O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

DEPUTATLIK NAZORATINI YANADA KUCHAYTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

31.10.2014

2014 yil 31 oktyabrda Toshkent viloyati hokimligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi va xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashining qo‘shma majlisida Toshkent viloyati xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy davlat hokimiyati ijro etuvchi organlari faoliyati, xususan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturining bajarilishi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish borasidagi ish tajribasini o‘rganish natijalari muhokama qilindi.

Majlisda Senat komissiyasi a'zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zolari, xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlari doimiy komissiyalarining raislari, Toshkent viloyati, tuman, shahar hokimliklar tashkiliy-nazorat guruhlarining rahbarlari, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.

Toshkent viloyati xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati ijro etuvchi organlari faoliyati, xususan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturining bajarilishi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish borasida muayyan ishlar olib borilganligini senatorlar qayd etib o‘tdilar.

Bugungi kunda Toshkent viloyati xalq deputatlari mahalliy Kengashlarida jami 625 nafar deputat faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xalq deputatlari Toshkent viloyat, tuman va shahar Kengashlari sessiyalari va ularning doimiy komissiyalari majlislarida hududlar uchun dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan masalalar tizimli ravishda muhokama qilib kelinmoqda. Xususan, 2014 yilning o‘tgan yetti oyi davomida Toshkent viloyati xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan jami 106 ta sessiya o‘tkazilib, ularda 400 ga yaqin, shu jumladan hududlar uchun dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan qariyb 150 ta masala ko‘rib chiqilgan. Barcha masalalar batafsil muhokama etilib, ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilingan.

Xususan, xalq deputatlari Toshkent viloyat, tuman va shahar Kengashlari va ular doimiy komissiyalari tomonidan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturining ijrosi bilan bog‘liq 40 ga yaqin masala sessiyalarda, 80 dan ziyod masala esa, doimiy komissiyalar majlislarida muhokama etilgan. Ushbu Davlat dasturining mazmun va mohiyatini tushuntirish va unda belgilangan vazifalarning ijrosini ta'minlash maqsadida 200 dan ortiq uchrashuv, davra suhbati, savol-javob kechalari va boshqa tadbirlar o‘tkazilgan. “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashi deputatlari maqomi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga muvofiq, deputatlar tomonidan tegishli hududdagi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari mansabdor shaxslariga 350 ga yaqin deputatlik so‘rovi yuborilgan. Bundan tashqari, deputatlar tomonidan saylovchilarning 700 dan ortiq murojaati tegishliligi bo‘yicha ko‘rib chiqish hamda ularda ko‘tarilgan masalalarni hal etish uchun mutasaddi tuzilmalarga jo‘natilgan. Joriy yilning birinchi yarmi davomida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning mohiyati, qonun hujjatlarining mazmuni hamda ahamiyati va boshqa masalalar yuzasidan deputatlar tomonidan ommaviy axborot vositalarida 663 ta chiqish qilingan.

E'tiborli jihati shundaki, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Xalq-demkoratik partiyasining xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashidagi deputatlik guruhlari tomonidan xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyalari kun tartibiga hudud uchun dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga molik masalalar kiritib borilgan.

Ta'kidlash joizki, mahalliy davlat hokimiyati ijro etuvchi organlari faoliyati, xususan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturining bajarilishi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirishda deputatlik so‘rovi instituti imkoniyatlaridan samarali foydalanishda xalq deputatlari Bo‘stonliq, Quyi Chirchiq, Ohangaron va Yangiyo‘l tuman Kengashlari deputatlari faolligi ahamiyatga molikdir.

Shu bilan birga, xalq deputatlari Toshkent viloyat, tuman va shahar Kengashlarining mahalliy davlat hokimiyati ijro etuvchi organlari faoliyati, xususan «Sog‘lom bola yili» Davlat dasturining bajarilishi ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirishdagi faoliyatida ayrim xato va kamchiliklarga ham yo‘l qo‘yilganligi muhokama jarayonida senatorlar tomonidan ta'kidlab o‘tildi. Ayrim xalq deputatlari mahalliy Kengashlari tomonidan mahalliy davlat hokimiyati ijro etuvchi organlarining faoliyati ustidan, jumladan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, shuningdek davlat dasturlarining yosh oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, ona va bola salomatligini mustahkamlash, sog‘lom bolani parvarish qilishda tibbiyot xodimlarining mas'uliyatini yanada oshirishga doir faoliyati ustidan ta'sirchan deputatlik nazoratini amalga oshirishga yetarlicha e'tibor qaratilmagan.

Muhokama yakuni bo‘yicha tegishli qo‘shma qaror qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati