O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

28.08.2014

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborot

2014-yil 28-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi ochildi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a’zolari, vazirlik va idoralarning rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalarining vakillari hozir bo‘ldilar. 

Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi I.Sobirov olib bordi.

Senatorlar o‘z ishlarini Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ijro etish maqsadida ishlab chiqilgan «Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan boshladilar. 

Muhokama jarayonida senatorlar qayd etganlaridek, amalga oshirilayotgan Konsepsiyada fuqarolik jamiyati institutlari yanada rivojlanishini ta’minlashga, ularning olib borilayotgan islohotlarni ro‘yobga chiqarishdagi rolini kuchaytirishga muhim ahamiyat berilgan. Ko‘rib chiqilayotgan qonun ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ro‘yobga chiqarishda, gumanitar muammolarni hal etishda, aholi turli qatlamlarining huquqlari, erkinliklari va manfaatlarini himoya qilishda NNTning davlat tuzilmalari bilan o‘zaro hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini aniq belgilab berishi kerak.

Mamlakatimizni modernizatsiya qilish va demokratik yangilashning ustuvor yo‘nalishlaridan kelib chiqqan holda qonunda ijtimoiy sheriklikning asosiy sohalari, chunonchi aholini ijtimoiy muhofaza qilish, qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy faolligini oshirish, bandlikni ta’minlash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, atrof-muhitni va aholi sog‘lig‘ini saqlash, barkamol va sog‘lom yosh avlodni shakllantirish, onalik va bolalikni, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, aholining huquqiy bilimlarini, huquqiy ongini va huquqiy madaniyatini oshirish va boshqalar nazarda tutilmoqda.

Ushbu qonun hujjatida davlat organlarining NNT bilan o‘zaro hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlari, ularning joylardagi ijtimoiy muhim muammolarni hal qilishda ishtirok etish shakllari va usullari aniqlashtirilmoqda. Senatorlarning fikricha, ijtimoiy sheriklikni mustahkamlashda qonunning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari huzurida NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoat fondlari, shuningdek, mahalliy hokimiyat vakillik organlari deputatlaridan, hokimliklar tegishli bo‘linmalari, adliya va moliya organlari, NNT vakillaridan iborat tegishli jamoat komissiyalari tuzilishini nazarda tutuvchi normalari katta ahamiyatga ega. 


Senatorlarning fikricha, ushbu qonun ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish uchun qulay huquqiy maydon yaratishga, mamlakatimizda kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samaradorligini oshirishga, katta ijtimoiy ahamiyatga molik ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari va qonun hujjatlarini ishlab chiqish hamda amalga oshirish jarayonida aholining keng qatlamlari manfaatlarini har tomonlama hisobga olishga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

So‘ngra senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 8-iyuldagi «Milliy axborot resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorini va Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 8-iyuldagi «Milliy axborot resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-1572-sonli qarorini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar haqida»gi qarorini ijro etish doirasida ishlab chiqilgan «Tijorat siri to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Senatorlar ushbu qonun tijorat siri himoya qilinishini va undan foydalanishni, axborotni tijorat siri toifasiga kiritishni, uni tizimga solishni ta’minlashga, bozor raqobati sharoitida xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy manfaatlarini himoya qilishga qaratilganligini ko‘rsatib o‘tdilar.

Senatorlar ta’kidlaganlaridek, qonunning qabul qilinishi ijtimoiy manfaatlar sohasidagi tijorat siri rejimini o‘rnatish jarayonini huquqiy tartibga solishni takomillashtirishga xizmat qiladi va u bir qator yangiliklarni o‘z ichiga oladi. 

Qonun normalarining ro‘yobga chiqarilishi xo‘jalik yurituvchi subyektlar samarali ish olib borishi uchun qulay sharoit yaratish imkonini beradi, shuningdek, axborot texnologiyalarini, ishlab chiqarish yangiliklarini, nou-xaular va innovatsiyalarni yanada rivojlantirishga rag‘batlantiruvchi omil bo‘lib xizmat qiladi, bu esa pirovardida iqtisodiyotning yanada o‘sishiga va respublikamizning ravnaq topishiga olib keladi. Senatorlar qonunni ma’qulladilar. 

Senatorlar Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish doirasida ishlab chiqilgan «Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ham ko‘rib chiqdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida axborotMuhokama jarayonida senatorlar qonun birja faoliyati va birjalar ishi masalalarida yagona huquqni qo‘llash amaliyotidan foydalanish uchun shart-sharoit, shuningdek, mamlakatimiz birja bozorining jahon birja bozoriga integratsiyalashuvi uchun mexanizmlar yaratishini alohida ko‘rsatib o‘tdilar. Umuman, qonun xo‘jalik yurituvchi subyektlar tovar-xomashyo va moliya birjalarida keng ishtirok etishini ta’minlashga, moliya sektorini rivojlantirishga, bozor infratuzilmasining sifatini oshirishga, makroiqtisodiy o‘sish sur’atlarini yaxshilashga yordam beradi. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar asosiy maqsadi ijtimoiy-iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy va sud-huquq sohalaridagi amal qilib turgan qonun hujjatlarini yanada takomillashtirishdan iborat bo‘lgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqdilar.

Ushbu qonunning asosiy qoidalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlariga, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya iqlimi va ishbilarmonlik muhitini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 25-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan tuzatishlarni ro‘yobga chiqarish sohasidagi qonun ijodkorligi ishlari dasturi to‘g‘risida»gi farmoyishiga muvofiq tayyorlangan.

Qonun bilan bir qator qonunlarga: «O‘zbekiston Respublikasining Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida»gi, «Mikromoliyalash to‘g‘risida»gi, «Sug‘urta faoliyati to‘g‘risida»gi, «Valyutani tartibga solish to‘g‘risida»gi, «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida»gi, «Axborotlashtirish to‘g‘risida»gi qonunlarga, Bojxona kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga, bir qator boshqa qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonun hujjatlariga kiritilayotgan tuzatishlar saylov qonunchiligini yanada takomillashtirishga, Markaziy saylov komissiyasining vakolatlarini kengaytirishga, mustaqilligining kafolatlarini mustahkamlashga yordam beradi. Ushbu qonun ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish, tadbirkorlik subyektlari uchun yanada qulayroq sharoitlar yaratish, sud-huquq sohasidagi demokratik islohotlarni chuqurlashtirishning muhim omili bo‘ladi. Atrof-muhitni muhofaza qilish hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish samaradorligini oshirishga qaratilgan tuzatishlar katta ahamiyatga ega. Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan prokuror nazoratining holati va uni yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risidagi hisobotini tingladilar.

Hisobot davrida prokuratura organlari tomonidan qonun ustunligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini, O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini himoya qilish, huquqbuzarliklarning oldini olish va ularni profilaktika qilish bo‘yicha zimmalariga yuklatilgan vazifalarni bajarishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar qilinganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prokuratura organlarining alohida e’tibori fuqarolarning Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa huquq hamda erkinliklarini himoya qilishga qaratildi.

Shu bilan birga, g‘oyat muhim davlat dasturlarini, jumladan, tadbirkorlik faoliyatini, fermer, dehqon xo‘jaliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish sohasidagi dasturlarni ro‘yobga chiqarishga, ular faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish hollariga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari ijro etilishini nazorat qilishga muhim e’tibor berildi. 

Prokuratura organlarining e’tibori ko‘proq aholi bandligi, yoshlarni va kollejlar hamda litseylarning bitiruvchilarini ishga joylashtirish sohasidagi qonun hujjatlari ijro etilishi ustidan nazoratning samaradorligini oshirish, fuqarolarning munosib mehnat sharoitiga ega bo‘lish, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqlariga rioya etilishini samarali ta’minlash, shuningdek, fuqarolarning hayoti va salomatligini jinoiy tajovuzlardan ishonchli himoya qilish, ularning sud tomonidan himoya qilinishga bo‘lgan huquqlarini amalda ro‘yobga chiqarish masalalariga ham qaratildi. 

Hisobot davrida inson manfaatlarining ustuvorligi prinsipini ta’minlash, shuningdek, davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning jamiyat va fuqarolar oldidagi mas’uliyatini kuchaytirish maqsadida davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari tomonidan fuqarolarning murojaatlari o‘z vaqtida ko‘rib chiqilishi bo‘yicha qonunchilik talablarini bajarish prokuraturaning doimiy nazoratida bo‘lib keldi.

Ma’ruzada ta’kidlanganidek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ushbu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlarga qaramay, mansabdor shaxslar fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini inkor etishi hollari mavjud. Chunonchi, fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashdagi kamchiliklar Qishloq va suv xo‘jaligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Sog‘liqni saqlash, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirliklari hamda boshqa davlat organlari faoliyatida aniqlangan. 

Shu bilan birga, mansabdor shaxslarning mas’uliyatini oshirish maqsadida prokuratura organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qiluvchi va sud organlari, shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan birgalikda yangi qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlarning mohiyati va talablarini bevosita ijrochilarga yetkazish, ular tomonidan qonun hujjatlarining normalari aniq va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirish borasida ancha ishlar qilingan. 

Ma’ruzada ko‘rsatib o‘tilganidek, joriy yilda davlatimiz rahbarining «Qonun hujjatlari ijrosini ta’minlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Bosh prokuratura tarkibida Qonun hujjatlarining ijro etilishini nazorat qilish bo‘yicha bosh boshqarma tashkil etildi. Bu inson huquqlari va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning muhim omili bo‘ldi.
Senatorlar prokuratura organlarining fuqarolar huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan takliflar va tavsiyalarni bildirdilar. 

Senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini tingladilar. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining hisobot yilidagi faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 18-yanvardagi majlisidagi ma’ruzasida belgilangan, mamlakat bank tizimining barqaror rivojlanishini va ishonchliligini ta’minlash hamda uning yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini, makroiqtisodiy muvozanatlilikni, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik jihatdan qayta qurollantirish hamda diversifikatsiyalashni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha dasturiy vazifalarni ham bajarishga qaratilganligi ko‘rsatib o‘tildi.

Yalpi majlis qatnashchilari mamlakat bank tizimini izchil va aniq maqsadni ko‘zlab isloh qilish hisobot davrida banklarning kapitallashuv darajasi va depozit bazasi yuqori sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlash, banklarning barqarorligini mustahkamlash hamda yuqori xalqaro ko‘rsatkichlarga erishishga, iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmlari ortishiga imkon berganligini ta’kidladilar. 

Mamlakat bank tizimi kapitalining yetarliligi xalqaro standartlarning eng kam ko‘rsatkichlaridan uch baravar yuqori darajada, uning likvidliligi esa normativ talablardan 2,2 baravar yuqori darajada saqlanib qolmoqda. Banklarning aktivlari, shuningdek, iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan kreditlarning umumiy hajmi hisobot yilida 30 foizga o‘sdi. Bunda investitsiya maqsadlariga berilgan kreditlarning ulushi 1,25 baravar ko‘paydi. Kichik biznes subyektlariga berilgan kreditlar hajmi 7 trillion so‘mni tashkil etgan bo‘lib, bu 2012-yildagiga qaraganda 1,3 baravar ko‘pdir. Shu jumladan, mikrokreditlar hajmi 1,3 baravar ko‘payib, 1,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Bularning barchasi mamlakatda qulay ishbilarmonlik muhitini, kichik biznes, xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga yordam berdi.

Aholi va xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan bank tizimiga bo‘lgan ishonchning tobora o‘sib borayotganligi qayd etildi. Chunonchi, tijorat banklaridagi depozitlarning umumiy hajmi 2013-yil mobaynida 30,2 foizga ko‘paydi. Natijada hozirgi kunda O‘zbekistonning barcha banklari xalqaro reyting agentliklari tomonidan «barqaror» reyting bahosiga ega bo‘lgan mustahkam banklar deb e’tirof etildi. 

Shu bilan birga, senatorlar hisobot yuzasidan o‘z chiqishlarida qabul qilingan, iqtisodiyotning barqaror yuqori sur’atlar bilan o‘sishini ta’minlaydigan pul-kredit siyosati strategiyasini amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining rolini kuchaytirish, faoliyatining samaradorligin yanada oshirish, buning uchun mavjud zaxira va imkoniyatlarni safarbar etish zarurligiga e’tiborni qaratdilar. Xalqaro normalar, mezonlar va standartlardan foydalanish amaliyotini kengaytirish yo‘li bilan bank nazorati tizimini takomillashtirishga, banklarning investitsiyaviy faoliyatini oshirishga, bunda mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarida nazarda tutilgan loyihalarni moliyalashtirishga, ish o‘rinlari tashkil etishga hamda aholi bandligini ta’minlashga, xotin-qizlar tadbirkorligi va oilaviy tadbirkorlikni har tomonlama rivojlantirish hamda moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirishga alohida e’tibor berish zarur.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan senatorlar tegishli qarorlar qabul qildilar.

Shu bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati o‘n beshinchi yalpi majlisining birinchi ish kuni tugadi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati



Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati