O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Zamonaviy axborot texnologiyalari interaktiv davlat xizmatlarini ko‘rsatishning muhim omilidir

Bugungi kunda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini jamiyat va davlat boshqaruvi faoliyatining barcha sohalariga keng joriy etish hamda ulardan samarali foydalanish, fuqarolarning axborot olishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish, davlat boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, “elektron hukumat” tizimini jadal tatbiq etish, telekommunikatsiya infratuzilmasi, ma'lumotlarni uzatish tarmoqlarini modernizatsiya qilish borasida mamlakatimiz barcha hududida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2015 yil 4 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoni ushbu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Binobarin, mamlakatimizda mustaqillikning ilk yillaridanoq, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini har tomonlama ravnaq toptirish, uning huquqiy-tashkiliy hamda moddiy-texnik bazasini izchil takomillashtirishga alohida e'tibor qaratib kelinayapti. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari zamonamiz uchun dolzarbligiga monand sur'atda boshqa sohalarga nisbatan jadal rivojlanayotganini alohida ta'kidlash joiz. Ushbu xizmatlar hajmi so‘nggi besh yilda 3,3 barobar, o‘tgan yili esa 24,5 foiz o‘sgani buning amaliy tasdig‘idir. Ayniqsa, “elektron hukumat” tizimining izchil rivojlanayotgani axborot tizimlari va axborot munosabatlari sub'ektlari xavfsizligining tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Farmonda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining asosiy vazifalari hamda faoliyat yo‘nalishlari belgilab berildi. Chunonchi, axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalar sohasida, “elektron hukumat”ni joriy etishda yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlash, aloqa va telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni, shuningdek, radiochastotali spektrdan foydalanishni davlat yo‘li bilan boshqarish, litsenziyalash va nazorat qilish borasidagi ishlarni bajarish, zamonaviy kommunikatsiya vositalari sohasiga doir ilmiy tadqiqotlar hamda ishlanmalarni, kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishni tashkil qilish, dasturiy mahsulotlar, axborot tizimlari, ma'lumotlar bazalarini ishlab chiqish va tatbiq etish kabilar shular jumlasidandir.

Sir emaski, mamlakatimizda internetdan foydalanuvchilar soni yildan-yilga ko‘payib borayotir. Bugungi kunda ular 10 million 200 ming kishidan oshdi yoki yurtimiz aholisining uchdan bir qismini tashkil etmoqda. Prezidentimizning mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasida qayd etilganidek, respublikamizda internetning o‘tkazuvchanlik darajasi 4 barobar oshdi, internetga ulanish tezligi esa 1,5 marta ortdi. Shu bilan birga, undan foydalanish narxi 2013 yildagiga nisbatan 11,6 foiz kamaydi.

Bularning barchasi axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish borasida ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasi, desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Istiqbolda internetning milliy segmenti yanada shakllantirilishini hamda unga keng polosali ulanishni kengaytirish, telefon aloqasi, televidenie va radioeshittirishning raqamli tizimlariga to‘liq o‘tishni ta'minlash, aholining, xususan, yosh avlodning axborotga bo‘lgan hamda intellektual talab va ehtiyojlarini qondirish maqsadida tarmoq resurslarini rivojlantirish uchun zarur texnik hamda qulay shart-sharoitlarni yaratish ayni muddaodir.

Shu bilan birga, Farmonda mazkur vazirlikning vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari vazirliklar, idoralar, kompaniyalar, uyushmalar, mahalliy davlat hokimiyati organlari, shuningdek, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanishi belgilab qo‘yildi. Bu, o‘z navbatida, barcha sohalarda axborot kommunikatsiya texnologiyalari hamda interaktiv davlat xizmatlari yanada jonliroq tatbiq etilishini ta'minlashga, pirovardida aholi, jumladan, mamlakatimizning olis hududlarida yashayotgan fuqarolarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Umuman aytganda, davlatimiz rahbarining mazkur Farmoni davlat boshqaruvi tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etishni yanada takomillashtirish, iqtisodiyotimizning barcha tarmoqlari va sohalarida zamonaviy texnologiyalar va kommunikatsiyalar ahamiyatini oshirishni taqozo etadi. Farmon talablarining ijrosini ta'minlash esa, shubhasiz, biz, senatorlar zimmasiga ham katta mas'uliyat yuklaydi. Uning mazmun-mohiyatini keng jamoatchilik e'tiboriga yetkazish, ayniqsa, tizim faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlarini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish, har tomonlama mukammal qonunlar qabul qilinishiga jiddiy yondashish, ular ijrosini nazorat qilib borish masalalari ham, shubhasiz, Farmonda ko‘zlangan maqsadlarga erishish yo‘lidagi muhim amaliy qadamlar bo‘lib qoladi.

Zayniddin NIZOMXODJAEV,
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati
Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi.


Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati