O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida

19.03.2015

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N.Yo‘ldoshev boshqardi.

Senat Kengashi majlisida Oliy Majlis Senatining 2015 yil 22 yanvarda o‘tkazilgan birinchi majlisida, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining 2015 yil 23 yanvarda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda ishlab chiqilgan Oliy Majlis Senatining kelgusi davrga mo‘ljallangan faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhokama etildi.

Majlisda ta'kidlanganidek, qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatini chuqur o‘rganib chiqish asosida ishga yangi kirishgan Senat tomonidan hozirgi zamon talablari inobatga olingan holda qonun ijodkorligi va qonunchilik faoliyati sifatini oshirishga qaratilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha 2015 yilga va keyingi yillarga mo‘ljallangan tegishli Harakat dasturi tayyorlandi.

Senat Kengashi majlisida so‘zga chiqqan senatorlar ta'kidlaganlaridek, ushbu Harakat dasturida olimlar, yuqori malakali mutaxassislar, ekspertlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining keng doirasini jalb qilgan holda qabul qilinayotgan qonunlarning puxta muhokama etilishini ta'minlash, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, bevosita ta'sir ko‘rsatadigan qonunlarni, kodifikatsiyalangan qonun hujjatlarini qabul qilish, yangi qabul qilingan qonunlar qoidalarining to‘liq ro‘yobga chiqarilishini ta'minlaydigan qonunosti hujjatlarining o‘z vaqtida chop etilishiga doir tadbirlarning amalga oshirilishi nazarda tutilgan.

Shuningdek, harakat dasturida parlament palatalari, Senat va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari o‘zaro hamkorligining samaradorligini oshirish, faoliyatni xorij huquqiy amaliyoti bilan chuqur qiyosiy tahlil qilish, yangi qabul qilingan qonunlarning to‘liq ro‘yobga chiqarilishi uchun zarur bo‘lgan qonunosti hujjatlarining o‘z vaqtida qabul qilinishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, Senat faoliyatining ochiqligini ta'minlash, jamoatchilikni uning qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatidan xabardor qilish chora-tadbirlari nazarda tutilgan.

Hujjatda mamlakatimizni va mintaqalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda Senat qo‘mitalarining nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirish hamda 2015-2016 yillarda Oliy Majlis palatalarining yagona axborot tizimini yaratish bo‘yicha maqsadli dasturlarni ishlab chiqish hamda ro‘yobga chiqarish belgilab olingan.

Senatorlar ta'kidlaganlaridek, kelgusi davrga mo‘ljallangan Harakat dasturining amalga oshirilishi demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan jadal rivojlantirish borasidagi faoliyat samaradorligini oshirish imkonini beradi.

Muhokama davomida Oliy Majlis Senati Kengashi a'zolari Senatning ko‘rib chiqilgan Harakat dasturini ma'qulladilar.

Shundan so‘ng Senat Kengashi a'zolari kun tartibiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasining 2015 yilga mo‘ljallangan ish rejasini tasdiqladilar.

Senat Kengashi o‘z vakolatiga kiradigan boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tegishli qarorlar qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati


Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati