O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Belgiya Qirolligining faxriy senatori Dominik Tilmans bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatidagi uchrashuv to‘g‘risida
AXBOROT

19.12.2014

2014 yil 19 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Senatning Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi S.Safoev bilan Belgiya Qirolligining senatori Dominik Tilmansning O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovida xalqaro kuzatuvchi maqomida ishtirok etishi doirasidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

S.Safoev mehmonni qutlar ekan, O‘zbekiston va Belgiya parlamenti a'zolari o‘rtasidagi doimiy, bevosita suhbat va shaxsiy muloqotning muhimligini, u parlamentlararo aloqalarni va umuman O‘zbekiston–Belgiya o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish imkonini berajagini ta'kidlab o‘tdi.

Mehmonlarga parlamentga saylov sifat jihatdan yangi ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy sharoitlarda, takomillashtirilgan saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari asosida, umum e'tirof etilgan xalqaro standartlar va demokratik talablarga muvofiq o‘tkazilishi to‘g‘risida axborot berildi. Xususan, parlament saylovi yakunlariga ko‘ra eng ko‘p ovoz to‘plagan partiya Bosh vazir nomzodini taqdim etadi, bu esa demokratiyaning yorqin dalili hisoblanadi.

D.Tilmans Senatdagi iliq va samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirib, O‘zbekistonga ilk tashrifini mamnuniyat bilan esga olishini, Samarqand shahriga tashrifi davomidagi ajoyib taassurotlari, u yerdagi «Fuqarolik institutlari va normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasi: qonun ijodkorligini demokratlashtirish masalalari» mavzuidagi xalqaro ilmiy-amaliy seminardagi ishtiroki to‘g‘risida so‘zlab berdi.

Har safar mamlakatingizga tashrif buyurganimda o‘zgarishlarning guvohi bo‘layapman, deb aytdi u. Mamlakat Prezidenti rahbarligida jamiyatni demokratlashtirish va yangilash jarayonlari bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Ozarbayjon va Armanistonda yaratilgan «oligarxiya asosidagi ijtimoiy tuzum»dan farqli ravishda O‘zbekistonda to‘laqonli o‘rta sinfning shakllantirilganligi buning yorqin dalilidir.

D.Tilmans saylov kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovni kuzatish maqsadida Farg‘ona viloyatiga borishni rejalashtirayotganini aytdi. Belgiya senatori bo‘lajak saylov adolatlilik, ochiq-oshkoralik asosida va haqqoniy, xolis kurash ruhida o‘tishiga ishonch bildirdi.

Suhbat yakunida D.Tilmans Belgiya tomonining ikki tomonlama parlamentlararo aloqalarning yangidan o‘rnatilishi va yanada rivojlantirilishidan manfaatdor ekanligini bildirib, kelajakda bu aloqalarni izchil rivojlantirish uchun barcha kuch va sa'y-harakatlarini sarflashga va'da berdi.

O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Matbuot xizmati

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati