O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Yuksak g‘amxo‘rlik va ehtirom

07.05.2015

Andijon shahrida “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini e'zozlash — O‘zbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri” mavzuida seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etildi.

Seminarda senatorlar, Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari Andijon viloyati, tuman va shahar Kengashlari deputatlari, viloyat davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari, Mudofaa, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati vakillari, 1941 — 1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylari, jurnalistlar qatnashdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mustaqillik yillarida keksa avlod vakillarini e'zozlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylanganini ta'kidlashdi. Xususan, “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur hujjatda nuroniylarni moddiy hamda ma'naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, yoshi ulug‘ insonlar, ayniqsa, 1941 —1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta'minoti hamda tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, yoshlarni milliy qadriyat va an'analar ruhida tarbiyalashda ularning o‘rnini mustahkamlash yuzasidan muayyan chora-tadbirlarni ko‘rish nazarda tutilgan.
Anjumanda shu kunlarda 9 may — Xotira va Qadrlash kunini, shuningdek, Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Falabaning 70 yilligini nishonlashga mamlakatimizda qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilayotganligi qayd etib o‘tildi. Ushbu bayram munosabati bilan tinchlik-totuvlikni ta'minlashga, yoshlarni ona-Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalashga benihoya katta hissa qo‘shgan keksa avlodga hurmat hamda ehtirom ko‘rsatilmoqda. Bu esa yurtimizda nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ulug‘vor ishlar misolida ham yaqqol namoyon bo‘layotir.
Jumladan, davlatimiz rahbarining 2014 yil 13 oktyabrdagi “1941 — 1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining sanatoriy-sog‘lomlashtirish muassasalarida urush hamda mehnat faxriylari bepul sog‘lomlashtirilmoqda.
Qolaversa, Prezidentimizning joriy yil 19 fevralda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari — 1941 — 1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini “Ikkinchi jahon urushidagi Falabaning 70 yilligi” esdalik yubiley medali bilan mukofotlash to‘g‘risida”gi hamda 2015 yil 6 martdagi “1941 — 1945 yillardagi urush qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmonlari keksalarimizga ko‘rsatilayotgan munosib ehtiromning yorqin ifodasidir.
Seminarda mazkur farmonlar va “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi ijrosini so‘zsiz ta'minlash, bu borada joylarda parlament, deputatlik, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish zarurligi alohida ta'kidlandi. Yoshi ulug‘ insonlar, ayniqsa, 1941 — 1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarining ijtimoiy himoya qilinishini ta'minlash, ularga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy hamda maishiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish borasida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, vazirliklar hamda idoralar, korxonalar va tashkilotlar, O‘zbekiston faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi bo‘limlari, nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini yanada kuchaytirish zarurligi aytib o‘tildi.
Tadbir ishtirokchilari urush hamda mehnat fronti faxriylariga ko‘rsatilayotgan e'tibor va g‘amxo‘rlikni oshirish, pensiya ta'minoti hamda ijtimoiy muhofaza samaradorligini yanada yuksaltirish yuzasidan tegishli takliflar bildirishdi.

Saidahmad SHUKUROV

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati