O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

07.08.2015

2015-yil 7-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi. 

Senatorlar yalpi majlisning ikkinchi kunini «O‘zbekiston Respublikasi va Germaniya Federativ Respublikasi o‘rtasida daromad va mol-mulk soliqlari yuzasidan ikki yoqlama soliqqa tortishning oldini olish to‘g‘risida 1999-yil 7-sentabrdagi Bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi Bayonnomani (Berlin, 2014-yil 14-oktabr) ratifikatsiya qilish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqishdan boshladilar. Bayonnomada amaldagi Bitimga soliq sohasida axborot almashish va o‘zaro yordam ko‘rsatish bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan tuzatishlar kiritilishi nazarda tutilayotganligi ta’kidlandi.

Senatorlarning fikricha, ushbu Bayonnomaning qabul qilinishi ikki mamlakat o‘rtasida soliqqa doir axborot almashish jarayonini tezlashtirishga, soliqlar to‘lashdagi turli suiiste’molliklarga qarshi kurashishga, shuningdek, rezidentlar tomonidan to‘lanmagan soliqlarning tomonlar byudjetlariga o‘z vaqtida kelib tushishiga ko‘maklashadi. 

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 80-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitdilar. Ta’kidlandiki, o‘tgan yilda Markaziy bankning faoliyati «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq amalga oshirildi hamda Vazirlar Mahkamasining 2013-yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlariga va 2014-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti haqida»gi qarorida belgilangan vazifalarni so‘zsiz bajarishga qaratildi. 

Hisobotni eshitish chog‘ida qayd etilganidek, hisobot yilida bank tizimi kapitalining yetarlilik darajasi 23,8 foizni tashkil etdi, bu esa bank nazorati bo‘yicha Bazel qo‘mitasi tomonidan belgilangan normativ talablardan 3 baravar ortiqdir. Bank tizimi barqarorligini baholash omillaridan biri hisoblangan joriy likvidlik darajasi bir necha yil davomida 64,62 foizdan ortiq bo‘lmoqda, bu esa xalqaro ko‘lamda belgilangan eng kam darajadan 2 baravar yuqoridir. Hisobot yilida bank aktivlari 28,2 foizga oshdi va 56,2 trillion so‘mni tashkil etdi.

Shu bilan birga senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki faoliyatining samaradorligini yanada oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalarni bildirdilar.

Jumladan, senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga banklarning resurs bazasini takomillashtirishga va yanada mustahkamlashga, bank xizmatlarini diversifikatsiyalashga, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishni davom ettirishga, shuningdek, mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni o‘z vaqtida moliyalashtirishga, ish o‘rinlarini tashkil etishga va aholining bandligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarning izchil ro‘yobga chiqarilishini davom ettirishni tavsiya etdilar. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobot Senat tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tarkibiga o‘zgartish kiritish to‘g‘risidagi hamda qator xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasining diplomatik vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash to‘g‘risidagi masalalarni ko‘rib chiqdilar.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati vakolatiga kiradigan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. Barcha ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Senatning ikki kun davom etgan majlisi yakunlariga ko‘ra hammasi bo‘lib 11 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun ko‘rib chiqildi. 

Xususiy mulkning ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etishga, tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar hamda preferensiyalar so‘zsiz qo‘llanilishiga, tadbirkorlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun davlat organlari mansabdor shaxslarining javobgarligini kuchaytirishga qaratilgan qonunlarning qabul qilinishi Senatning bo‘lib o‘tgan yalpi majlisidagi katta ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Bu esa, shak-shubhasiz, mamlakatimizdagi investitsiya muhitining yaxshilanishiga, tadbirkorlar faolligining oshishiga, ijtimoiy-iqtisodiy bozor islohotlarining chuqurlashishiga va o‘z navbatida, aholi farovonligining yuksalishiga, mamlakatimiz gullab-yashnashiga ko‘maklashadi. 

Senat tomonidan ma’qullangan hamda sud-huquq sohasini yanada demokratlashtirish, jinoiy jazolar tizimini erkinlashtirish va insonparvarlik ruhi bilan yo‘g‘irishga qaratilgan qonunlarga muvofiq amaldagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar mamlakatda qonuniylik va huquq-tartibotni, xavfsizlikni ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish tizimining samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi. 

Senatorlar jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni, ushbu sohadagi davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirishni, shuningdek, mamlakatimizda sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlashni davom ettirishni, kasalliklarning oldini olish tizimini rivojlantirishni nazarda tutuvchi qonunlarni ham ma’qulladilar.

Ma’qullangan qonunlar hamda qabul qilingan qarorlar demokratik, sotsial-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy islohotlarni yanada chuqurlashtirishga hamda fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, aholining turmush darajasini, mamlakatimiz farovonligini oshirishga ko‘maklashadi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati