O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot

20.04.2015

2015-yil 20-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev olib bordi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisini shu yilning 15-may kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Senat yalpi majlisining kun tartibiga siyosiy va sotsial-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilishga va liberallashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasining qator qonunlari kiritilmoqda. «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi, «Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «Elektron tijorat to‘g‘risida»gi (yangi tahriri), «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ayrim qonun hujjatlarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida»gi qonunlar hamda sotsial-iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, investitsiya va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni rivojlantirish, sud-huquq sohasini, axborot xavfsizligini takomillashtirish nazarda tutilgan boshqa qonunlar shular jumlasidandir. 

Yalpi majlis kun tartibiga xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qator qonunlari ham kiritiladi. 

Shular bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda senatorlar Oliy Majlis Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (Ombudsmanning) faoliyati to‘g‘risidagi, Hisob palatasining faoliyati to‘g‘risidagi hisobot haqidagi, O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining 2014-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqidagi masalalarni muhokama qiladilar. 

Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va Devonining ikkinchi yalpi majlisga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir faoliyatini muvofiqlashtirib borish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati


Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati