O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati

 

Buyuk Britaniya delegatsiyasining uchrashuvlari

16.04.2014

Mamlakatimizga tashrif buyurgan Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va Hamdo‘stlik masalalari bo‘yicha katta davlat vaziri Saida Varsi 16-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida muzokara o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston bilan Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik qator jabhalarda, jumladan, parlamentarizm sohasida ham izchil taraqqiy etayotgani, mazkur yo‘nalishdagi aloqalarni yanada kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Buyuk Britaniya parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha guruhi hamda Buyuk Britaniya parlamentining “Britaniya-O‘zbekiston” umumpartiyaviy guruhi o‘rtasida imzolangan anglashuv memorandumi parlamentarizm sohasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarni kengaytirishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida parlamentlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Jamiyatni rivojlantirishda parlamentning o‘rni kengayib borayotgani qayd etildi.

– O‘zbekistonda mamlakatni demokratlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi Saida Varsi. – Buyuk Britaniya O‘zbekiston bilan bu yo‘nalishda faol tajriba almashish tarafdori.

Buyuk Britaniya delegatsiyasi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ham muzokara o‘tkazdi.

Русский | Ўзбекча

Copyright © 2005 O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati