O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Mukammal qonunlar — taraqqiyot garovi

01.05.2015

Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 15-16 may kunlari bo‘lib o‘tadigan ikkinchi yalpi majlisiga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda. Xususan, parlament yuqori palatasi yig‘ilishi kun tartibiga kiritilishi kutilayotgan masalalar, qonunlar tegishli qo‘mitalarda soha mutaxassislari, ekspertlar, olimlar hamda amaliyotchilar ishtirokida dastlabki tarzda ko‘rib chiqilayapti.

Oliy Majlis Senatining 2015 yilga va undan keyingi yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturiga muvofiq, yuqori palataning ikkinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilishi kutilayotgan masalalar joylarda keng jamoatchilik ishtirokida atroflicha muhokama qilinib, ushbu huquqiy hujjatlarning hududlar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi ahamiyatiga alohida e'tibor qaratilmoqda. Binobarin, Prezidentimiz joriy yil yanvar oyida parlament yuqori palatasining birinchi tashkiliy majlisida alohida qayd etganidek, Senat, asosan, mahalliy Kengashlar, hududlarning vakillaridan iborat bo‘lishini hamda vakillik vazifasini bajarishini inobatga olib, umumdavlat va hududiy manfaatlar mutanosibligiga erishish ko‘zda tutilgan.
Senatorlar, doimiy komissiyalar a'zolari, mahalliy davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari, xo‘jalik yurituvchi sub'ektlar rahbarlari va soha mutaxassislari ishtirokida o‘tayotgan bunday tadbirlarda yangi tahrirdagi “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi, “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi hamda yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunlar muhokama etilmoqda. Tadbirlarda mazkur qonunlar mazmun-mohiyati haqida so‘z yuritilib, ularning hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga ta'siri xususida fikr-mulohazalar bildirilayapti.
— Bugun yurtimizda jamiyat hayotining barcha sohasi izchil isloh qilinmoqda, iqtisodiyotga rivojlangan mamlakatlarning ijobiy tajribalari, ilg‘or yutuqlari tatbiq etilayotir, aholi farovonligini yanada yuksaltirishning bugungi talablaridan kelib chiqib, qonunchilik jadal takomillashtirilmoqda, — deydi senator M. Maqsudov. — Yangi tahrirdagi “Qimmatli qog‘ozlar bozori to‘g‘risida”gi Qonun ham iqtisodiyotimiz rivojining bugungi sur'atlari bilan uyg‘un holda ishlab chiqilgan.
Qonunning Namangan viloyatida atroflicha o‘rganib chiqilgani ushbu hujjatning keng muhokamasini ta'minlabgina qolmay, aholi turmush darajasini yaxshilashga, hudud investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qanday hissa qo‘shishini aniqlash imkonini beradi. Qisqacha aytganda, mazkur huquqiy hujjatning asosiy g‘oyasi moliya bozorida va umuman, iqtisodiyotda qimmatli qog‘ozlarning roli hamda ahamiyatini oshirish va raqobatbardoshligini ta'minlashdan iboratdir.
Uchrashuvlarda ta'kidlanganidek, bugun saylovchilarimiz xalq vakillaridan amaliy ishlarni talab qilmoqda. Bu esa, shubhasiz, barcha bo‘g‘indagi deputatlardan ham, senatorlardan ham jonbozlikni, fidoyilikni, mas'uliyatni taqozo etadi. Buni uchrashuvlarda deputatlarning faolligi misolida ham ko‘rish mumkin.
— Bugun mamlakatimizda butun dunyoda islohotlarning “o‘zbek modeli” sifatida o‘z e'tirofini topgan isloh qilish hamda rivojlantirishning tadrijiy va bosqichma-bosqich strategiyasi izchil hamda aniq maqsadga yo‘naltirilgan holda amalga oshirilishi tufayli jahon miqyosida davom etayotgan inqirozli holatlar va qarama-qarshilik kuchayib borishiga qaramay, yurtimizda makroiqtisodiy barqarorlik hamda iqtisodiy o‘sishning barqaror sur'atlarini saqlab qolish ta'minlanayotir, — dedi xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi deputati Z. Jumaev. — “Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi Qonun iqtisodiy taraqqiyotimizning hozirgi davr talablariga hamohangligi bilan katta ahamiyatga ega. U mamlakatimiz hududida transport vositalarining barcha turida tashishni amalga oshirishda yo‘lovchilarning hayoti, sog‘lig‘i va mol-mulkiga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini kafolatlashga qaratilgani bilan muhimdir. O‘ylaymizki, Qonun parlament yuqori palatasida senatorlar tomonidan ma'qullanadi. Binobarin, bu hujjat har bir hamyurtimiz hayoti, sog‘lig‘i hamda mol-mulkini himoyalashga yo‘naltirilgan.
Senatorlar ko‘rib chiqishi kutilayotgan yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonun ham qizg‘in muhokamaga sabab bo‘ldi. — Qonunlarning joylarda bunday muhokamalari tashkil etilayotgani ushbu huquqiy hujjatlarning xalqchilligini, hayotiyligini ta'minlaydi, — dedi Navoiy viloyati axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i F. Teshaev. — Yangi tahrirdagi “Elektron tijorat to‘g‘risida”gi Qonun tadbirkorlikni rivojlantirish hamda ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish imkonini beradi, elektron tijoratni bundan-da rivojlantirishga, elektron savdoda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy qilishga, bitimlarni tuzish tartib-taomillarini soddalashtirishga, elektron tijorat ishtirokchilari huquqlarini ro‘yobga chiqarishning huquqiy mexanizmlarini o‘rnatish va muhofaza etishga xizmat qiladi.
Uchrashuvlarda muhokama etilgan qonunlarda belgilangan qoidalar umumdavlat hamda hududlar taraqqiyotini ta'minlashga salmoqli hissa qo‘shishi alohida ta'kidlanib, ularning ijro mexanizmlari bo‘yicha amaliy takliflar bildirildi.

«Xalq so‘zi» muxbirlari
xabarlari asosida tayyorlandi

 

O'zbekcha | Русский

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati