O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Muruvvat va insonparvarlikning yuksak namunasi

19.11.2014

Prezidentimiz taqdimnomasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma ikki yilligi munosabati bilan amnistiya to‘g‘risida”gi Qarori e'lon qilindi.

Bu Qaror nafaqat demokratik jamiyatning ustuvor tamoyillarini, shu bilan birga, milliy qadriyatlarimiz — muruvvat va insonparvarlikning nozik qirralarini ham o‘zida mujassam etgan. Muxbirimiz davlat va jamoat tashkilotlari vakillarining mazkur hujjat, umuman, har yili e'lon qilib kelinayotgan amnistiya aktlarining jamiyat hayotida tutgan ahamiyati haqidagi fikrlari bilan qiziqdi.

— Mamlakatimizda Konstitutsiyamizning 80-moddasi 10-bandiga hamda 93-moddasi 23-bandiga asosan an'anaviy tarzda qabul qilinayotgan amnistiya aktlari bilan mahkumlarni nafaqat jazodan ozod qilish yoki ozodlikka chiqarish, oilasi bag‘riga qaytarish, balki ularning sog‘lig‘ini mustahkamlash, turmush sharoitini yaxshilash hamda ishga joylashtirish choralari ko‘rilmoqdaki, bularning barchasi yurtimizda fuqarolarning huquq va manfaatlarini ishonchli tarzda himoya qilishga qaratilgan izchil demokratik islohotlar amalga oshirilayotganidan dalolatdir, — deydi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Inson huquqlarini himoya qilish va yuridik ta'minlash boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Turg‘unov. — Amnistiya mahkumlarni yoki bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan shaxslarni jazodan ozod qilishdan tashqari, ular tufayli jabr tortadigan oilalarni va ushbu maskanlarda ulg‘ayayotgan o‘g‘il-qizlar kelajagini turli salbiy ta'sirlardan himoya qilishga qaratilgani bilan ham nihoyatda ahamiyatlidir. Shu o‘rinda bunday insonparvarlik va bag‘rikenglik siyosati bois o‘tgan yillar davomida bilib-bilmay jinoyatga qo‘l urgan, ayni vaqtda qilmishidan qattiq pushaymon bo‘lgan ko‘plab hamyurtlarimiz hayotida muhim burilish yasaganini alohida qayd etish joiz.

— Ma'lumki, oilada xotin-qizlarning o‘rnini hyech kim bosa olmaydi, — deydi O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish guruhi rahbari Dilbar Alimjonova. — Ularning saranjom-sarishtaligi, ayniqsa, onalik burchi va oiladagi bosh tarbiyachilik vazifalarini hyech narsa bilan solishtirib bo‘lmaydi. Shu boisdan amnistiya aktlarida jinoyat yo‘liga adashib kirib qolgan va o‘z qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lib, to‘g‘ri xulosa chiqargan xotin-qizlar oilasi bag‘riga qaytarilishiga alohida e'tibor qaratib kelinmoqda. Shu bilan birga, ularning jamiyatdan munosib o‘rin egallashida ham ko‘mak berilayotir.
Aniq aytganda, bunday ayollar sog‘lig‘i nazorat qilinib, ishga joylashishlarida yordam ko‘rsatilmoqda. Bu amaliyot o‘zini to‘la oqlayapti. O‘tgan yillarda ozodlikka chiqarilgan ko‘plab xotin-qizlar bugun oilasi farovonligi hamda jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgani buning bir misolidir. Muhimi, bugungi kunda ular oila bekasi sifatida yoshlar tarbiyasi bilan shug‘ullanmoqdalar.

— Jinoyat sodir etgan paytda 18 yoshga to‘lmagan shaxslarga muruvvat ko‘rsatish ham amnistiya aktining muhim jihatlaridan hisoblanadi, — deydi Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklarning oldini olish bosh boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i, podpolkovnik Islomiddin Xoliqov. — Gap shundaki, dunyoqarashi, huquqiy ongi endigina shakllanayotgan yoshlarni ozodlikdan mahrum qilish bilan asosiy maqsadga erishish qiyin. Aksincha, jazo muqarrarligini turli vositalar yordamida tushuntirish ayni muddaodir. Amnistiya ana shunday maqsadlarni ko‘zda tutadi. Keyingi yillarda qabul qilingan amnistiya hujjatlari natijalari asosida aytadigan bo‘lsak, bu amalda yuqori samara bermoqda. Voyaga yetmaganlarni ota-onalar yoki homiylik va vasiylik organlari nazoratiga topshirish, zarur hollarda tegishli ta'lim muassasalariga yuborish choralari ko‘rilayotgani bunda muhim omil bo‘layapti. Shuningdek, prokuratura, sud, ichki ishlar idoralari, sog‘liqni saqlash muassasalari, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, “Mahalla” xayriya jamoat fondi va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

— Mazkur Qarorga mahkumni yoki jinoyat sodir qilgan shaxsni jazodan ozod etishni ko‘zda tutuvchi hujjat sifatidagina qaramaslik kerak, — deydi Shayxontohur tumanidagi “Shofayzi” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Baxtiyor Shamsiddinov. — U jazodan ozod qilingan shaxslarning hayotda o‘z o‘rnini topishlarida muhim rol o‘ynaydi. Chunonchi, shu hujjat ijrosini ta'minlash maqsadida har yili joylarda huquq-tartibot idoralari, sudlar, mahalliy davlat hokimiyati, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari rahbarlaridan iborat hududiy komissiyalar tashkil etilib, ular tomonidan ozodlikka chiqqan shaxslarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotir. Avvalo, kasallikka chalingan shaxslar davolash muassasalari, yolg‘izlar nogironlar va qariyalar uylariga joylashtirilayapti. Voyaga yetmaganlar esa ota-onalari yoki vasiylik va homiylik organlariga yuborilmoqda. Ayni chog‘da bunday shaxslar mahalla fuqarolar yig‘inlari faollari tomonidan qo‘llab-quvvatlab kelinayapti. Bu esa ularning hayotga tez moslashishi, o‘z o‘rinlarini topishi uchun kafolat bo‘lib xizmat qilmoqda.
Muxtasar aytganda, Oliy Majlis Senatining amnistiya haqidagi bu yilgi Qarori ham xalqimizga xos bag‘rikenglik va insonparvarlikning yana bir yuksak ifodasi bo‘ldi.

Zokir XUDOYSHUKUROV
Xalq so‘zi gazetasi

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati