vakillari sifatida faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni, siz, hurmatli senatorlar, shuni yaxshi tushunib olishingiz kerakki, birinchi navbatda sizlarga ishonch bildirib, deputat etib saylagan o‘z saylovchilaringiz oldida mas’ul va javobgarsiz. 

Nega deganda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy kengashlarining har biri 6 nafar deputatni Senatga vakil qilib yuborgan ekan, ularning hisobotini eshitish va faoliyati haqida xulosa chiqarishga albatta haqlidir. 

Shu ma’noda, qabul qilinayotgan qonunlarning sifati va ta’sirchanligini oshirishda Senatning o‘rni va ahamiyati, shu bilan birga, mas’uliyati nechog‘liq katta ekanini doimo yodda saqlashingiz lozim. Chunki biz qayerda, qaysi lavozimda ishlamaylik, qaysi siyosiy partiyaga a’zo bo‘lmaylik, umumdavlat manfaati, O‘zbekiston kelajagi barchamizni birlashtiradi. 

Siz, hurmatli Senat a’zolari, bu muhim masalaning mohiyatini to‘g‘ri tushunib, o‘z faoliyatingizni aynan shu asosda tashkil etasiz, deb ishonaman. 

Qadrli do‘stlar! 

Ma’lumki, mamlakatimizda ikki palatali parlament ish boshlashi bilan Prezidentning ba’zi vakolatlari Senatga o‘tkazildi. Senat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimnomasiga asosan amnistiya e’lon qilish, O‘zbekistonning chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakillarini tayinlash va lavozimidan ozod etish masalalarini hal qilish vakolatiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, Senat ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirmoqda. U har yili davlat byudjeti loyihalarini ko‘rib chiqadi, uning bajarilishini nazorat qiladi, davlat idoralari rahbarlarining hisobotlarini tinglaydi.

Bugungi kunda Senat tomonidan xalq deputatlari mahalliy kengashlari faoliyatining samarasini oshirish va ularga uslubiy yordam ko‘rsatish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlarni yuksak demokratik saviyada o‘tkazish borasida katta ish olib borilmoqda. 

Shu bilan birga, hayotning shiddat bilan o‘zgarib borayotgani, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida biz amalga oshirayotgan demokratik islohotlarni chuqurlashtirish vazifasi Senat faoliyatini yanada takomillashtirishni talab qilmoqda.

Ayni shu masalalar bo‘yicha Oliy Majlis palatalarining ertaga bo‘ladigan qo‘shma yig‘ilishida atroflicha gaplashib olamiz. 

Endi kun tartibiga kiritilgan tashkiliy masalaga o‘tadigan bo‘lsak, avvalo, Senat raisi va uning o‘rinbosarlarini saylash to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishimiz zarur.

Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 93-moddasiga muvofiq, Senat raisligiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan takdim etilishi belgilangan. Ana shu normaga binoan, ko‘pgina maslahatlarga asoslanib, men Oliy Majlis Senati raisi lavozimiga senator Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev nomzodini taqdim etmoqchiman. 

Nig‘matilla Yo‘ldoshev 1962-yilda, Toshkent shahrida tug‘ilgan, huquqshunos. 

2011-yildan buyon O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri lavozimida ishlab kelmoqda. 

N.Yo‘ldoshev mehnat faoliyatini Olmaliq shahar prokuraturasining ish o‘rganuvchisi lavozimidan boshlab, prokuratura idoralarida katta tergovchi, boshqarma prokurori, bo‘lim boshlig‘i, Bosh prokuratura huzuridagi departament boshlig‘i, Bosh prokuror o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qilgan.

Mehnat faoliyati davomida orttirgan katta amaliy va hayotiy tajribasi, bilimi, kasbiy mahorati hamda tashkilotchilik va talabchanlik qobiliyatini e’tiborga olgan holda, Nig‘matilla To‘lqinovich Yo‘ldoshev Oliy Majlis Senati raisi lavozimiga har tomonlama munosib nomzod, deb hisoblayman. 

Endi Senat raisining o‘rinbosarlari lavozimiga nomzodlar haqida gapiradigan bo‘lsak, men bu vazifalarga quyidagi nomzodlarni tavsiya etmoqchiman. 

Senat raisi o‘rinbosari lavozimiga senator Svetlana Boymirzayevna Ortiqovaning nomzodini tavsiya etaman. 

Svetlana Ortiqova 1962-yili Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan. 1987-yili hozirgi Toshkent davlat yuridik universitetini tamomlagan. Mutaxassisligi bo‘yicha huquqshunos, ko‘p yillar O‘zbekiston Respublikasi Prokuraturasi idoralarida xizmat qilgan, 2010-2014-yillari Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi vazifasida faoliyat ko‘rsatgan. 

2014-yildan buyon Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari vazifasida ishlab kelmoqda. 

O‘ylaymanki, bu kishini ham ko‘pchilik, shu zalda o‘tirganlarning barchasi yaxshi biladi. Avvalo, uning yetarli bilim va tajribasini, malaka va mahoratini, obro‘-e’tiborini yuksak baholaydi, desam, xato bo‘lmaydi. 

Ma’lumki, Konstitutsiyamizning 86-moddasiga asosan Senat raisi o‘rinbosarlaridan biri Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakili bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Men bu lavozimga hozirgi vaqtda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi vazifasida ishlab kelayotgan senator Musa Tadjetdinovich Yerniyazov nomzodini tavsiya etaman. O‘ylaymanki, bu nomzodni ham barchangiz yaxshi taniysiz, uning mehnat va ijtimoiy faoliyati haqida atroflicha ma’lumotga egasiz. 

Musa Yerniyazov 1947-yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Kegeyli tumanida tug‘ilgan, muhandis-elektrik. Mehnat faoliyati davomida turli mas’uliyatli lavozimlarda faoliyat yuritgan hamda katta amaliy tajriba to‘plagan. Jumladan, qurilish trestida muhandis, uchastka boshlig‘i, Qoraqalpog‘iston Respublikasi uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri, Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash davlat qo‘mitasining raisi, Chimboy tumani hokimi, Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari lavozimlarida ishlagan. 

Musa Yerniyazov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, Oliy Majlis Senati raisining o‘rinbosari lavozimida ishlagan davrida o‘zining tashkilotchilik va talabchanlik xususiyatlarini ko‘rsatgan. 

Hurmatli Senat a’zolari! 

Senat raisi va uning o‘rinbosarlari lavozimiga ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlaysizlar, deb ishonch bildirishga ruxsat bergaysiz. 

 

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati