O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Ibratli hayot yo‘li

Shu kunlarda mamlakatimizda Prezidentimizning “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida joylarda shoira hayoti va ijodiga bag‘ishlangan turli adabiy-badiiy kechalar, tadbirlar o‘tkazilmoqda. Mazkur qaror Zulfiyaning hayot va ijod yo‘lini yosh avlod o‘rtasida keng targ‘ib etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Zulfiyaning ijodi, jamoatchilik faoliyati eng nozik qalb tug‘yonlari, yuksak ma'naviy fazilatlarni o‘zida mujassam etgan. O‘zbek shoirasining qudratli va teran so‘zi, mana, necha yildirki, o‘z ta'sir kuchini yo‘qotmasdan kelayapti. Sevimli shoiramiz ijodi bugun zamondoshlarimizni nafaqat yaxshi ona va rafiqa, balki beqiyos yangilanishlar, ulkan bunyodkorliklarning faol ishtirokchisi bo‘lishga ruhlantirmoqda. 

Shoira ijodi, uning hayot yo‘li hozirgi vaqtda O‘zbekistonda ayollar harakatini rivojlantirishning timsoliga aylandi. Mustaqillik yillarida mamlakatimizda xotin-qizlarning haq-huquqlarini muhofaza qilish, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini kuchaytirish borasida bir qator kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligi belgilab qo‘yildi. Ushbu qoida respublikamizning barcha huquqiy hujjatlarida o‘z ifodasini topgan. Har yili yurtimizda muayyan ijtimoiy yo‘nalishda e'lon qilinadigan Davlat dasturida ayollarning jamiyatdagi rolini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar muhim o‘rin egallaydi. Xususan, 1999 yilga O‘zbekistonda, “Ayollar yili” deb nom berildi. Xotin-qizlarning siyosiy, iqtisodiy faolligini oshirishga yo‘naltirilgan keng miqyosli ishlar qatorida ularning ijtimoiy himoyasiga e'tibor yanada kuchaytirildi. O‘sha yili Prezident Farmoni bilan ayolni ardoqlash, unga alohida ehtirom ko‘rsatish, ozod va obod yurtimiz kelajagi bo‘lgan har tomonlama yetuk yoshlarni tarbiyalashdagi beqiyos o‘rnini yana bir bor e'tirof etish, barkamol, oqila xotin-qizlar avlodini voyaga yetkazish, ular orasidagi iqtidorli yoshlarning adabiyot, san'at, fan va madaniyatni rivojlantirishdagi yutuqlari, milliy istiqlol g‘oyalari va madaniy-ma'naviy qadriyatlarga e'tiqodining yuksalishi yo‘lidagi ibratli faoliyati, keng ko‘lamli islohotlarni jadallashtirishdagi faol ishtirokini rag‘batlantirish maqsadida Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta'sis etildi. 

Mazkur mukofot a'lo xulqi, zukkoligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, tashabbuskorligi bilan ajralib turadigan, mustaqillik g‘oyalarini amalga oshirish yo‘lida bor kuch-g‘ayrati bilan harakat qiladigan, iste'dodli qizlarga adabiyot, madaniyat, san'at, ta'lim va sport sohalaridagi katta yutuqlari uchun beriladi. Bugungi kunda unga sazovor bo‘lgan 200 nafardan ziyod qiz nafaqat tanlagan sohalarida faol mehnat qilayapti, balki tengdoshlariga o‘qishda, ishda, fanda, ta'limda muvaffaqiyat qozonishlariga yordam bermoqda.

2004 yilda Prezidentimizning “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilinishi bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirdi. Unga muvofiq, xotin-qizlarni ijtimoiy-huquqiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, xotin-qizlarni kasbiy, jismoniy, ma'naviy va intellektual jihatdan o‘stirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, davlat qurilishida faol qatnashishlari sohasidagi umummilliy siyosatni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni ishlab chiqish va uni hayotga tatbiq qilish, xotin-qizlarning sog‘lig‘ini saqlash, sog‘lom oilani shakllantirish, ayollar va oila sportini rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish hamda amalga oshirish qo‘mita va uning joylardagi bo‘linmalari faoliyatining eng muhim vazifalari sifatida belgilandi. 

O‘tgan yillar davomida Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar huquqlari va manfaatlarini himoya qilish sohasida faoliyat yuritayotgan yuzlab nodavlat notijorat tashkilotlarini o‘z atrofiga birlashtirdi. Hozirgi kunda ular nafaqat joylarda muhim loyihalarini ro‘yobga chiqarayotir, balki hududlarni ijtimoiy rivojlantirish dasturlarini amalga oshirishda davlat organlari bilan samarali hamkorlik qilib kelayapti.

Ayol — eng avvalo, ona. U salomat ekan, farzand ham sog‘ bo‘ladi. Binobarin, mamlakatimizda onalik va bolalikni muhofaza qilish uchun barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. “Sog‘lom ona — sog‘lom bola” tamoyili asosida ishlab chiqilgan o‘ziga xos tizim bugun salmoqli natijalar berayapti. 2011 yilda O‘zbekiston o‘sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko‘p g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatlar o‘ntaligiga kiritilgani buning yorqin dalilidir.

Jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi paytida ko‘pgina mamlakatlarda ayollar jamiyatning eng ko‘p ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamiga aylandi, ishsiz, ijtimoiy kafolatlarsiz, davlat yordamisiz qolib ketishdi. Yurtimizda esa Inqirozga qarshi choralar dasturiga aholini ijtimoiy muhofaza qilish, ayniqsa, xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash muhim vazifalardan biri sifatida kiritilgan.
Pirovardida ayollarning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy faolligi yanada oshdi. Davlat tomonidan xotin-qizlarga imtiyozli kredit ajratish, biznes-ta'lim yo‘nalishida turli institutlar, jumladan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qoshida maslahat markazlarini tashkil etish qo‘llab-quvvatlanishi natijasida tadbirkor ayollar soni sezilarli darajada o‘sdi. Ularning daromadlari, o‘z navbatida, oilalar farovonligini yanada yuksaltirishning muhim asosiga aylandi. Shular qatorida ayollarni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish va ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida kamida 50 foiz ishchi-xizmatchilari xotin-qizlardan iborat bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'ektlariga tijorat banklari tomonidan 770 milliard so‘mlik kreditlar ajratilgani 2014 yilda amalga oshirilgan muhim ishlardan biri bo‘ldi.

Yangidan saylangan mamlakat parlamentida ayni paytda 41 nafar, jumladan, Oliy Majlis Senatida 17 nafar ayol faoliyat yuritmoqda. Zero, zamonaviy mustaqil O‘zbekistonda xotin-qizlarning roli tobora yuksalib borayapti, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Bugungi kunda ayollar — iqtidorli rahbar, uddaburon tadbirkor, aholi manfaatlarini muhofaza qiladigan ijtimoiy va siyosiy davlat arbobidir. Shunga mos ravishda “O‘zbekiston xalq shoiri Zulfiya tavalludining 100 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaror nafaqat ayollarning jamiyatdagi rolini oshirishda navbatdagi qadam bo‘ldi, ayni chog‘da sevimli shoiramizning yosh avlodni o‘z Vatanini jondan ortiq ko‘radigan, zamonaviy fikrlaydigan insonlar sifatida tarbiyalashga qo‘shgan bebaho ulushi e'tirofi hamdir.

Gavhar ALIMOVA,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi.


Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati