O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti

16.04.2015

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan “Yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda parlament va deputatlik nazorati samaradorligini oshirishning dolzarb masalalari: qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyoti” mavzuida seminar o‘tkazildi.

Tadbirda Senat a'zolari, xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi deputatlari, Adliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, viloyatlar ta'lim, sog‘liqni saqlash, qishloq va suv xo‘jaligi, mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish boshqarmalari vakillari, olimlar hamda jurnalistlar qatnashdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda davlat hokimiyati organlari tizimida parlamentning o‘rni yanada mustahkamlandi. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish vakolati sezilarli darajada kengaytirildi. Zero, bularning barchasi qonunlarning joylardagi ijrosini ta'minlash, istiqbolda qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida ularni amaliyotga tatbiq etishda uchrayotgan muammolarni aniqlashning ta'sirchan vositasi hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2015 yil 22 yanvarda o‘tkazilgan birinchi majlisida ta'kidlanganidek, qonun chiqaruvchi organda, eng avvalo, mintaqalarning manfaatlarini ifoda etuvchi senatorlar joylarda qonunlarning, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirishga doir eng muhim davlat dasturlarining ijro etilishini o‘rganishda, hududlardagi muammolarni aniqlashda, qonunlar ustida ishlayotganda hududlar manfaatlarini har tomonlama hisobga olish uchun xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlikning samaradorligini oshirishlari zarur. Binobarin, Senat qo‘mitalarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari komissiyalari bilan o‘zaro hamkorligiga oid aniq mexanizmlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyati, xususan, qonunchilik ijrosi ustidan nazorat samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Mahalliy Kengashlar deputatlari uchun mintaqaviy seminarlar o‘tkazilgani ana shular jumlasidandir.
Seminar doirasida qonunlarni ijrochilarga yetkazib berish, nazorat-tahlil tadbirlariga soha mutaxassislari va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb etishning ahamiyatiga doir masalalar ko‘rib chiqildi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining 2015 yil 23 yanvardagi qo‘shma majlisida qayd etilganidek, yangi konstitutsiyaviy sharoitda parlament eshituvlari, hukumat a'zolari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlarining qonunchilik talablarining ijrosi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risidagi hisobotlarini tizimli ravishda eshitib borish, deputatlarning so‘rovlariga atroflicha javob qaytarishni ta'minlash parlamentning kundalik ishi bo‘lmog‘i zarur.
Tadbir qatnashchilari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalarining parlament hamda deputatlik nazorati samaradorligini yuksaltirish, qonunlar va davlat dasturlarining bajarilishini o‘rganish, bu borada yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish, qonunchilik sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish yuzasidan takliflarini bildirishdi.
To‘xtalib o‘tilganidek, har bir deputat bugungi kunda o‘zining aniq harakat dasturiga ega bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Shubhasiz, unda qabul qilingan qonunlar va muhim davlat dasturlari ustidan nazoratni amalga oshirish alohida o‘rin egallaydi. Bu esa demokratik islohotlarni yanada muvaffaqiyatli davom ettirishning kafolatidir.

Ziyoda AShUROVA,
Xalq so‘zi gazetasi


Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati