O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Qonun ijrosiga mas'ullik — faoliyat mezoni

Prezidentimizning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi ma'ruzasida fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini mustahkamlashda parlamentning o‘rni alohida e'tirof etilib, bu sohada qabul qilingan bir qator qonun hujjatlari yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy toptirish, jamiyatimizda manfaatlar muvozanatini ta'minlashda fuqarolik institutlarining roli va ahamiyatini yanada kuchaytirgani qayd etildi. Shuningdek, parlament faoliyatida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar belgilab berildi.

Darhaqiqat, keyingi yillarda qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizda muhim o‘rin tutadigan qonunlar fuqarolarning kundalik turmushida qay tarzda aks etayotganini, aholi turli qatlamlarining bu haqdagi taklif-mulohazalarini o‘rganib borish zarur. Ana shu o‘rganishlar asosida parlament palatalarining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil ishlari rejalarini zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirish bugungi kunda dolzarb masaladir. Shubhasiz, shu o‘rinda parlament a'zolari bilan bir qatorda, jurnalistlar, sharhlovchilar, umuman, ommaviy axborot vositalarining mas'uliyatini kuchaytirish, o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish muhim ahamiyatga ega ekanini unutmaslik lozim.

Oliy Majlis Senati a'zolari bu borada tashabbus hamda faollik ko‘rsatishlari maqsadga muvofiq. Senat mahalliy Kengashlar, hududlarning vakillaridan iborat bo‘lgan parlament palatasidir. Bu bilan umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligiga erishish maqsad qilib qo‘yilgan. Ana shuni e'tiborga olsak, qabul qilinayotgan qonunlarning sifati va ta'sirchanligini oshirish, ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini ta'minlash, jamiyat va davlat hayotining barcha sohasida demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish ushbu maqsadlar ro‘yobida alohida o‘rin tutadi.
Shu jihatdan senatorlar va mahalliy Kengashlarning hamkorligini yanada mustahkamlash muhimligini ta'kidlash joiz. Bu esa pirovardida mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayonida parlament ishtirokini bundan-da kuchaytirishga turtki beradi.

Qabul qilinayotgan qonunlar va boshqa me'yoriy-huquqiy hujjatlarning joylarda to‘liq ishlashiga erishish uchun, eng avvalo, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, aholini parlament faoliyatidan xabardor etib borish zarur. Bu borada Namangan viloyatida ham zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.

Xususan, hududda faoliyat olib borayotgan ommaviy axborot vositalari tomonidan Senat a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlarining chiqishlarini e'lon qilib borish muntazamlik kasb etib bormoqda. Chunonchi, viloyat teleradiokompaniyasida “Qonun ustuvor”, “Fuqarolik jamiyati”, “Huquqiy maslahat” kabi ko‘rsatuv va eshittirishlar, “Namangan haqiqati” gazetasida “Qonun va ijro”, “Namanganskaya pravda” gazetasida “Chelovek i zakon”, “Diyonat” va “Huquq olamida” gazetalarida “Qonun nomi bilan”, “Hayot va qonun”, “Deputat minbari”, “So‘z — senatorga”, “Qonun sharhi”, shu bilan birga, barcha shahar hamda tuman nashrlarida ham mavzuga oid maxsus ruknlar ochilib, ularda parlament faoliyatini keng yoritish yo‘lga qo‘yilayapti.

Viloyatda davlat boshqaruvi organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy sheriklik ham tobora mustahkamlanib borayotir. Xususan, qonun ijodkorligi sohasidagi ishlar ochiqligini ta'minlash, jamoatchilikni parlament palatalarining qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyatidan xabardor qilib borish masalalarida fuqarolik jamiyati institutlarining faolligini oshirishga alohida e'tibor qaratilib, ushbu maqsadda konferensiyalar, ilmiy-amaliy seminarlar, davra suhbatlari tashkil etilishi ko‘zda tutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, huquqni qo‘llash amaliyoti va uni joriy qilish samaradorligini kuchaytirishga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi.

Xulosa o‘rnida aytganda, faoliyatimiz davomida qabul qilinadigan qonunlarning hayotga tatbiq etilishini ta'minlaydigan protsessual mexanizmlarni yanada takomillashtirish va amaliyotga joriy qilish, parlament nazorati ishlarini yangi bosqichga olib chiqish, parlament so‘rovi hamda eshituvlari samaradorligini oshirish, huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishga ta'sir ko‘rsatish shakllaridan unumli foydalanishimiz dolzarb vazifalarimizdandir. Ayni chog‘da qonunlarda belgilangan qoidalarni to‘liq ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirilgan qonunosti hujjatlari yuzasidan ham faol tushuntirish ishlarini olib borish va albatta, joylarda qonunlarning bir xilda bajarilishini ta'minlash ustidan qat'iy nazorat o‘rnatish doimiy e'tiborda bo‘ladi.

Muhammadjon MAQSUDOV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi.

Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati