O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi parlamentiga va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovda ishtirok etgan xalqaro kuzatuvchilar bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi uchrashuvlar to‘g‘risida

22.12.2014

2014 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning Indoneziya Parlamenti Vakillar palatasining vitse-spikeri Fadli Zon bilan uning O‘zbekiston Respublikasi parlamentiga va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida S.Safoev indoneziyalik mehmonlarni Senat binosida qutlar ekan, do‘stlik munosabatlari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishning poydevori O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimovning 1992 yilda Indoneziyaga qilgan ilk tashrifining birida hamda Indoneziya Prezidenti Suxartoning 1995 yilda O‘zbekistonga qilgan javob tashrifi mobaynida qo‘yilganligini ta'kidlab o‘tdi.

Qo‘mita raisi qayd etib o‘tganidek, Indoneziya parlamenti nufuzli delegatsiyasining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga va hokimiyat vakillik organlariga saylovda xalqaro kuzatuvchilar sifatidagi bunday ishtiroki, shubhasiz, O‘zbekiston bilan Indoneziya o‘rtasidagi munosabatlarni yanada rivojlantirishga, o‘zbek–indoneziya parlamentlararo aloqalarini chuqurlashtirishga xizmat qiladi.

O‘z navbatida, Indoneziya Parlamenti Vakillar palatasining vitse-spikeri Fadli Zon delegatsiya a'zolari nomidan Senatdagi samimiy qabul uchun o‘z minnatdorchiligini bildirdi va Indoneziya tomoni foydalanilmagan ulkan imkoniyatlarga ega bo‘lgan hamkorlikning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirishga muhim ahamiyat berishini ta'kidlab o‘tdi. Shu munosabat bilan Fadli Zon turizm sohasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni alohida qayd etib o‘tdi, chunki O‘zbekiston boy tarixiy-madaniy merosga va ulkan sayyohlik salohiyatiga ega. Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan bu mamlakatda islom sivilizatsiyasi, madaniyat va ma'rifat qaror topgan Samarqand, Buxoro, Xiva singari tarixiy shaharlar mavjud, qolaversa islom dinining butun dunyoga mashhur asoschilarining maqbaralari ham shu makonda joylashgan, o‘lkaning o‘zi esa chindan ham e'tirof etilgan sayyohlik markazlaridan biridir.

21 dekabr – saylov kuni xalqaro kuzatuvchi sifatida MDU filiali, «O‘zbekenergo» DAK binosida va 110-maktabda joylashgan saylov uchastkalariga tashrif buyurdik va to‘liq ishonch bilan aytamizki, dedi Fadli Zon, O‘zbekistondagi parlament saylovi ochiqlik, oshkoralik va demokratik prinsiplarga rioya etilgan tarzda o‘tdi. Ushbu siyosiy voqyea va uning muvaffaqiyatli yakunlari mamlakatni yanada demokratlashtirishda ulkan qadam bo‘ladi va O‘zbekistonda parlamentarizmni rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi, deb ta'kidladi Fadli Zon.

2014 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning Londonning Uoltxem-Forest tumani munitsipaliteti deputati Bernadet Mill bilan uning O‘zbekiston Respublikasi parlamentiga va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekistonda Buyuk Britaniya bilan siyosiy muloqot va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, shu jumladan tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va o‘zaro ishonch ruhini shakllantirishning muhim omili sifatida parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirishga katta ahamiyat berilayotganini S.Safoev ta'kidlab o‘tdi. So‘ngra mehmonlar jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga hamda saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlar va tuzatishlardan xabardor qilindi. Xususan, parlament saylovi yakunlariga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovda deputatlik o‘rniga eng ko‘p ovoz to‘plagan partiya Bosh vazir nomzodini taqdim etishi qayd etib o‘tildi.

O‘z navbatida, Bernadet Mill Senatdagi samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor qilib, u saylov kuni Xorazm viloyatidagi saylov uchastkalariga xalqaro kuzatuvchi sifatida tashrif buyurganini ma'lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, saylovga puxta tayyorgarlik ko‘rilgan, uning alohida qayd etishicha, saylov uchastkalarida tibbiy punktlar, ona va bola xonalari mavjud, u yerda hatto bolalar aravachasi ham bor, saylov uchastkalariga kela olmaganlarga ular o‘z uylarida fuqarolik burchlarini bajarishlari uchun saylov qutilari tayyorlab qo‘yilgan. Bularning barchasi O‘zbekistonda saylovni o‘tkazishga o‘ta mas'uliyat bilan yondashilganligidan dalolat beradi.

Bernadet Millning so‘ziga ko‘ra u saylov uchastkalarining birida mahalliy kuzatuvchi sifatida ishtirok etayotgan mahalla vakili – oqsoqol bilan suhbatlashgan, bu esa uning fikricha, saylov jarayoni ochiq, oshkora va shaffofligidan dalolat beradi. Shu munosabat bilan u O‘zbekistonning tarixiy-madaniy an'analariga, xususan «mahalla» institutini ijobiy baholadi, xususan Bernadet Mill «mahalla» institutini o‘rganishga qiziqish bildirib, Samarqand va Buxoroda ushbu mavzudagi ikkita xalqaro seminarda, boshqa tadbirlarda ishtirok etganini va mahalla kabi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi fuqarolik jamiyatini mustahkamlashning muhim mexanizmi ekanligini qayd etdi.

Suhbat yakunida Bernadet Mill ikki tomonlama parlamentlararo muloqotlar rivojini ijobiy baholab, tomonlar o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik va ishonchni shakllantirishning muhim omili sifatida uni yanada chuqurlashtirish uchun barcha kuch va sa'y-harakatlarini sarflashga va'da berdi.

2014 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning Litva Seymining O‘zbekiston bilan parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha guruhi raisi Valerius Simulik bilan uning O‘zbekiston Respublikasi parlamentiga va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida S.Safoev Valerius Simulikni qutlar ekan, parlament saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki uchun unga minnatdorchilik izhor qildi. U ta'kidlab o‘tganidek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga va hokimiyat vakillik organlariga saylovda Litva vakillarining ishtirok etishi va Litva Seymi parlament delegatsiyasining shu yil iyunida O‘zbekistonga qilgan tashrifi ikki tomonlama munosabatlarning muvaffaqiyatidan, ikki mamlakat parlamenti a'zolarining parlamentlararo aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanligidan dalolat beradi. So‘ngra mehmon parlament saylovi butunlay o‘zga sharoitlarda, yangi qonunlar asosida o‘tkazilganligidan xabardor qilindi. Mamlakatimiz Asosiy Qonuniga hamda saylov to‘g‘risidagi qonunlarga kiritilgan tuzatishlar va o‘zgartishlar saylovning ochiqlik, oshkoralik hamda ko‘ppartiyaviylik prinsiplari asosida, xalqaro tamoyillarga muvofiq ravishda o‘tkazilishi uchun asos bo‘ldi.

O‘z navbatida, Valerius Simulik Senatdagi iliq va do‘stona qabul uchun minnatdorchilik izhor qildi, u har bir saylov jamiyatning demokratik ekanligini imtihon qiluvchi tadbirdir, – dedi, – O‘zbekiston bu imtihondan munosib ravishda, adolatli, haqqoniy va xolis kurash ruhida o‘tib oldi. Litva Seymi deputati saylovda xotin-qizlar soni siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini tashkil etishini alohida ta'kidlab, bu saylov tizimining muvaffaqiyatlaridan biri ekanligini va jamiyatda ayollarning ijtimoiy maqomini oshirishga O‘zbekistonda katta e'tibor berilayotganini qayd etdi. Mehmon O‘zbekistonda atrof muhitni muhofaza qilishga katta e'tibor berilayotganini ham tilga olib o‘tar ekan, u joriy yilning iyun oyida «O‘zbekistonda oziq-ovqat dasturini amalga oshirishning muhim zaxiralari» mavzuidagi xalqaro konferensiya ishida ishtirok etish asnosida buning guvohi bo‘lganini va O‘zbekiston ekologik harakatining o‘n besh deputatlik mandatiga ega ekanligi faktini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shubhasiz, ularning faoliyati kelajakda salmoqli natijalar beradi.

Valerius Simulik saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun Chirchiq shahriga borgan vaqtida Shaulyay va Chirchiq shaharlari o‘rtasida birodarlashgan shaharlar aloqalarini o‘rnatish tashabbusini ilgari surdi. U kelgusi yil bahorida Shaulyay shahri meri lavozimiga bo‘ladigan shahar saylovida ishtirok etishini ma'lum qildi va saylovda g‘alaba qozonsa, o‘z tashabbusini ro‘yobga chiqarish uchun barcha sa'y-harakatini safarbar etishini bildirdi.

Suhbat yakunida Valerius Simulik parlamentlararo aloqalarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasini Litvaga taklif qildi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati