O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi to‘g‘risida axborot

30.07.2014

2014-yil 30-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. 

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi. 

Kengash O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisini shu yil 28-avgust kuni Toshkent shahrida chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining 2010-yil 12-noyabrdagi qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida belgilab berilgan demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga doir vazifalardan kelib chiqib, Kengash Senat yalpi majlisining kun tartibiga mamlakat siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotining hamma sohalarini izchil isloh qilishga va liberallashtirishga qaratilgan bir qator O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini kiritdi. Davlat organlari bilan fuqarolik jamiyati institutlari o‘zaro hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishni, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashni, tadbirkorlarning huquqlarini, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy manfaatlarini ishonchli muhofaza qilishni va boshqalarni nazarda tutadigan, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq ishlab chiqilgan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi, “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi (yangi tahrirda), “Tijorat siri to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari shular jumlasidandir. 

Shu bilan bir qatorda navbatdagi yalpi majlisda senatorlar mamlakatning bir qator idoralari rahbarlarining hisobotini tinglashni, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining vakolatiga kiruvchi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqish va muhokama qilishni nazarda tutmoqdalar. 

Oliy Majlis Senati qo‘mitalari va devonining o‘n beshinchi yalpi majlisni tayyorlash va o‘tkazish borasidagi ishini muvofiqlashtirish uchun Kengash tomonidan tegishli ishchi guruh tuzildi. 

O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Matbuot xizmati 

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati