O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Qimmatli qog‘ozlar bozori takomillashtirilmoqda

07.05.2015

Ma'lumki, 15 may kuni Oliy Majlis yuqori palatasining ikkinchi yalpi majlisi ochiladi. Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining turli jabhalarida islohotlarni yanada chuqurlashtirish, aholi farovonligini yuksaltirishga qaratilgan qator masalalar ko‘rib chiqilishi rejalashtirilmoqda.

Yangi tahrirdagi “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonun ham ana shunday muhim hujjatlardan biri bo‘lib, bugungi kunda Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi tomonidan joylarda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama qilinayapti. Muxbirimiz Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi Faxriddin UMAROV bilan ushbu Qonunning mazmun-mohiyati xususida suhbatlashdi.
— Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida mavjud qonunlarimizning aksariyatini ularni qo‘llash amaliyoti va mamlakatimizda bozor munosabatlari rivojlanishining hozirgi davrdagi yangi real holatidan kelib chiqib, jiddiy qayta ko‘rib chiqish zarurligi ta'kidlab o‘tilgan, — dedi senator. — Darhaqiqat, mustaqilligimizning ilk yillaridan respublikamiz bozor iqtisodiyotining asoslarini, avvalambor, qonunchilik bazasini shakllantirish uchun shart-sharoit yaratishga alohida e'tibor qaratildi.
Keng ko‘lamli va tadrijiy islohotlar natijasida yurtimiz moliya bozori shakllanib, uning samarali ishlashi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratildi, qimmatli qog‘ozlar bozori rivoji uchun tashkiliy, institutsional va huquqiy asos yuzaga keldi. Pirovardida hozirgi kunda mamlakatimizda yirik tadbirkorlik sub'ektlari aksiyadorlik jamiyatlari shaklida muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelmoqda, eng muhimi, bu xususiy mulkdorlar huquqlarini kafolatlash, aholining bo‘sh turgan mablag‘larini hamda xorijiy investorlarni jalb qilishning eng qulay va ishonchli usuli ekanligini amalda namoyon etdi.

— Qonunni yangi tahrirda qabul qilishga qanday zarurat bor edi?
— Mamlakatimiz va jahon iqtisodiyotida yuz berayotgan so‘nggi tendensiyalar, axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi qonunchilikni ushbu o‘zgarishlarga doimiy ravishda moslashtirib borishni taqozo qilmoqda. Ayni paytda emissiyaviy qimmatli qog‘ozlar bilan bog‘liq tartib hamda tamoyillarni soddalashtirish, shu jumladan, yangi moliyaviy instrumentlarni joriy etish va ularni chiqarish, joylashtirish bilan bog‘liq tartib hamda shartlarni belgilash bugunning dolzarb talablaridan biridir. Shu bilan birga, sohani zamonaviy elektron texnologiyalarni keng joriy qilish hisobiga yanada rivojlantirish, qimmatli qog‘ozlar bozori professional ishtirokchilariga o‘rnatilgan talablarni qayta ko‘rib chiqish, bu boradagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik masalalarini takomillashtirish ham kun tartibiga chiqmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash kerakki, yangi tahrirdagi “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni parlamentimiz quyi palatasi tomonidan soha vakillari, siyosiy partiyalar fraksiyalari, olimlar, amaliyotchilar ishtirokida keng ko‘rib chiqildi. O‘z navbatida, AQSh, Germaniya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar tajribasi, shuningdek, Qimmatli qog‘ozlar komissiyalari xalqaro tashkiloti tavsiyalari va tamoyillari tahlil etilib, ilg‘or yutuqlari hisobga olingan.

— Qonunning mazmun-mohiyati xususida ham to‘xtalib o‘tsangiz.
— Haqiqatan ham, qimmatli qog‘ozlar bozorining faollashuvi hamda muvaffaqiyatli ish yuritishi mamlakatimizni barqaror iqtisodiy rivojlantirishning zarur omillaridan biridir. Jadal taraqqiy topib borayotgan fond bozori turli toifadagi investorlar, jumladan, aholiga bo‘sh pul mablag‘larini qimmatli qog‘ozlar sotib olishga yo‘naltirish va daromad olish imkonini berayapti. Qonunda ko‘zda tutilgan barcha yangiliklar, shubhasiz, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi investitsiya hamda raqobat muhitini yaxshilash, investitsiya va innovatsiya loyihalarini moliyalashtirish uchun korxonalarning aksiya hamda korporativ obligatsiyalardan unumli foydalanishiga xizmat qiladi. Shu ma'noda aytganda, mazkur Qonunning asosiy g‘oyasi moliya bozorida va umuman, iqtisodiyotda qimmatli qog‘ozlarning roli hamda ahamiyatini oshirishdan, shuningdek, uning raqobatbardoshligini ta'minlashdan iboratdir. Ushbu maqsadga erishish uchun Qonunda zamonaviy axborot texnologiyalariga o‘tish orqali respublika fond bozorini modernizatsiya qilish, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha jahondagi eng yaxshi tajribalarni mamlakatimizda tatbiq etish nazarda tutilmoqda.
Yangi tahrirdagi Qonunga binoan, qimmatli qog‘ozlar bozoriga qator yangiliklar joriy qilinayapti. Xususan, Qonunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 7 yanvardagi qarori bilan tasdiqlangan 2011 — 2015 yillar davrida O‘zbekiston iqtisodiyotida islohotlar masshtabini kengaytirish va chuqurlashtirish, mamlakatda tadbirkorlik muhitini shakllantirish bo‘yicha mezonlar va baholar tizimini aniqlash va amalga oshirishga doir chora-tadbirlar dasturida belgilangan investitsiya loyihalariga kapitalni jalb qilish, ishlab chiqarish quvvatini modernizatsiyalash, infratuzilma loyihalarini ro‘yobga chiqarish hamda sanoatga investitsiyani oshirish zaruratidan kelib chiqib, qimmatli qog‘ozlarning yangi turini — infratuzilmaviy obligatsiyalarni chiqarish ko‘zda tutilayapti. Bu davlat korxonalari va xo‘jalik jamiyatlariga ishlab chiqarish hamda boshqa infratuzilmalarni barpo etish va qayta tiklashni moliyalashtirish uchun pul mablag‘larini jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratadi.
Shu bilan birga, mazkur huquqiy hujjatda investorga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun kafolat fondi tuzilishi belgilangan. Bu yangilik investorlarni investitsiya vositachilari (brokerlar) aybi bilan yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlardan muhofaza etadi. Ko‘plab rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda brokerning aybi bilan yetkazilgan zararni qoplash maqsadida maxsus kafolat fondi tashkil qilingan. Shak-shubhasiz, qonunchilikdagi ushbu yangi norma investorlar uchun qo‘shimcha kafolatlar mexanizmini yaratib, investitsiya vositachilarining mas'uliyatini oshiradi. Natijada hududlarga jalb etilayotgan investitsiya oqimi ko‘payib, ijtimoiy infratuzilma, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish borasidagi loyihalarning hayotga muvaffaqiyatli tatbiq qilinishiga zamin yaratadi.
Xulosa o‘rnida aytganda, mazkur Qonun respublikamiz qimmatli qog‘ozlar bozorining ishlash mexanizmini yanada takomillashtiradi. Buning natijasida mamlakatimiz iqtisodiy o‘sish sur'atlarining bardavomligi ta'minlanadi. Qimmatli qog‘ozlar egalarining huquqlari himoyasi yanada mustahkamlanadi. Qimmatli qog‘ozlar bozori ishtirokchilari tomonidan axborotlar zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda oshkor etilishi tartibining aniqlashtirilishi aksiyadorlar va potensial investorlarga, xususan, chet ellik sarmoyadorlarga respublikamiz qimmatli qog‘ozlar bozori faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni olishi uchun keng imkoniyat yaratadi.

Qobil XIDIROV suhbatlashdi

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati