O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

O‘zbekiston Respublikasi parlamentiga saylovda ishtirok etadigan xalqaro kuzatuvchilar bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi uchrashuvlar to‘g‘risida
AXBOROT

20.12.2014

2014 yil 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning Parlament faoliyatining reglamenti va uni tashkil qilish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi Kengashi qo‘mitasi raisi V.Tyulpanov va Federatsiya Kengashi a'zosi V.Pichugov bilan ularning O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga saylovda xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etishlari doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Mamlakat parlamentining yuqori palatasi binosida mehmonlarni qutlar ekan, S.Safoev o‘tayotgan yil ikki tomonlama munosabatlarda muhim voqyealar bilan yakunlanayotganligini ta'kidlab o‘tdi. Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putinning shu yil 10 dekabrda O‘zbekiston Respublikasiga muvaffaqiyatli tashrifi, Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning majlisi va O‘zbekistondagi parlament saylovida Rossiya vakillarining xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etishlari shular jumlasidandir. Bularning barchasi ikki tomonlama hamkorlikning yuqori darajada ekanligidan, tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash maqsadida izchil va samarali ish olib borish uchun tayyor ekanligini namoyon etganligidan dalolat beradi.

Shundan so‘ng Rossiya Federatsiyasidan tashrif buyurgan xalqaro kuzatuvchilar demokratik o‘zgartirishlarni chuqurlashtirish bo‘yicha qonun ijodkorligi ishlari, hokimiyatlarning konstitutsiyaviy prinsip asosida taqsimlanganligi, mamlakatimiz Asosiy Qonuniga kiritilgan tuzatishlar va o‘zgartishlar to‘g‘risida xabardor qilindi. Ta'kidlab o‘tilganidek, bu tuzatishlar va ular asosida qabul qilingan qonunlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining davlat hokimiyati organlari tizimidagi roli va ahamiyatini sezilarli ravishda oshirdi, mamlakat qonun chiqaruvchi organining davlat ichki va tashqi siyosatini shakllantirish hamda ro‘yobga chiqarishdagi o‘rnini, imkoniyatlarini kuchaytirdi.

O‘z navbatida V.Tyulpanov Senatdagi iliq va do‘stona qabul hamda taqdim etilgan axborot uchun samimiy minnatdorchilik izhor qildi, modomiki O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yirik davlat hisoblanar ekan, Rossiya tomoni uni mintaqadagi strategik sherik sifatida baholab, O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga alohida ahamiyat berishini ta'kidlab o‘tdi. Bu borada mehmonlar Rossiya Federatsiyasi Prezidenti V.Putinning yaqinda O‘zbekiston Respublikasiga qilgan tashrifini alohida qayd etdilar. Bu tashrif mamlakatlarimiz va xalqlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirish uchun yangi ulkan omil bo‘ldi.

V.Tyulpanov O‘zbekistonga ilk bor kelganligini ta'kidladi va o‘zbeklarning samimiy mehmondo‘stligini darhol his qilganligini hamda Toshkent shahrining ozodaligi va obodligidan ko‘ngli ko‘tarilganligini, bunday shaharlar dunyoda kam ekanligini aytdi. U O‘zbekistonda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan konstitutsiyaviy maqomni mustahkamlab, juda oqilona qaror qabul qilinganligini qayd etib o‘tdi. Bu uning amaliy va huquqiy mustaqilligini kuchaytiradi. Biz ham Rossiyada shunga intilyapmiz, dedi u. Suhbat yakunida mehmonlar O‘zbekistondagi saylov kampaniyasi faol ravishda, milliy qonun hujjatlariga qat'iy muvofiq holda o‘tayotganligini ta'kidladilar va saylov erkin hamda demokratik tarzda o‘tishiga ishonch bildirdilar.

2014 yil 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoevning Yaponiya Parlamenti Maslahatchilar palatasi deputati Ichiro Sukada va «Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi» Bosh kotibining o‘rinbosari Kiyoxiko Toyama bilan ularning O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga saylovda xalqaro kuzatuvchilar sifatida ishtirok etishlari doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Senat binosidagi suhbat avvalida S.Safoev I.Sukada va K.Toyamani qutlar ekan, Yaponiya Parlamentining oliy darajadagi vakillarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylov davomida xalqaro kuzatuvchilar sifatidagi ishtiroki, bo‘lajak muzokaralar va uchrashuvlar, so‘zsiz, hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytiradi va ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikning yangi istiqbollarini ochadi, deb ta'kidladi. O‘zbekiston Yaponiya bilan parlamentlararo muntazam muloqotni qamrab olgan holda o‘zaro munosabatlarni keng miqyosda chuqurlashtirishni boshlamoqda. Qo‘mita raisi S.Safoev K.Toyamani Yaponiya Parlamentiga qayta saylanganligi bilan tabrikladi.

O‘z navbatida, suhbatdoshlar Senatdagi samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor qildilar, ularning O‘zbekiston parlamenti saylovida xalqaro kuzatuvchilar sifatidagi ishtiroki ikki tomonlama parlamentlararo hamkorlikni mustahkamlashga doir amaliy qadamlarni muhokama qilish uchun qulay imkoniyat ekanligini mamnuniyat bilan ta'kidlab o‘tdilar.

Mehmonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning ijobiy sur'ati o‘ziga xos ekanligini, barcha darajadagi munosabatlar muntazam xususiyatga egaligini qayd etdilar. Shu munosabat bilan ular parlamentlararo aloqalarni rivojlantirish «Yaponiya parlamentining O‘zbekiston bilan do‘stlik ligasi» faoliyatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi, deb ta'kidladilar va Yaponiya hamda O‘zbekiston qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi yaqin hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun barcha kuch va sa'y-harakatlarini sarflashga ishonch bildirdilar.

Xalqaro kuzatuvchilar sifatida mehmonlar O‘zbekistonda mukammal qonunchilik bazasi yaratilganligini va, shubhasiz, haqiqiy demokratik saylovni o‘tkazish uchun barcha zarur tashkiliy-huquqiy sharoitlar yetarli ekanligini ta'kidlab o‘tdilar. Fursatdan foydalanib, mehmonlar o‘tgan haftada Yaponiyada parlament saylovi oshkoralik, ochiqlik va xolislik prinsiplariga rioya etilgan holda bo‘lib o‘tganligini aytdilar.

Suhbat yakunida I.Sukada va K.Toyama ular guvohi bo‘layotgan katta tayyorgarlik ishlari ertangi saylovning O‘zbekiston qonun hujjatlariga muvofiq hamjihatlik bilan o‘tkazilishi haqida hozirdanoq ishonch bilan aytishga asos bo‘lishini ta'kidladilar.

2014 yil 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi raisi A.Altievning Vena shahri parlamenti vitse-prezidenti, deputat Dozzir Yoxan Xersog bilan uning O‘zbekiston parlamenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuv avvalida Qo‘mita raisi A.Altiev Y.Xersogni Senatga tashrifi bilan qutlar ekan, O‘zbekistonda Avstriya bilan siyosiy muloqotni va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga, shu jumladan parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirishga muhim ahamiyat berilayotganligini ta'kidlab o‘tdi.

So‘ngra mehmon parlament saylovi butunlay yangi sharoitlarda, yangilangan qonun hujjatlari asosida o‘tkazilayotganligi haqida xabardor qilindi. Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘lajak saylovning ochiq-oshkoralik, o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etish va ko‘ppartiyaviylik prinsiplari asosida, xalqaro standartlarga muvofiq holda o‘tkazilishi uchun asos bo‘ldi.

O‘z navbatida, Y.Xersog Senatdagi samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor qildi, u bo‘lajak saylov, shubhasiz, O‘zbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim siyosiy voqyea ekanligini ta'kidladi. Saylov aksariyat xorijiy mamlakatlarda, shu jumladan bizda – Avstriyada ham katta qiziqish uyg‘otmoqda, dedi mehmon. Uning aytishicha, O‘zbekistonga besh yil avval kelgan ekan, hozirda u katta o‘zgarishlarning guvohi bo‘ldi. Uning fikricha, O‘zbekiston barcha sohalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi, xalqning turmush farovonligi oshib bormoqda, o‘tkazilayotgan siyosiy va iqtisodiy islohotlar yuksak bahoga loyiq.

Y.Xersog joriy yilning 21 dekabrida, ertaga bo‘lib o‘tadigan saylov muvaffaqiyatli tarzda o‘tishiga ishonch bildirdi, chunki O‘zbekiston boy tarixi, xalqining ko‘p asrlik an'analarini hisobga olgan holda, shuningdek jahon tendensiyalariga muvofiq fuqarolik jamiyatini rivojlantirish yo‘lini tanladi.

2014 yil 20 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senat Devonining Xalqaro aloqalar bo‘limi mudiri O.Mirzaevning Germaniya Bundestagi Xristian demokratik ittifoqi fraksiyasi referenti Andreas Yan bilan uning O‘zbekiston parlamenti saylovida xalqaro kuzatuvchi sifatidagi ishtiroki doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat avvalida O.Mirzaev Andreas Yanni Senat binosida qutlab salomlashar ekan, unga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga saylovga tayyorgarlik jarayoni to‘g‘risida gapirib berdi va saylov kampaniyasi sifat jihatdan yangi sharoitlarda, saylov to‘g‘risidagi yangilangan qonun hujjatlari asosida, xalqaro standartlarga muvofiq o‘tkazilayotganligini qayd etib o‘tdi.

O‘z navbatida, A.Yan Senatdagi samimiy qabul uchun minnatdorchilik izhor qildi va Bundestagda O‘zbekiston bilan parlamentlararo aloqalarga muhim ahamiyat berilayotganligini hamda O‘zbekistonda parlamentarizmni mustahkamlashga ko‘maklashish maqsadida birgalikda dasturlar ishlab chiqish, tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirishga va parlament a'zolari hamda devonlar xodimlari o‘rtasida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanligini qayd etib o‘tdi.

A.Yan xavfsizlik masalalaridagi hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi va O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatish masalalaridagi tashabbuskorlik harakatini alohida ta'kidladi. Buning ijobiy tomoni shundaki, O‘zbekiston, uning fikricha, tegishli masalalarning jahon hamjamiyati tomonidan hal qilinishini kutib o‘tirmaydi, Afg‘onistonga energiya ta'minoti, transport kommunikatsiyalarini rivojlantirish va boshqa masalalarda katta miqdorda iqtisodiy yordam ko‘rsatmoqda.

A.Yan xalqaro kuzatuvchi sifatida Samarqand shahridagi saylovni kuzatishni rejalashtirmoqda va saylov muvaffaqiyatli tarzda o‘tishiga ishonchi komil. Mazkur siyosiy voqyea O‘zbekistonda parlamentarizmni yanada rivojlantirishda katta rol o‘ynaydi, deb ta'kidlamoqda A.Yan.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati