O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Oliy Majlis Senatida AQSh va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti B.Kandov bilan uchrashuv

19.03.2015

2015 yil 19 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Tashqi siyosiy masalalar qo‘mitasi raisi S.Safoevning AQSh va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti B.Kandov bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv AQSh va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi prezidenti B.Kandovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi doirasida o‘tkazildi. Uchrashuvda shuningdek AQSh va Kanadaning Buxoro yahudiylari kongressi vitse-prezidenti N.Yushevaev, Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi F.Umarov hamda Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari T.Madumarov ishtirok etdilar.

Suhbat boshida Qo‘mita raisi S.Safoev B.Kandovni Senat binosida qutlab, mehmonlarni nomzodlarga teng imkoniyatlar yaratib berishning tashkiliy-amaliy jihatlari haqida, bo‘lg‘usi saylovlar O‘zbekistonning yanada barqaror rivojlanishi, birgina mamlakatimiz uchun emas, balki umuman Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta'minlashda g‘oyat katta ahamiyatga ega ekanligini ta'kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida, B.Kandov Senatda uni iliq kutib olganliklari uchun tashakkur izhor etib, Kongressning O‘zbekiston bilan hamkorligiga yuqori baho berdi hamda bundan buyon ham AQSh siyosiy va ijtimoiy doiralarida O‘zbekiston manfaatlarini ilgari surishga tayyorligini bildirdi, chin dildan O‘zbekiston xalqiga bundan buyon ham taraqqiyot va barqarorlik tilashini aytib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati