O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Osuda hayot qadri

12.05.2015

Ajdodlar xotirasini yod etish, Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan ota-bobolarimiz matonatini yosh avlod ongu shuuriga teran singdirish ezgu ishlarimizdan biridir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 1999 yildan buyon umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanib kelinayotgan 9 may — Xotira va Qadrlash kuni urushdan qaytmaganlarni eslash, osmonimiz musaffoligi, yurtimiz ravnaqi yo‘lida xizmat qilgan faxriylarni e'zozlashga imkon yaratdi.

Mamlakatimizda “Jasorat, burch, matonat” shiori ostida keng nishonlangan Xotira va Qadrlash kunida tinch-osoyishta, farovon hayotimiz uchun jonini fido qilgan, xalq, Vatan oldidagi burchini mardona ado etgan o‘g‘lonlar xotirasi yodga olindi, front ortida o‘zini ayamasdan mehnat qilgan vatandoshlarimizga chuqur hurmat va ehtirom ko‘rsatildi.
Prezidentimiz sana munosabati bilan poytaxtimizdagi Xotira maydonida ommaviy axborot vositalari vakillariga bergan intervyusida ta'kidlaganidek, hyech shubhasiz, Ulug‘ Vatan urushida barcha xalqlar bilan birga bo‘lib, fashizm balosi ustidan qozongan Falabamizni, bu urushda xalqimiz ko‘rsatgan matonat, mardlik va qahramonlik namunalarini avlodlarimiz aslo unutmaydi, jang maydonlarida bizning o‘g‘lonlarimiz nimaga qodir ekanini doimo g‘urur va iftixor bilan eslaydi.
Shu o‘rinda mamlakatimizda mustaqillik yillarida aholining turli qatlami, jumladan, keksa avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoit yaratilganini alohida ta'kidlash joiz. Davlatimiz rahbarining joriy yilda imzolagan bir qator farmonlari yoshi ulug‘ insonlar, ayniqsa, urush hamda mehnat faxriylariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yorqin ifodasi bo‘ldi.
Nuroniylar hayotini yanada yaxshilash, fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta'minoti hamda tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, ularning oila va jamiyatdagi o‘rnini yanada mustahkamlashga qaratilgan xayrli tashabbuslar bir-biriga ulanib, Keksalarni e'zozlash yilida yangi bosqichga ko‘tarilgani e'tiborga molik.
O‘z navbatida, ushbu yo‘nalishdagi ishlar ko‘lamini kengaytirish, tinch-totuv, osoyishta kunlarning qadrini yosh avlod ong-shuuriga singdirish, bu borada qabul qilinayotgan muhim huquqiy hujjatlar ahamiyatini mahalliy Kengashlar bilan hamkorlikda keng jamoatchilikka yetkazish, joylarda davlat dasturlari bo‘yicha targ‘ibot-tushuntirish tadbirlarini muntazam tashkil etish biz, senatorlarning dolzarb vazifalarimizdan biridir. Bu sa'y-harakatlar bugun hal qiluvchi kuchga aylanib borayotgan yoshlar qalbiga ota-bobolaridan meros bo‘lib qolgan o‘z yurtini sevish, ona-Vataniga sadoqatli bo‘lish, eng muhimi, tug‘ilgan tuprog‘ini muqaddas, deb bilish kabi fazilatlarni singdirishda katta o‘rin tutadi.
Muxtasar aytganda, ana shunday dorilamon kunlarda baxtiyor kamolga yetayotgan yosh o‘g‘il-qizlarimizga havas bilan boqib, shu kunlarga yetganiga shukrona aytayotgan, hayotidan mamnun bo‘lib yashayotgan keksalarimiz sadoqati, jasorati biz uchun katta ibratdir.

Sayyora BAROTOVA,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a'zosi.

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati