O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekistonda ikki palatali parlament tizimini yanada mustahkamlash va mahalliy Kengashlar bilan aloqalarni rivojlantirish

Shu yilning 18 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida yevropa Ittifoqi Komissiyasining DCI dasturi doirasidagi «O‘zbekistonda ikki palatali parlament tizimini yanada mustahkamlash va mahalliy Kengashlar bilan aloqalarni rivojlantirish» loyihasi Boshqaruv qo‘mitasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda parlament loyihasiga oid bo‘lgan va 2014 yilgacha amalga oshirilgan tadbirlarning yakunlari ko‘rib chiqildi, 2015 yilning birinchi yarim yilligidagi ishlarning asosiy yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zolari, Senat Devoni xodimlari, yevropa Ittifoqi mazkur loyihasining rahbarlari va menedjerlari, mutaxassislar va taklif etilgan mehmonlar ishtirok etdilar.

Majlisda so‘zga chiqqan loyiha Boshqaruv qo‘mitasining majlisini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi o‘rinbosari S.B.Artikova, O‘zbekiston Respublikasidagi yevropa Ittifoqi delegatsiyasining rahbari, Elchi Yu.Shterk, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Devonining rahbari A.K.Irkaxo‘jaevlar tabrik so‘zlari bilan ochdilar.

Loyiha guruhi rahbari R.Rolla (Germaniya) o‘z nutqida texnik vazifalarga binoan asosiy davrda bajarilgan muhim vazifalar, loyiha komandasining metodologiyasi va strategiyasi haqida axborot berdi. Parlament loyihasining konsultanti Q.Rasulov majlis ishtirokchilari oldida so‘zga chiqar ekan, loyihaga kiritilgan yangiliklar kelgusida ham samarali ishlashi uchun qolgan davr ichida benefitsiarlar tomonidan bildirilgan yangi va bir muncha muhim takliflarni amalga oshirish borasidagi qarashlarni bayon etdi. U ta'kidlab o‘tganidek, loyiha muddati uzaytirilgan davr ichida parlament palatalarining portallarini ishlab chiqish hamda joriy etish borasidagi asosiy vazifalar hal etilishiga, ular yaratilajak tizimlar bilan, jumladan elektron hujjat almashinuvini (qonunchilik jarayoni segmenti), elektron arxivlar, “Qonun” axborot-izlash tizimi bilan uyg‘un ishlab ketishiga bog‘liq masalalar hal etilishiga alohida e'tibor qaratiladi. Ana shu fikrlarni rivojlantirish asnosida loyiha eksperti N.Parpieva dolzarb axborotni ishtirokchilar e'tiboriga yetkazdi. Shunga ko‘ra, barcha yangi axborot tizimlarini ishlab chiqish hamda joriy etish “ORACLE” ma'lumotlar bazalarini boshqarish sanoat tizimi asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, Oliy Majlisning har ikki palatasida ochiq kalitlar infratuzilmasi yaratilishi, ular esa normativ talablarga hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat standartlariga muvofiq elektron raqamli imzo tizimida to‘liq ishlash imkonini beradi.

Benefitsiarlar hamda majlisning boshqa ishtirokchilari o‘z so‘zlarida qayd etganlaridek, loyiha maqsadlariga hamkorlikda erishilsa, bu hol ikki palatali parlament tizimining mustahkamlanishiga hamda uni texnik modernizatsiyalashga ko‘maklashadi, parlamentlarning mahalliy hokimiyat vakillik organlari va elektorat bilan o‘zaro aloqalarining shakllari hamda usullarini takomillashtirishga yordam beradi.

Boshqaruv qo‘mitasi beshinchi majlisining kun tartibidagi masalalarni muhokama qilish yakunlari bo‘yicha qatnashchilar tegishli qarorlar qabul qildilar. O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча | English

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati