O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

XALQ DEPUTATLARI MAHALLIY KENGASHLARI BILAN HAMKORLIKNI YANADA TAKOMILLASHTIRISH MASALALARI MUHOKAMA QILINDI

28.11.2014

2014 yil 28 noyabrda xalqaro biznes-markazda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi (bundan buyon matnda Senat Komissiyasi deb yuritiladi) hamda BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan tashkil etilgan “Konstitutsiyaviy davlat vakillik organlari – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari: hamkorlik va samara” mavzuida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Konferensiya ishida Senat Komissiyasining a'zolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining a'zolari va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisi, yevroittifoqning O‘zbekistondagi delegatsiyasi boshlig‘i, BMTning O‘zbekistondagi Taraqqiyot dasturi vakili, yevropa Ittifoqining “O‘zbekistonda ikki palatali parlament tizimini yanada mustahkamlash va xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan aloqalarni rivojlantirish” loyihasining rahbarlari va menejerlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi institutining xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universitetining olimlari hamda o‘qituvchilari, shuningdek ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashdi.

Konferensiya qatnashchilari tomonidan qayd etilganidek, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari bilan aniq maqsadli va tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Senat, Senat Kengashi, Senat qo‘mitalari va Komissiyasi tomonidan qator tashkiliy-huquqiy tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. O‘tgan yillar mobaynida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlik qilish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati faoliyatida ustuvor yo‘nalishga aylandi.

Xususan, Senat 2005 yilda faoliyat boshlaganidan to hozirgi kunga qadar xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari, deputatlar faoliyatini takomillashtirish, ularni mintaqalar uchun dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan g‘oyat muhim masalalarni hal qilishga faol jalb etish, ularga amaliy va uslubiy yordam berish maqsadida Senat, Senat Kengashi, Senat qo‘mitalari va Komissiyasi tomonidan dasturiy va tavsiya xususiyatidagi yuzdan ortiq hujjat qabul qilindi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga yordam tarzida qator uslubiy qo‘llanmalar, kitob va risolalar chop etildi.

Chunonchi, birgina 2010–2014 yillar davomida Senat qo‘mitalari tomonidan xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan 12 ta qo‘shma majlis, joylarda 7 ta sayyor majlis, 34 ta konferensiya, 55 ta seminar va 51 ta davra suhbati o‘tkazildi. Mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalarini hal etishda Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan hamkorlik qilish mexanizmini takomillashtirish masalasida Senatning xalq deputatlari mahalliy Kengashlari bilan birgalikda ishlashi borasida 2005–2009 yillarda to‘plangan amaliy tajribaga asoslanib hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining samarali faoliyatini tashkil etishda, ular doimiy komissiyalarining roli hamda vakolatlarini oshirishda amaliy va uslubiy yordam berish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010 yil 10 martdagi Qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi tuzildi va Komissiya to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlandi.

Tahlil natijalari Senat Komissiyasining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari bilan o‘tgan yillar mobaynidagi samarali hamkorligi mahalliy Kengashlar va ular doimiy komissiyalari faoliyatining saviyasi sifat jihatidan o‘sishiga, shuningdek joylardagi muhim va dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal qilishda ularning roli oshishiga yordam berganligini ko‘rsatmoqda. Hozirgi kunda xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari zimmasiga yuklatilgan vazifalar bajarilishini ta'minlashning holatini o‘rganish, mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda hamda jamiyatni demokratlashtirishda ularning rolini yanada faollashtirish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, davlat dasturlari va hududiy dasturlar, shu jumladan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosini ta'minlash borasidagi faoliyati ustidan deputatlik nazoratini amalga oshirish masalalariga Senat Komissiyasi tomonidan katta e'tibor berilmoqda.

Konferensiyada so‘zga chiqqan senatorlar, deputatlar, xalqaro tashkilotlarning vakillari, olimlar va boshqa ishtirokchilar ish tajribasini o‘rtoqlashdilar, Senat qo‘mitalari va Komissiyasining xalq deputatlari mahalliy Kengashlari va ularning doimiy komissiyalari bilan hamkorligini yanada takomillashtirish, shu jumladan mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatidagi mavjud kamchiliklar va nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha ayrim taklif va tavsiyalarini bildirdilar. Konferensiya qatnashchilari xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatining huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurligini ham ta'kidladilar.

Muhokama yakunlari bo‘yicha konferensiya ishtirokchilari tegishli tavsiyalarni qabul qildilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati