O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida

27.08.2014

28-avgust kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi ochiladi. 

Kecha Oliy Majlis Senati Kengashining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda ishchi guruh rahbarining bo‘lajak yalpi majlisni o‘tkazishga tayyorgarlik to‘g‘risidagi axboroti tinglandi. 

Senat qo‘mitalarining raislari qo‘mitalarda o‘tkazilgan majlislar hamda o‘n beshinchi yalpi majlis muhokamasiga kiritilgan qonunlar bo‘yicha xulosalar va boshqa masalalar yuzasidan qarorlarning loyihalari tayyorligi haqida axborot berdilar, yalpi majlis ishini tashkil etish to‘g‘risida fikr almashdilar. 

Kengash majlisida Senatning yalpi majlisi muhokamasiga kiritilgan, Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasini ro‘yobga chiqarish doirasida tayyorlangan, siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotning hamma sohalarini izchil isloh qilishga va liberallashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining dolzarbligi qayd etildi. 

Oliy Majlis Senatining bo‘lajak yalpi majlisida muhim masalalardan biri davlat organlarining NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorligining tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirishni, ijtimoiy sheriklikni rivojlantirish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini hamda katta ijtimoiy ahamiyatga molik qonun hujjatlarini ishlab chiqish va ro‘yobga chiqarish jarayonida keng aholi qatlamlarining manfaatlarini har tomonlama hisobga olish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishning samaradorligini oshirish uchun qulay huquqiy maydon yaratishni nazarda tutadigan “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini ko‘rib chiqishdan iborat bo‘ladi. 

Senatning yalpi majlisida birja faoliyatini yanada tartibga solishga, ishbilarmonlik muhitini yaxshilashga, tadbirkorlarning huquqlarini, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning iqtisodiy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga, saylov qonunchiligini, sud-huquq sohasini, atrof-muhitni muhofaza qilishni takomillashtirishga hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan “Birjalar va birja faoliyati to‘g‘risida”gi (yangi tahriri), “Tijorat siri to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari ham ko‘rib chiqiladi. 

Yalpi majlisda Bosh prokurorning inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlash borasida amaldagi qonun hujjatlariga rioya etilishi ustidan prokuror nazoratining holati va uni yanada kuchaytirish choralari to‘g‘risidagi, Markaziy bank boshqaruvi raisining Markaziy bankning 2013-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlari ko‘rib chiqiladi. 

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining vakolatiga kiritilgan boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi. 

Muhokama qilingan barcha masalalar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining tegishli qarorlari qabul qilindi. 


O‘zbekiston Respublikasi 
Oliy Majlisi Senatining 
Matbuot xizmati
 

Content on this page requires a newer version of Adobe Flash Player.

Get Adobe Flash player

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati