O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Hokimiyat vakillik organlari faoliyati ochiqligining muhim omili

18.04.2015

Poytaxtimizda “Davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash borasida ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari” mavzuida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlis Senatining Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil qilingan mazkur tadbirda senatorlar, xalq deputatlari Toshkent viloyati va Toshkent shahar Kengashlarining deputatlari, vazirliklar, idoralar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Davra suhbatida ta'kidlanganidek, mustaqillik yillarida mamlakatimizda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligini ta'minlash, jamoatchilikni yurtimizda kechayotgan keng ko‘lamli siyosiy, iqtisodiy va huquqiy islohotlardan xabardor etish maqsadida ulkan ishlar olib borildi. Axborot sohasini isloh qilish, so‘z erkinligini ta'minlash bo‘yicha hayotga tatbiq etilgan demokratik o‘zgarishlar fuqarolarning axborot olish va uni tarqatish borasidagi huquq hamda erkinliklarini, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining mustaqilligini mustahkamlashga, mamlakatni demokratlashtirish jarayonida ularning rolini oshirishga xizmat qilmoqda.
O‘tgan yili qabul qilingan “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyatining ochiqligini hamda ularning ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligining oshirilishini ta'minlash uchun mustahkam huquqiy asos bo‘ldi. Bugungi kunda mazkur huquqiy hujjat jismoniy va yuridik shaxslarning davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotdan foydalanishini, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati to‘g‘risidagi axborotni olishdan iborat huquqiy kafolatlarini ta'minlab kelmoqda.
— Ushbu Qonun davlat hokimiyati vakillik organlari, ya'ni parlamentimiz palatalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar Kengashlari, ularning qo‘mitalari (doimiy komissiyalari) faoliyatiga oid axborotning, shu jumladan, rejalashtirilayotgan majlislar va tadbirlar, ko‘rib chiqilishi ko‘zda tutilayotgan masalalar, qabul qilingan qarorlar to‘g‘risidagi axborotning o‘z vaqtida e'lon qilinishini ta'minlamoqda, — dedi Senatning Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Gavhar Alimova. — Hozirgi vaqtda davlat hokimiyati vakillik organlari bilan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari o‘rtasida o‘rnatilgan mustahkam hamkorlik aloqalari natijasida parlament yuqori palatasining qonunchilik, nazorat-tahlil faoliyati, qolaversa, mahalliy Kengashlardagi deputatlik guruhlari faoliyati keng va samarali yoritib borilmoqda.
Davra suhbatida iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish hamda jamiyatni demokratlashtirish bilan bog‘liq yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati ochiqligini ta'minlashning roli va ahamiyati tobora ortib borayotgani qayd etildi. Bu sa'y-harakatlarni izchil davom ettirish, fuqarolarning axborot sohasidagi huquq hamda qonuniy manfaatlarini ta'minlash, shuningdek, davlat hokimiyati vakillik organlarining ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligi samaradorligini oshirish zarurligi muhokama qilindi.
Tadbirda davlat hokimiyati vakillik organlari faoliyati ochiqligini ta'minlash borasida o‘zaro tajriba va fikr almashildi. Senat, xalq deputatlari mahalliy Kengashlar va ularning doimiy komissiyalarining ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yanada takomillashtirish, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunning joylardagi ijrosini ta'minlash masalalari yuzasidan takliflar bildirildi, tegishli tavsiyalar qabul qilindi.

Qobil XIDIROV,
«Xalq so‘zi» muxbiri


Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati