O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Demokratik tamoyillar mezoni

30.11.2014 - Senator Xolboy Ibragimov

Сенатор Холбой ИБРАГИМОВHar yili O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunni huquqiy demokratik davlat va dunyo hurmat qiladigan jamiyat barpo etishdek ezgu maqsadlarimiz ro‘yobiga yaqinlashtirayotgan yangi o‘zgarishlar bilan kutib olamiz.

Asosiy Qonunimizning 22 yilligida ham mamlakatimizda qonunchilikni takomillashtirishni izchil davom ettirish, zamon talablariga javob beradigan yangi qonunlarni hayotga tatbiq qilish asosida fuqarolarning konstitutsiyaviy kafolatlarini yanada maromiga yetkazishning navbatdagi bosqichiga xulosa yasaymiz.
Bularning barchasi izchil islohotlar asosini rivojlantirayotgani bilan nihoyatda ahamiyatlidir. Ya'ni mazkur sa'y-harakatlar, avvalo, har bir oila farovonligi, har bir inson hayoti obodligini yanada yuksaltirishga yo‘naltirilgan. Zero, Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilab qo‘yilgan.

Asosiy Qonunimiz qabul qilinganining yigirma ikkinchi yili fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqini yanada keng ta'minlaydigan konstitutsiyaviy kafolatlar hamda qator qonunlar amaliyotga joriy etilgani bilan yodda qoladi. Xususan, davlat hokimiyati va boshqaruvini yanada demokratlashtirish maqsadida parlament tomonidan Konstitutsiyaga tegishli o‘zgartishlar kiritildi. Bularda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan qonunchilik tashabbuslari mujassamdir. Shular asosida “Kuchli davlatdan — kuchli fuqarolik jamiyati sari” prinsipini hayotga bosqichma-bosqich tatbiq qilish mantiqan davom ettirildi. Davlat hokimiyati organlari faoliyatida Oliy Majlisning roli kengaytirildi. Yuqori qonunchilik organi, davlat hokimiyati vakillik tizimlarining Vazirlar Mahkamasi va ijro tuzilmalari faoliyati ustidan nazoratni amalga oshirish bo‘yicha vazifalari kuchaytirildi. Shuningdek, mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarishda hukumat, joylardagi ijro organlari javobgarligi oshirildi.

Konstitutsiyada davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish instituti fuqarolar jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish vositasi sifatida belgilab qo‘yildi. O‘z navbatida, Asosiy Qonunimizda xalq saylagan vakillar faoliyatining muhim jihatlaridan biri sanalgan parlament nazorati instituti o‘z in'ikosini topdi.

Konstitutsiyamizga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi konstitutsiyaviy organga aylantirildi. Mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, ochiqlik va xolislik uning faoliyatiga oid asosiy prinsiplardir. Bu, shubhasiz, fuqarolarning mamlakatni boshqarish ishlarida hokimiyat vakillik organlarini shakllantirish vositasida ishtirok etishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish kafolatlarini yanada kengaytirdi.

Ayni paytda o‘tayotgan yil Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida qator muhim qonunlarning qabul qilinishi bilan tarixga kirdi. Jumladan, “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunda davlat organlari fuqarolarga ularning huquq va manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishib chiqish imkoniyatini yaratib berishi lozimligiga doir konstitutsiyaviy qoidani ta'minlash kafolatlari yanada rivojlantirildi. Har kimning o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqi mustahkamlandi.

Shular qatorida 2014 yil sentyabrda e'lon qilingan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi Qonunga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Zotan, unda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, jumladan, tarmoq va hududiy dasturlarni, mamlakatimiz aholisi turli qatlamlarining huquq va erkinliklari, manfaatlariga daxldor me'yoriy-huquqiy hujjatlar hamda qarorlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda davlat organlarining nodavlat notijorat tashkilotlari bilan o‘zaro munosabatlari tartibga solinadi. Ushbu huquqiy hujjat, albatta, fuqarolar, demokratik qadriyatlar, inson erkinligi, huquqlari va qonuniy manfaatlari muhofazasining muhim omili sanalgan NNT faolligi hamda tashabbuskorligini oshirishga xizmat qiladi, davlat organlari mansabdor shaxslari mas'uliyatini kuchaytiradi.

Asosiy Qonunimizda bozor munosabatlarini rivojlantirish, mulk va uning xilma-xil shakllariga bo‘lgan huquqni mustahkamlashga yo‘naltirilgan jamiyatning iqtisodiy asoslari belgilab qo‘yilgan. Unda davlat iste'molchilarning huquqi ustunligini hisobga olib, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligini, barcha mulk shakllarining teng huquqliligini va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini kafolatlashi o‘z ifodasini topgan. Binobarin, o‘tgan davrda bozor iqtisodiyoti, uning ilg‘or taraqqiyoti, barqaror o‘sishini ta'minlaydigan “yo‘l xaritasi”ni shakllantirishni davom ettiradigan iqtisodiy islohotlarning huquqiy maydoni yanada takomillashtirildi. Bu yo‘lda qator qonunchilik hujjatlari hayotga joriy qilindi. Qolaversa, amaldagi qonunchilikka xususiy mulk asoslarini mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish, qulay ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratish, tadbirkorlarga katta erkinlik berishga yo‘naltirilgan qator o‘zgartish hamda to‘ldirishlar kiritildi.

Bulardan tashqari, voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida ekanligiga oid konstitutsiyaviy moddani yanada mustahkamlash maqsadida “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi Qonun kuchga kirdi. Bu vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarning aniqlanishi, hisobga olinishi va joylashtirilishi, ularning erkinligi hamda qonuniy manfaatlarini, bolalarni oilada tarbiyalash shaklining ustuvorligini, vasiylik yoki homiylik belgilanishiga muhtoj bo‘lgan shaxslar to‘g‘risida g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash, vasiylik va homiylik sohasida davlat boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta'minlashga qaratilgan huquqiy hujjatdir.

Muxtasar aytganda, davrning yangi talablari, jamiyat hayotining yangilanishi qonunchilik asoslarini yanada takomillashtirish, fuqarolar o‘z huquqlarini chuqur anglashi, o‘z ustida tinimsiz ishlashi hamda rivojlanishini taqozo etadi. O‘zgarishsiz qoladigan bir narsa borki, u ham bo‘lsa, inson huquqlari, demokratik qadriyatlar va adolatlilik fazilatlariga sodiqlikdir.

Xolboy IBRAIMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati a'zosi.

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati