O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Keksa avlodga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish — ulug‘ fazilat

Ma'lumki, islohotlarning bosqichma-bosqichligi, izchilligi, bozor iqtisodiyotining ijtimoiy yo‘naltirilganligi, uning siyosatdan ustuvorligi, kuchli ijtimoiy siyosat, qonun ustuvorligi va davlatning bosh islohotchi sifatidagi rolining mustahkamlanishi taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosiy tamoyillari hisoblanadi. Shunga muvofiq, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan beqiyos yangilanishlar, xalqimizning hayot darajasi va sifatini oshirish borasida olib borilayotgan ishlarda ijobiy samaralarga erishilayapti.

Binobarin, mustaqilligimizning ilk yillaridayoq yurtimizda insonga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish oliy qadriyatga aylandi. Uning salomatligini asrab-avaylash, baxtli bolalik va yoshlikni ta'minlash, shu asosda hamyurtlarimizning jamiyatda munosib o‘rin egallashlari, kasb-hunar va ijodda o‘zini ko‘rsatishlari uchun barcha shart-sharoit yaratildi. Shularga uyg‘un tarzda istiqlol keksalarning hayotini baxtu saodatga to‘ldirdi.

Respublikamizda aniq ijtimoiy yo‘nalishda har bir yilga nom berilishi va shu munosabat bilan keng ko‘lamli chora-tadbirlar qamrab olingan Davlat dasturining qabul qilinishi bunga yana bir yorqin misoldir. Yaqinda tegishli qaror bilan “Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi tasdiqlandi. Unda keksa avlod vakillarining hayot darajasi hamda sifatini yanada yaxshilash, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirish, yoshi ulug‘ insonlar, ayniqsa, 1941 — 1945 yillardagi urush hamda mehnat fronti faxriylariga ijtimoiy, pensiya ta'minoti va tibbiy xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, oila hamda jamiyatda, yoshlarni o‘zbek xalqining ko‘p asrlik qadriyat va an'analari ruhida tarbiyalashda keksalarning o‘rnini mustahkamlash ko‘zda tutilgan. Dasturda davlat hamda jamiyat tomonidan keksa avlod vakillarini qo‘llab-quvvatlash darajasini yangi bosqichga ko‘tarish borasida aniq chora-tadbirlar belgilab berildi.

Mazkur hujjatda kelgusida keksalarga g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va e'tiborni kuchaytirish, ularning hayot darajasi hamda sifatini oshirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonunchilik va me'yoriy-huquqiy baza, pensiya ta'minoti, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish, yoshi ulug‘ insonlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatishning eng qulay tizimini shakllantirishga yo‘naltirilgan qator vazifalar muhim o‘rin egallaydi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida mamlakatimizda har bir inson qariganda ijtimoiy ta'minot olish huquqiga egaligi kafolatlangan. Asosiy Qonunimizda yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida, voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklari yozib qo‘yilgan.

Keksa avlod vakillariga hurmat va ehtirom ko‘rsatish xalqimiz oilaviy qadriyatlarida katta o‘rin tutadigan va mentalitetiga xos xususiyatdir. Buvilarimiz, bobolarimiz, ota-onalarimiz xonadon boshi hisoblanadi. Ularning maslahatlari, duolari bilan doimo ezgu ishga bel bog‘lanadi.

Yuqoridagilarga mushtarak tarzda, xalqimizning urf-odatlari milliy qonunchilikda ham o‘z in'ikosini topgan. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining vazifalari oilani mustahkamlash, oilaviy munosabatlarni o‘zaro muhabbat, ishonch va hurmat, hamjihatlik, bir-biriga yordam berish hamda oila oldida uning barcha a'zolarining mas'ulligi hissi asosida qurish kabi yo‘nalishlarga qaratilgan bo‘lib, unda farzandlar, nevaralarning keksa ota-onalari, bobo va buvilariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishlari hamda ta'minot berishlari bo‘yicha majburiyatlari ko‘rsatib o‘tilgan. O‘z navbatida, qonun hujjatlarida oilaviy munosabatlarni tartibga solishga oid tegishli normalar bo‘lmagan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlari tamoyillariga zid bo‘lmagan mahalliy urf-odat va an'analar qo‘llanilishi ham o‘z aksini topgan.

1993 yilda qabul qilingan “Fuqarolarning davlat pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi Qonun esa O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining qariganda ijtimoiy ta'minoti bo‘yicha konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish tartibini belgilaydi. Unda O‘zbe-kiston Respublikasi fuqarolari davlat tomonidan pensiya bilan ta'minlanish huquqiga egaligi mustahkamlangan. Shu o‘rinda qayd etish joizki, birgina o‘tgan yili pensiya miqdori darajasi 23,2 foiz o‘sdi. Hozirgi vaqtda dunyodagi kamdan-kam davlatlar qatorida mamlakatimizda pensiyaga ajratiladigan mablag‘ning miqdori o‘rtacha oylikning 41 foizidan ziyodini tashkil etmoqda.

2004 yilda qabul qilingan “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta'minoti to‘g‘risida”gi Qonunga binoan, jismoniy shaxslarning qonun hujjatlariga muvofiq hisoblab chiqarilgan daromad solig‘ining tegishlicha kamaytirilgan summasi hisobiga jamg‘arib boriladigan majburiy pensiya badallarini ish beruvchi har oyda to‘lab boradi. Shuningdek, ish beruvchiga o‘zining mablag‘lari hisobidan o‘z xodimlarining shaxsiy jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvaraqlariga qo‘shimcha badallar to‘lash huquqi beriladi. Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya hisobvarag‘idagi mablag‘larga har yili foizlar qo‘shiladi. Shu asosda pensiya yoshiga yetgan fuqaroga pensiya tayinlangan paytda u ushbu jamg‘arib borilgan mablag‘ni olish imkoniga ega bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida, shuningdek, qariyalar va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga nafaqalar to‘lash, ish stajiga ega bo‘lmaganlar uchun pensiya tayinlash lozimligi ko‘zda tutilgan.
Yurtimizda keksa yoshdagi insonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning samarali institutsional tizimi yaratilgan. Xususan, 1996 yilda O‘zbekiston Respublikasida faxriylarning ijtimoiy himoyasini ta'minlash borasidagi davlat siyosatining roli hamda samaradorligini oshirish, ularning respublikamiz mustaqilligini mustahkamlash, huquqiy davlat qurish, ijtimoiy-siyosiy va jamiyat hayotida faol ishtirokini ta'minlash maqsadida “Nuroniy” jamg‘armasi tashkil etildi.

Bugungi kunda keksa avlod vakillariga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishda fuqarolik jamiyati institutlari, chunonchi, aholini manzilli ijtimoiy himoya qilish yo‘lida faoliyat yuritib kelayotgan “Mahalla” xayriya jamoat fondi, joylardagi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, korxonalar va muassasalar faxriylari, yolg‘iz qariyalarni keng qo‘llab-quvvatlab kelayotgan O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi hamda boshqa ko‘plab tashkilotlar muhim rol o‘ynamoqda.

“2011 — 2015 yillarda yolg‘iz keksalar, pensioner va nogironlarni ijtimoiy himoya qilishni yanada kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qabul qilingan qaror ijrosi doirasida Saxovat va Muruvvat uylari, qariyalar va nogironlar uchun sanatoriylar, urush hamda mehnat faxriylari uchun Respublika urush va mehnat faxriylari pansionati tashkil etilib, ularning faoliyati yaxshilandi. O‘z navbatida, qariyalarimizga profilaktik, diagnostik, davolash-maslahat yordamlari muntazam ko‘rsatib borilayotir.

2014 yil 13 oktyabrda qabul qilingan “1941 — 1945 yillardagi urush va mehnat fronti -faxriylarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon asosida tibbiy hamda ijtimoiy xizmat ko‘rsatish darajasi hamda sifatini oshirish, shuning hisobiga faxriylar va yoshi ulug‘ insonlar salomatligini mustahkamlash uchun qulay sharoitlar yaratib berilayapti.
Har bir oilada, mahallada, korxona yoki tashkilotda ish qanchalik ko‘p va tig‘iz bo‘lmasin, yoshi ulug‘ insonlarga hurmat-ehtirom ko‘rsatishga hamisha vaqt topiladi. Quvonarlisi, bu g‘amxo‘rlik hamda e'tibor, yaqinlariga ko‘mak berishga intilish hissi har bir insonning chin yuragidan, qaynoq qalbidan chiqadi.

“Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturining hayotga tatbiq etilishi keksalarning hayotida hamon uchrab turgan masalalarni yechish, ularni moddiy va ma'naviy qo‘llab-quvvatlash ko‘lamini kengaytirishga xizmat qiladi. Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 22 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ta'kidlanganidek, barchamizni oq yuvib, oq taragan, ona yurtimizning og‘ir yukini, uning quvonch va tashvishini umr bo‘yi yelkasida ko‘tarib kelgan mo‘tabar bobolarimiz va momolarimizni, ota-onalarimizni rozi qilish, ularning duosini olish dunyodagi eng ulug‘, eng savobli ishdir.

Shundan kelib chiqib, yoshi ulug‘ insonlarni manzilli ijtimoiy himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish borasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, yosh avlodni keksalarga hurmat ruhida tarbiyalash, bu borada tegishli me'yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, respublikamiz hududlarida qonunlar ijrosi ustidan nazorat-tahlil faoliyatini ro‘yobga chiqarish parlamentning bugungi kundagi asosiy vazifalaridan biri sanaladi. Shubhasiz, boshqa yillar qatorida Keksalarni e'zozlash yili ham mamlakatimiz fuqarolarining munosib va baxtli hayot kechirishlarini ta'minlash yo‘lidagi yana bir muhim qadamga aylanadi.

Egambergan RO‘ZMETOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a'zosi.

Ўзбекча | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati