O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Tarixiy merosimiz e'tirofi

29.05.2014

Samarqandda bo‘lib o‘tgan “O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy sivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati” mavzuidagi xalqaro konferensiya sivilizatsiyalar taraqqiyotida fanning nechog‘li katta rol o‘ynaganini, zaminimiz dunyoga qanchadan-qancha buyuk allomalarni yetkazib berganini yana bir karra namoyish etib, har birimizga cheksiz g‘urur va ixtifor bag‘ishladi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Shuni qayd etish kerakki, bu allomalar ilmiy merosi zamonaviy fan taraqqiyotining asosi bo‘lib xizmat qildi.

Davlatimiz rahbarining xalqaro anjuman ochilishidagi “o‘zining tarixiy, madaniy va intellektual merosini asrab-avaylashga, boyitish va ko‘paytirishga, shuningdek, unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalashga yetarlicha e'tibor qaratmaydigan, har tomonlama uyg‘un rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, o‘z qarash va yondashuviga, grajdanlik pozitsiyasiga ega bo‘lgan shaxsni kamol toptirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ymaydigan har qanday davlat va jamiyat tarix va taraqqiyot yo‘lidan chetda qolib ketishga mahkum ekani” haqidagi so‘zlari har birimizni jiddiy mushohadaga chorlaydi.

O‘zbekiston mustaqillikning ilk yillaridanoq, taraqqiyotning “o‘zbek modeli” asosida uzoq istiqbolga mo‘ljallangan maqsad — rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan joy olish, xalqimizga munosib turmush sharoitlarini hamda dunyo hamjamiyatida o‘z o‘rnini topishidek strategik maqsadni belgilab oldi. Biz butun turmushimizning ma'no-mazmuniga aylangan mana shu maqsadlar yo‘lidan qat'iy boryapmiz.

Demokratik o‘zgarishlar, ijtimoiy soha, iqtisodiyot, madaniyat ravnaqi bilan bir qatorda, taraqqiyotning muhim sharti sifatida fan va ta'limni rivojlantirishga katta e'tibor qaratilmoqda. Ona-yurtimizda IX-XIII asrlardagi ilmiy-madaniy yuksalish jahonning boshqa mintaqalaridagi Renessans jarayonlariga ijobiy ta'sir ko‘rsatgan holda, Sharq uyg‘onish davri — Sharq Renessansi sifatida dunyo ilmiy jamoatchiligi tomonidan haqli ravishda tan olingan bo‘lsa, bugun O‘zbekiston fanida yangi sahifa ochildi. Hozirgi kunda intellektual va madaniy qadriyatlarni qayta tiklash, yoshlarni dunyo tarixiga yuzlab kashfiyotlarni tuhfa etgan allomalarimizga hurmat ruhida tarbiyalashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi bilan har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Unga binoan, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qiladi. 1997 yilda “Ta'lim to‘g‘risida”gi Qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinib, ularda jamiyatdagi o‘zgarishlarning muhim sharti sifatida xalqimizning boy intellektual merosi hamda umuminsoniy qadriyatlar, zamonaviy madaniyat, iqtisodiyot, fan, texnika va texnologiyalar asosida kadrlar tayyorlashning mukammal tizimini shakllantirish belgilab qo‘yildi.

Mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishida fanning rolini kuchaytirish, ilmiy-texnika taraqqiyoti boshqaruvini erkinlashtirish, ilmiy tadqiqotlar, texnologik va konstruktorlik ishlanmalari darajasi, sifati va dolzarbligini oshirish, ulardan samarali foydalanish uchun sharoit yaratish maqsadida 2006 yilda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzurida Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo‘mitasi tashkil etildi. Mazkur qo‘mita yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy rivojlantirish vazifalari, zamonaviy fan yutuqlari hisobga olingani holda, fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish bo‘yicha faol ish olib bormoqda. Oliy va o‘rta maxsus ta'lim, Sog‘liqni saqlash, Xalq ta'limi vazirliklari huzurida ilmiy tadqiqot ishlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, buyuk ajdodlarimizning noyob ijod mahsullari saqlanayotgan kutubxona fondlarini asrab-avaylash hamda ularni ko‘paytirish, o‘z davrining ilm-fanidan guvohlik beruvchi qo‘lyozmalar, bosma asarlarning qimmatli nusxalari joy olgan muzeylarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 24 iyuldagi “Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash va attestatsiyadan o‘tkazish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda ilm-fanni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi.

Har yili Vatanimiz va jahon ilm-fani rivojiga hissa qo‘shgan olimlar davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlanmoqda. Xususan, Prezidentimiz Farmoniga muvofiq, 2006 yilda fan va texnika, adabiyot, san'at va me'morchilik sohasidagi davlat mukofotlari ta'sis qilindi. Bu, o‘z navbatida, yuksak darajadagi ilmiy izlanishlarni amalga oshirish, noyob ixtiro va kashfiyotlar, eng zamonaviy talablarga javob beradigan texnika va yuqori texnologiyalarni, adabiyot, san'at va me'morchilik sohasida ulkan ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lgan yetuk badiiy asarlar yaratishni rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Bugun ishonch bilan ayta olamizki, yurtimizda ilmiy tafakkurni yanada rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar o‘z natijasini bermoqda. Farzandlarimiz xalqaro olimpiadalarda muvaffaqiyatli qatnashmoqda, olimlarimiz, ayniqsa, yosh olimlar yangi kashfiyotlar qilishmoqda, dunyo ilmiy hamjamiyati tomonidan yuksak e'tirofga sazovor bo‘lgan nou-xaularni amaliyotga taklif etishyapti. Shu ma'noda aytganda, Samarqandda bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiyada butun dunyo olimlari nafaqat O‘zbekistonning o‘rta asrlardagi, balki zamonaviy ilm-fani ravnaqiga katta qiziqish bildirgani hammamizga g‘urur bag‘ishlaydi. Albatta, mustaqillik yillarida kamol topgan yangi tafakkur egalari taraqqiyot ilg‘orlari sifatida e'tirofga sazovor bo‘ladi, buyuk ajdodlari ishini davom ettiradi.

Edvard RTVELADZE,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a'zosi.

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati