O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

YXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi uchrashuvlari

Avval xabar qilinganidek, mamlakatimizda yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilar missiyasi o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda.

Ayni paytda yeXHT DIIHBning uzoq muddatli kuzatuvchilari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro, Toshkent viloyatlari hamda yurtimizning boshqa hududlarida ish olib borayapti. Ular siyosiy partiyalar vakillari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug va uchastka saylov komissiyalari a'zolari, shuningdek, vazirliklar hamda tashkilotlar rahbarlari bilan uchrashmoqdalar.
Xususan, 2015 yil 10 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida senatorlarning yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining Favqulodda va muxtor elchi Kaetana de Zulueta rahbarligidagi kuzatuvchilari missiyasi vakillari bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining o‘rinbosari Svetlana Ortiqova mehmonlarni qutlar ekan, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda xalqaro saylov standartlariga muvofiq demokratik saylovlar o‘tkazish borasida ijobiy tajriba to‘planganini alohida ta'kidladi. Saylov qonunchiligining muntazam takomillashtirib borilishi fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha milliy amaliyotni yaxshilashga xizmat qilayapti.
Mehmonlar, shuningdek, joriy yil yanvar oyida yangi tarkibda shakllantirilgan parlament yuqori palatasi faoliyati bilan tanishtirildi.

Qayd etilganidek, mamlakatimizda hokimiyatning qonunchilik, ijro va sud tarmoqlariga bo‘linishi konstitutsiyaviy prinsipini amalga oshirish mexanizmlari izchil mustahkamlanmoqda, o‘zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimi takomillashtirilayotir, markazda hamda joylarda qonunchilik va hokimiyat vakillik organlari vakolatlari hamda nazorat funksiyalari kengaytirilayapti. Demokratik o‘zgarishlar pirovardida parlamentning davlat hokimiyati organlari tizimidagi roli hamda ahamiyatini sezilarli darajada oshirdi.

O‘z navbatida, yeXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi rahbari Kaetana de Zulueta samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, bo‘lajak saylovlar mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim siyosiy voqyea ekanligini qayd etdi.

Shu kuni yeXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi vakillari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Baxtiyor Mirboboev bilan uchrashdi.

Uchrashuv chog‘ida Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi asosida saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning ahamiyati alohida ta'kidlandi. Xususan, O‘zbe-kiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarning mazmun-mohiyati haqida fikr yuritildi. Zero, ularga binoan, saylovni tashkil etish hamda uni o‘tkazish uchun mas'ul konstitutsiyaviy organ — Markaziy saylov komissiyasi mustaqilligining huquqiy kafolatlari sezilarli ravishda mustahkamlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qoida va talablariga to‘la muvofiq holda o‘tayotganligi alohida qayd etildi.
Mehmonlar Konstitutsiyaviy sud faoliyati bilan tanishtirildi. Shuningdek, yurtimizda amalga oshirilayotgan sud-huquq islohotlarining borishi haqida axborot berildi.

Ayni kunlarda yeXHT DIIHB kuzatuvchilar missiyasi rahbari Kaetana de Zulueta missiya a'zolari bilan birgalikda Buxoro shahrida bo‘lib, O‘zbekiston ijtimoiy-siyosiy hayotidagi muhim voqyea — Prezident sayloviga tayyorgarlik jarayonining borishi bilan tanishdi.

Xalqaro kuzatuvchilar safar doirasida “Shayx ul-olam” mahallasi fuqarolar yig‘iniga tashrif buyurib, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi faoliyati, uning mamlakatda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, fuqarolik faolligini oshirishdagi roliga katta qiziqish bildirdilar. Mehmonlarga mustaqillik yillarida Buxoroda ro‘yobga chiqarilgan ulkan bunyodkorlik ishlari haqida mufassal ma'lumot berildi. Ular siyosiy partiyalarning viloyat kengashlari vakillari bilan ham uchrashdilar.

Xalqaro kuzatuvchilar 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi va viloyatdagi ommaviy axborot vositalari vakillari faoliyati bilan tanishdi. Okrug saylov komissiyasi raisi M. Daminov mehmonlarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga hududda ko‘rilayotgan tayyorgarlikning asosiy bosqichlari, viloyatdagi saylov uchastkalarida bajarilgan ishlar haqida so‘zlab berdi. U mazkur jarayonlar mamlakatimiz saylov qonunchiligi va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishning Asosiy tadbirlar dasturiga qat'iy rioya etilgan holda olib borilayotganini ta'kidladi. Komissiya faoliyatida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlariga katta e'tibor qaratilayapti. Okrug hududida saylovoldi tashviqoti doirasida saylovchilarning Prezidentlikka nomzodlar bilan uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Okrug saylov komissiyasi a'zolari esa bu kabi uchrashuvlarni tashkil etishga faol ko‘maklashayotir.

Q. XIDIROV,
I. IBROHIMOV.

Ўзбекча | Русский | English | Français | Español

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati