O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Sog‘lom avlodni tarbiyalashning muhim omili

24.05.2014

Mamlakatimiz parlamenti yuqori palatasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi tomonidan Fan, ta'lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, BMT Bolalar fondining (YuNISeF) O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan birgalikda bola huquqlarini ta'minlash sohasidagi xalqaro konvensiyalar va milliy qonun hujjatlari O‘zbekistonda ijro etilishining borishiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi qabul qilinganligining 25 yilligi hamda YuNISeFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi ish boshlaganiga 20 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu tadbirda Senat a'zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat Kengashlari doimiy komissiyalari rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar, YuNISeF hamda boshqa xalqaro tashkilotlarning O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan vakolatxonalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, milliy va xorijiy ekspertlar vakillari qatnashdi.

Davra suhbatida qayd etilganidek, har qanday davlatning ertangi kuni va rivojlanish istiqbollari bolalar hamda butun yosh avlodning baxt-saodatiga bog‘liq. O‘zbekistonda bolalarning huquqlarini ta'minlashga, ularning har tomonlama rivojlanishiga, yosh avlodning manfaatlarini kafolatli himoya qilishga va ehtiyojlarini qondirishga davlat tomonidan g‘oyat jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan sog‘lom, barkamol avlodni tarbiyalash, onalik va bolalikni muhofaza qilish davlatimiz siyosatining g‘oyat muhim yo‘nalishlari sifatida belgilangan. Yurtimizda 2014 yilning “Sog‘lom bola yili” deb e'lon qilinganligi buning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

O‘zbekiston mustaqillikni qo‘lga kiritgan dastlabki kunlardanoq bolalarning har tomonlama rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy-iqtisodiy, qonunchilik, institutsional sharoitlarni yaratish, ularning huquqlari himoya qilinishini ta'minlash davlat siyosatining ustuvor masalasiga aylandi. Bu sohada O‘zbekiston Respublikasi tomonidan 1992 yil 9 dekabrda BMTning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ratifikatsiya qilinishi hamda uning qoidalarini mamlakatimiz milliy qonunchiligiga implementatsiya etilishi muhim qadam bo‘ldi.

Muhokama davomida O‘zbekiston Konvensiya qoidalari bo‘yicha o‘z majburiyatlarining bajarilishini izchil ta'minlab kelayotganligi ta'kidlandi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, onalik, otalik, bolalik va oila davlat himoyasidadir. Mamlakatimizda bolalarning ta'lim olish huquqini ta'minlashga katta e'tibor berilmoqda. Tadbir qatnashchilari bolalar huquqlarini muhofaza qilish sohasidagi davlat siyosati izchil amalga oshirilayotganligi, bunga jamoatchilik keng jalb etilayotganligi natijasida O‘zbekistonda bir qator ijobiy natijalar qo‘lga kiritilganligiga urg‘u berdilar.

Davra suhbatida “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida mamlakatimizda jismoniy sog‘lom, ma'naviy yetuk, har tomonlama uyg‘un va barkamol rivojlangan, mustaqil fikrlaydigan, intellektual salohiyatga, chuqur bilim hamda zamonaviy dunyoqarashga ega, Vatanimizning taqdiri va kelajagi uchun mas'uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazish vazifasini izchil davom ettirish uchun aniq maqsadga qaratilgan keng ko‘lamdagi kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, davlat va jamiyatning barcha kuch hamda imkoniyatlarini shu yo‘lda safarbar etish ko‘zda tutilganligi alohida aytib o‘tildi.

Parlament a'zolari tomonidan ta'kidlanganidek, sog‘lom, har tomonlama rivojlangan avlodni shakllantirish uchun qulay tashkiliy-huquqiy sharoitlarni yaratishga yo‘naltirilgan qonunchilik va normativ bazani yanada takomillashtirish zarur. Zero, bola huquqlarini himoya qilish doimiy e'tiborni, bu ishga mutasaddi bo‘lgan barcha tuzilmalarning kuch-g‘ayratini safarbar qilishni, jamoatchilikni, fuqarolik jamiyati institutlarini faol jalb etishni talab qiladi. Shu bilan birga, ayni shu masala doimo xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining diqqat-e'tiborida bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Davra suhbati yakunlari bo‘yicha uning ishtirokchilari tomonidan bola huquqlarini ta'minlash sohasida parlament tuzilmalari va tegishli muassasalar faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan bir qator tavsiyalar qabul qilindi.

Xalq so'zi gazetasi

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati