O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida

05.08.2015

6-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining uchinchi yalpi majlisi ochiladi. 

Yalpi majlis arafasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda bo‘lg‘usi yalpi majlisni o‘tkazishga tayyorgarlik to‘g‘risida ishchi guruh rahbarining axboroti tinglandi.

Senat qo‘mitalarining raislari o‘tkazilgan qo‘mita majlislari to‘g‘risida hamda uchinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilgan qonunlar bo‘yicha xulosalarning hamda boshqa masalalar bo‘yicha qaror loyihalarining tayyorligi haqida ma’lumot berdilar, yalpi majlis ishini tashkil etish bo‘yicha o‘zaro fikr almashdilar.

Kengash majlisida qayd etilganidek, Senatning bo‘lg‘usi yalpi majlisida 11 ta masala, shu jumladan, 6 ta qonun ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Kengash a’zolari qayd etganlaridek, majlis kun tartibiga ijtimoiy-siyosiy, sotsial, iqtisodiy, bozor islohotlarini yanada chuqurlashtirish, mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida ahamiyati katta bo‘lgan qonun hujjatlari kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 15-maydagi “Xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni ishonchli himoya qilishni ta’minlash, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining ko‘rib chiqilishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining bo‘lajak yalpi majlisining muhim masalalaridan biri bo‘ladi. 

Majlis davomida ta’kidlab o‘tilganidek, mazkur qonunning qabul qilinishi xususiy mulkning ishonchli himoya qilinishini yanada kuchaytirish, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lidagi g‘ov va to‘siqlarni olib tashlash, tadbirkorlik subyektlariga berilgan imtiyozlar va preferensiyalar so‘zsiz qo‘llanilishi ta’minlanishiga, tadbirkorlik subyektlarining faoliyatiga to‘sqinlik qilganlik va qonunga xilof ravishda aralashganlik uchun huquqni muhofaza qiluvchi, nazorat organlarining hamda boshqa davlat organlari mansabdor shaxslari javobgarligining muqarrarligi ta’minlanishiga olib keladi. 

Kengash a’zolarining fikricha, kun tartibiga kiritilgan “Investitsiya va pay fondlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni mamlakatimizda ishchanlik muhiti oshirilishini ta’minlovchi, jamoa bo‘lib investitsiya qilish samarali tizimi yaratilib, aholi hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlar va tadbirkorlar uchun vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni turli ustuvor investitsiya loyihalariga kiritish imkonini beruvchi tashkiliy-huquqiy mexanizmlar yaratilishiga yordam beradi. 

Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritilayotgan “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), shuningdek, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining dolzarbligi hamda muhimligini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Ko‘rsatib o‘tilgan qonunlar jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishning, aholini, ayniqsa, yoshlarni jismoniy tarbiya mashg‘ulotlariga ommaviy jalb etishning, bu sohani davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirishning, shuningdek, sanitariya, kasalliklarni oldini olish, aholi salomatligini saqlash va mustahkamlashning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada rivojlantirishning muhim omili bo‘lib qoladi. 

Bundan tashqari, Senat a’zolari konstitutsiyaviy vakolatlariga muvofiq yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2014-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni tinglaydilar. 

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. 

Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati