O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot

31.10.2014

2014-yil 31-oktabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisini shu yil 13-noyabrda Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.

Senatning yalpi majlisi muhokamasiga aholi turmush darajasini yanada oshirishni va uning ijtimoiy muhofaza qilinishini kuchaytirishni, iqtisodiyotning yuqori va barqaror sur’atlar bilan o‘sishini, aholi bandligi ta’minlanishini nazarda tutgan O‘zbekiston Respublikasining 2015-yilgi Davlat byudjeti, davlat maqsadli jamg‘armalarining byudjetlari hamda soliq va byudjet siyosatining 2015-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari to‘g‘risidagi, shuningdek, 2015-yilda ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturi to‘g‘risidagi masalalarni kiritish rejalashtirilmoqda.

Senatning yalpi majlisi kun tartibiga siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning barcha sohalarini izchil isloh qilishga hamda liberallashtirishga, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bir qator O‘zbekiston Respublikasi qonunlari kiritilmoqda. O‘zbekistonda investitsiyaviy muhit va ishbilarmonlik muhitini, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishni nazarda tutgan «Investitsiya faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi qonunlar shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunlarni ham ko‘rib chiqish rejalashtirilgan.

Shu bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham muhokama qilinadi.

Oliy Majlis Senati qo‘mitalarining va Devonining o‘n oltinchi yalpi majlisni tayyorlash hamda o‘tkazish bilan bog‘liq ishini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi. 

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

 

Русский | Ўзбекча | English | Français | Español | Arabian | Deutsch

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati